Ko‘p gaz sotib olayotgan O‘zbekiston — hafta dayjesti
Metan «zapravka»lar yopilishi mumkin, Qashqadaryoda bolalar suv kechib maktabga boryapti. Chetdan telefon olib kirganda to‘lanadigan bojlar bekor qilinishi mumkinligi aytildi, o‘zi IMEI mojarosi qanday kelib chiqdi? Rossiyada qochoq maqomini so‘raganlar orasida o‘zbekistonliklar ko‘pchilikni tashkil etdi. Migrantlar ko‘proq pul yubordi, ammo Moskva yangi yildan ular to‘laydigan soliqlarni oshirmoqchi. Shu va boshqa yangiliklar bilan Vaqt.uz dayjestida tanishing.
Siz qayerda yashaysiz? Farzandlaringiz maktabga qanday boradi — metroda, avtobusda, mashinada yoki eshakda? Ha, eshak deganimga hayron bo‘lmang. O‘zbekistonda hali ham bolalar maktabga eshak minib, loy ko‘chalarni bosib yoki suv kechib borishga majbur bo‘layotgan hududlar bor.
Tasavvur qiling: farzandingizning yelkasida maktab sumkasi, oldida esa yo‘l emas — sel suvi. U bilim olish uchun maktabga ketyapti, lekin avval xavf-xatardan o‘tishi kerak.
Qashqadaryoda bolalar suv kechib maktabga boryapti
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanining Jingil qishlog‘ida bolalar sel suvidan o‘tib maktabga ketayotgani aks etgan video tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, sel suvi yo‘lni bosib o‘tgan, bolalarni esa kattalar ko‘tarib, suvdan olib o‘tgan. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqovning ma’lum qilishicha, mas’ul tashkilotlar vaziyatdan xabardor. Uning so‘zlariga ko‘ra, hudud mavsumiy sel suvlari oqib o‘tadigan tabiiy o‘zan hisoblanadi.
Mas’ullar bolalarning xavfsizligini ta’minlash va muammoning doimiy yechimini topish ustida ishlayotgani aytilmoqda. Ammo aholini mas’ullarning vaziyatdan xabardorligi emas, muammoning qachon va qanday hal qilinishi qiziqtiradi. Bolalar yana necha marta shu suvdan o‘tishi kerak? Hozircha muammoning aniq yechimi va muddati haqida ma’lumot yo‘q.
Ishlatilayotgan bemor bolalar
Bolalar bilan bog‘liq yana bir holat esa tibbiyot muassasasida kuzatildi. Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazida bemor bolalar devorlarni tozalayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, voqea 2026-yil 11-noyabr kuni sodir bo‘lgan. Markazning xo‘jalik bekasi ertalab soat 07:20 da ishga kelib, yo‘lak devorlarida oyoq izlarini ko‘rgan. Shundan so‘ng iz qoldirgan bolalarni devorlarni tozalashga jalb qilgan.
Vazirlik holatni o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilgani va tekshiruv yakunida mas’ul xodimlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini bildirgan. Biroq hozircha qanday choralar ko‘rilgani rasman e’lon qilinmagan.
Bu yerda savol faqat bolalarga devor tozalatish mumkin yoki mumkin emasligida emas. Gap davolanishi kerak bo‘lgan bolalarga qanday munosabatda bo‘linayotganida. Tibbiyot muassasasiga sog‘lig‘ini tiklash uchun borgan bola nega devordagi izlar uchun javobgar bo‘lishi kerak?
Erkinjon Turdimov
Erkinjon Turdimov ish boshida ekani uning chiqishlari, bayonotlaridan bilinadi. Yangi ta’lim vaziri bu haftada muhokama markazida bo‘ldi. Albatta, u ham yuqoridagi holatni ko‘rgani aniq. Hafta boshida Ta’lim va ilm-fan vazirligida davlat oliygohlari rektorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda ta’lim sifati, bitiruvchilar bandligi, talabalar turar joylari, energiya tejamkorligi, xalqaro hamkorlik va kadrlar masalalari muhokama qilindi.
