Buxoro neftni qayta ishlash zavodining quvvati 4,6 mln tonnaga yetkazilib, «Yevro-5» benzini ishlab chiqariladi
«Yevro-5» ekologik standartiga javob beradigan AI-92 va AI-95 rusumli avtobenzin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qiymati 328 million dollarlik loyiha ishlab chiqilgan.
© uz.kursiv.mediaBuxoro neftni qayta ishlash zavodida umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan modernizatsiya va kengaytirish loyihalari amalga oshiriladi. Natijada korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 4,6 million tonnaga yetkazilib, ekologik toza «Yevro-5» standartidagi avtobenzin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga Buxoro neftni qayta ishlash zavodining joriy faoliyati va quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha rejalar yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, taqdimot davomida loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, quvvatlardan to‘liq foydalanish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
328 million dollarlik loyiha va «Yevro-5» standarti
Korxonani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida «Yevro-5» ekologik standartiga javob beradigan AI-92 va AI-95 rusumli avtobenzin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qiymati 328 million dollarlik loyiha ishlab chiqilgan. Uning doirasida mavjud texnologik jarayonlarni takomillashtirish va yangi ishlab chiqarish qurilmalarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida yiliga 1,1 million tonna «Yevro-5» standartidagi avtobenzin ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, import qilinadigan yoqilg‘i qo‘shimchalari xarajatlaridan yiliga 150 million dollargacha mablag‘ tejalishi hamda 200 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda. Rejaga ko‘ra, mazkur loyiha 2029 yilning ikkinchi choragida ishga tushirilishi mo‘ljallangan.
Qiymati 1,8 milliard dollarlik istiqbolli kengaytirish dasturi
Zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha taqdim etilgan istiqbolli loyihaning qiymati, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,8 milliard dollarni tashkil etadi. Ushbu loyiha doirasida neftni zamonaviy qayta ishlash va neft-kimyo texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.
Natijada zavodda ishlab chiqariladigan neft mahsulotlarining umumiy yillik hajmini hozirgi 2,1 million tonnadan 4,6 million tonnaga yetkazish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Jumladan, avtobenzin ishlab chiqarish 2,7 million tonnaga, dizel yonilg‘isi 1,24 million tonnaga, aviakerosin esa 500 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, benzol va boshqa neft-kimyo mahsulotlarini o‘zlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Qurilish ishlarini 2028 yilda boshlash mo‘ljallangan bo‘lib, loyihani amalga oshirishda Xitoy, Fransiya, AQSH va Ozarbayjonning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik qilinishi ma’lum qilindi.
Korxonaning joriy moliyaviy va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari
1997 yilda ishga tushirilgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi bugungi kunda mamlakat yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida muhim o‘rin tutadi va unda 3,2 mingdan ziyod kishi mehnat qiladi. Korxona yiliga 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash loyihaviy quvvatiga ega.
Taqdimotda berilgan axborotga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyida 1,5 million tonnadan ziyod xomashyo qayta ishlanib, qariyb 1,5 million tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu davrda sof foyda 2,2 trillion so‘mni tashkil etgan. Yil yakuniga qadar esa xomashyoni qayta ishlash hajmini 2,17 million tonnaga, neft mahsulotlari ishlab chiqarishni 2,12 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.