Vazir maktablardagi davomat masalasiga to‘xtalgan. Uning aytishicha, bugun maktablarda davomat 50 foizga ham yetmayapti. Sirdaryo viloyatida ishlagan davrida ichki ishlar organlari yordamida davomatni 80 foizga ko‘targan. Biroq ayrim o‘quvchilar pul topish uchun ishlashi, boshqalari esa maktabga bormasdan repetitorlar yoki o‘quv markazlarida ta’lim olishi sababli ko‘rsatkichni bundan yuqoriga olib chiqish qiyin bo‘lgan.
Turdimovning fikricha, davomatni yaxshilash uchun o‘quvchilarni maktabga qaytarish bilan birga, ta’lim sifatini ham oshirish kerak. Aks holda, davomatni 100 foizga yetkazish imkonsiz. Shuningdek, Toshkentda sinovdan o‘tkazilayotgan raqamli kuzatuv tizimini butun respublikada joriy etish rejalashtirilmoqda. Vazirning bu yig‘ilishidan so‘ng tarmoqlarda besh rektor lavozimidan olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq vazir Erkinjon Turdimov bu ma’lumotni rad etdi.
«Bittasini ham ishdan olmadim. Beshta emas, to‘rtta rektorni qattiq ogohlantirdim», — degan u jurnalist Karimberdi To‘ramurodga bergan intervyusida.
Vazirlikda maxsus ishchi guruh tuzilgani, rektorlarning lavozimda qolishi yoki qolmasligi uning xulosasi asosida hal qilinishini bildirgan. Vazirning bu gaplaridan bir necha kun o‘tib, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir Usmonov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov hamda Samarqand davlat chet tillari instituti rektori Bahodir Xoliqov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani rasmiy OAVlarda e’lon qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, Botir Usmonov 9-noyabr kuni o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozib, lavozimidan ozod etilgan. Hozirda rektor vazifasi Toyir Safarovga yuklatilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov ham lavozimini tark etgan. Universitet rasmiy saytida keltirilgan va «Daryo» manbasi tasdiqlagan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda rektor vazifasini Muhammad Chutpo‘latov bajarib turibdi.
Shu bilan birga, Samarqand davlat chet tillari instituti rektori Bahodir Xoliqov ham ishdan ketgan. Institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Umid Jumanazarov rektor vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan.
Metan «zapravka»lar yopilishi mumkin
Noyabr kelishi bilan havo soviy boshladi. Agar sovuq kunlarda oilangizdagi erkaklar uyga kech kela boshlasa, xavotir olmang — metan «zapravka»da navbat kutishayotgan bo‘lishi mumkin. Energetika vazirligi sovuq tushishi bilan metan «zapravka»larda yana cheklovlar joriy etilishi mumkinligini ma’lum qildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, sovuq kunlarda tabiiy gaz taqsimotida aholi xonadonlari, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga ustuvorlik beriladi. Shu sabab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari — metan «zapravka»lar faoliyati vaqtincha cheklanishi mumkin. Cheklovlar hokimliklar bilan kelishilgan jadval asosida joriy etilishi, haydovchilar esa bu haqda oldindan xabardor qilinishi aytilmoqda.
Bu yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida dekabr va yanvar oylarida foydalanish uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.
Ko‘p gaz sotib olayotgan O‘zbekiston
Metan «zapravka»lardagi ehtimoliy cheklovlar fonida yana bir savol tug‘iladi: mamlakatda gaz qazib olish va import-eksport ko‘rsatkichlari qanday o‘zgaryapti?
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekiston 1,6 milliard dollarlik gaz import qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 50 foiz ko‘p. Gaz eksporti esa 34,5 foizga kamayib, 357,9 million dollarni tashkil etgan. Ayniqsa, sentabr oyida import keskin oshgan: bir oyda 389,2 million dollarlik gaz sotib olingan. Avgustda bu ko‘rsatkich 206,1 million dollar edi.
Xitoy ham O‘zbekistondan gaz xaridini kamaytirgan. Yanvar-sentabr oylarida Xitoyga gaz yetkazib berish qiymati 43,9 foizga qisqarib, 356,1 million dollarga tushgan. Natijada gaz importi va eksporti qiymati o‘rtasidagi salbiy farq 1 milliard 247 million dollarga yetgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 524,5 million dollar edi. Buning fonida mamlakatda tabiiy gaz qazib olish ham kamaygan. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida 27 milliard kub metr gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,4 foiz kam.
IMEI mojarosi
Chetdan telefon olib kirganda to‘lanadigan bojlar bekor qilinishi mumkin, faqat bu Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish arafasida amalga oshishi kutilmoqda. Agar bojlar bekor qilinsa, davlat budjeti daromadlarini yiliga 300–400 milliard so‘mga kamaytirishi mumkin. Buni Bojxona qo‘mitasi vakili Farhod Olimjonov IMEI mojarosidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytgan. Keling, o‘zi nima bo‘lganini bir boshdan gaplashamiz.
Hafta davomida UzIMEI tizimi atrofidagi muammolar keng muhokama qilindi. Tarmoqlarda Toshkent aeroportida xorijdan kelgan yo‘lovchilarning telefonlari tekshiruv uchun 30 kungacha olib qolingani, qurilmani bir kunda qaytarib olish uchun esa 400 dollardan 1100 dollargacha to‘lov talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bojxona qo‘mitasi nazorat kuchaytirilishiga ayrim telefonlarda soxta yoki boshqa qurilmalarga tegishli IMEI-kodlardan foydalanish holatlari sabab bo‘lganini bildirdi. Yil boshidan buyon Toshkent aeroportida qiymati 8,8 milliard so‘mlik 1185 ta telefonning noqonuniy olib kirilishiga oid 185 ta holat aniqlangan.
10-noyabr kuni telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish vaqtincha to‘xtatildi. Bunga tekshiruvlar uchun zarur mutaxassislar va texnik imkoniyatlar yetishmagani sabab qilib ko‘rsatildi. 11-noyabr kuni esa rasmiylashtirish qayta tiklanib, vaqtincha olib qolingan telefonlarni egalariga qaytarish boshlandi. Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev esa yuzaga kelgan uch kunlik noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr so‘radi. Xullas, jamoatchilik noroziligidan so‘ng, Bojxona va UzIMEI xodimlari hamkorlikda O‘zbekistonga kirib kelayotgan har bir telefonni tekshirib, darhol egasiga berishni joriy qildi.
Narkotik tarqatgan er-xotin ushlandi
Bu hafta Toshkent shahri va viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 2 kilogramm opiy ekstrakti, 550 gramm gashish va 100 gramm mefedron musodara qilindi. IIV ma’lumotiga ko‘ra, buning natijasida 26 ming 300 doza narkotik moddaning aholi orasida tarqatilishining oldi olingan. Jumladan, Sergeli tumanida narkotik moddalarni «zakladka» usulida tarqatgan er-xotin va ularning sherigi qo‘lga olingan. Keyingi tekshiruvlarda Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlaridagi xonadonlardan ham narkotik moddalar, elektron tarozilar va ularni qadoqlash uchun ishlatiladigan paketlar topilgan. Tezkor tadbirlar Qibray tumanida ham davom ettirilgan.
Yana bir tezkor tadbir Toshkentning Yangixayot va Yashnobod tumanlari hamda Qo‘qon shahrida o‘tkazildi. Bu safar narkotiklarni «zakladka» usulida tarqatgan ikki kishi Toshkentda, yana uch kishi esa Qo‘qonda qo‘lga olingan. Qo‘qonda gumonlanuvchilar 1 kilogramm gashishni xaridorga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Tadbirlar natijasida jami 1,5 kilogramm gashish va 24 dona kuchli ta’sir qiluvchi «Regapen» dori vositasi musodara qilingan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, musodara qilingan gashish 7415 dozaga teng.
Yuqorida aytilgan barcha holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Rossiyadagi qochoq o‘zbekistonliklar
Bu xabar sizni hayron qoldirishi mumkin, lekin Rossiyada qochoq maqomini so‘raganlar orasida o‘zbekistonliklar ikkinchi o‘rinda. 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida 43 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada qochoq deb tan olinishni so‘rab murojaat qilgan. Bu Rossiya Ichki ishlar vazirligi bergan statistik ma’lumotlarda bayon etilgan. Hisobot davrida jami 193 nafar xorijlik Rossiyada qochoq maqomini so‘ragan. Eng ko‘p murojaat Ukraina fuqarolaridan kelib tushgan — 52 ta. O‘zbekiston fuqarolari 43 ta murojaat bilan ikkinchi, Tojikiston fuqarolari esa 21 ta murojaat bilan uchinchi o‘rinda.
2022-yildan 2026-yilning sentabrigacha bo‘lgan davrda esa jami 1254 nafar xorijlik Rossiyada qochoq deb tan olinishni so‘ragan. Ularning 332 nafari Afg‘oniston, 301 nafari Suriya, 158 nafari Ukraina va 69 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.
Rossiyada migrantlar ko‘paygani sari hukumat moliyaviy talablarni kuchaytirmoqda. 2027-yil 1-yanvardan Rossiyada ayrim toifadagi xorijlik ishchilar uchun belgilangan oylik daromad solig‘i to‘lovi oshadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin imzolagan qonunga ko‘ra, migrantning qaramog‘idagi har bir voyaga yetmagan farzand uchun asosiy to‘lovga yana 50 foiz qo‘shiladi. Masalan, asosiy oylik to‘lovi 10 ming rubl bo‘lgan migrant bir farzandi uchun 15 ming, ikki farzandi uchun 20 ming, uch farzandi uchun esa 25 ming rubl to‘laydi. Bu — misol tariqasidagi hisob-kitob. Amaldagi to‘lov miqdori hudud va migrantning ish toifasiga qarab farq qilishi mumkin.
Yangi tartib farzandlikka olingan va vasiylikka olingan bolalarga ham tegishli. Agar ota-onaning ikkalasi ham xorijlik bo‘lib, belgilangan oylik to‘lovni amalga oshirsa, qo‘shimcha to‘lovni o‘zaro kelishuvga ko‘ra ulardan biri to‘lashi mumkin.
Rossiya migrantlarning daromadini nazorat qilishni ham kuchaytirmoqda. 2026-yil 1-oktabrdan Federal soliq xizmati xorijliklarning daromadlari haqidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligiga har uch, olti, to‘qqiz va o‘n ikki oylik davrlar bo‘yicha taqdim etmoqda. Bu ma’lumotlar migrantning qonuniy ishlayotgani va o‘zini hamda qaramog‘idagi oila a’zolarini ta’minlash uchun yetarli daromadga ega ekanini tekshirishda ishlatiladi. Daromad yetarli bo‘lmagan ayrim holatlarda migratsiya ruxsatnomasini berish rad etilishi yoki avval berilgan ruxsatnoma bekor qilinishi mumkin. Qonunda istisnolar ham nazarda tutilgan. Yangi tartiblarning asosiy qismi 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Migrantlar yuborayotgan pullar
Rossiyada migrantlarga tartiblar kuchayishda davom etayotgan bir vaqtda barcha qora ko‘z mehnat migrantlari yashab qolishga va oilasini boqishga urinmoqda. 2026-yil yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan 15,17 milliard dollar pul o‘tkazilgan. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,9 foiz ko‘p.
Taqqoslash uchun, 2024-yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakatga 11,3 milliard dollar, 2025-yilda esa 13,9 milliard dollar kelib tushgan. Shu davrda O‘zbekistondan xorijga yuborilgan pul miqdori esa deyarli o‘zgarmagan — 1,95 milliard dollar. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 1,93 milliard dollar edi.
To‘lanmagan jarimalar va jarima maydonchasi
O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini rasmiylashtirish va jarimalarni undirishning yangi tartibi belgilanmoqda. Yangi qoidalarga ko‘ra, jarimani 60 kun ichida to‘lamagan haydovchining avtomobili jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin.
Biroq haydovchi inspektor to‘xtatgan paytda qarzdorlikni elektron to‘lov tizimi, mobil ilova yoki bank orqali to‘liq to‘lasa, avtomobil ushlab turilmaydi.
Yana bir muhim o‘zgarish — inspektorlarning jarimani joyida naqd yoki boshqa shaklda undirishiga qat’iyan yo‘l qo‘yilmaydi. Ma’muriy bayonnomalar asosan elektron shaklda rasmiylashtiriladi, haydovchining shaxsi esa biometrik tizim orqali aniqlanishi mumkin. Jarimani muddatida to‘laganlar uchun chegirmalar ham saqlanadi: qaror topshirilganidan keyin 15 kun ichida 50 foizini, 30 kun ichida esa 70 foizini to‘lash mumkin. Ayrim takroriy qoidabuzarliklar va og‘ir holatlarda bu imtiyozlar qo‘llanmaydi.
Bundan tashqari, ayrim qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi. Bir qoidabuzarlik uchun ko‘pi bilan 2 ball beriladi. Bir yil ichida 12 balldan ortiq to‘plagan haydovchining ishi qo‘shimcha jazo masalasini ko‘rib chiqish uchun sudga yuboriladi. Yangi tartib 2027-yil yanvar oyida kuchga kirishi belgilangan.
Pora olgan «zamhokim»
Bu hafta pora olganlikda gumonlanayotgan «zamhokim»lar haqidagi xabarlar ko‘p bo‘ldi. Kimdir pul, kimdir telefon bilan tushgani aytildi. Ulardan biri — Andijon viloyatida. Paxtaobod tumani hokimi o‘rinbosari va kadastr xizmati xodimi vositachi orqali 30 ming dollar olayotganda qo‘lga tushdi. DXXga ko‘ra, ular tadbirkorga 50 sotixli yer uchastkasini onlayn auksionda arzonlashtirilgan narxda yutib berishni va’da qilgan. Mancabdor shaxslar o‘zaro til biriktirib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirgan. Ular tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 50 sotix maydondagi yer uchastkasini arzonlashtirilgan narxda olish uchun o‘tkaziladigan onlayn auksionda g‘oliblikni ta’minlab berish evaziga 100 ming dollar talab qilgan.
Gumonlanuvchilar uchinchi shaxs orqali 30 ming dollarni olayotgan vaqtda qo‘lga tushgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» va «g» bandlari (xizmat mavqeidan foydalangan holda juda ko‘p miqdorda firibgarlik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Farg‘onada esa hokim yordamchisi iPhone’ni pora sifatida olayotganda ushlandi. Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Beshariq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda «Qo‘rg‘oncha» MFY bo‘yicha hokim yordamchisi D.X. fuqaro M.Y.ga tijorat bankida ishlovchi tanishlari orqali 150 million so‘mlik kredit ajratib berishi evaziga iPhone 17 Pro Max rusumli uyali aloqa vositasini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu hafta prezident nimalar qildi?
Hafta boshida davlat rahbari elektrotexnika sanoatidagi tadbirkorlar va xorijiy investorlar bilan muloqot qildi. So‘nggi o‘n yilda sohaga 2 milliard dollar investitsiya kiritilib, 413 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilgani aytildi. Joriy yilda tarmoq mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 50 trillion so‘mga, eksport esa 1,6 milliard dollarga yetgan. Prezident ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va eksportni oshirish bo‘yicha vazifalarni belgiladi.
10-noyabr kuni Mirziyoyev rafiqasi bilan Turkiyaning Antaliya shahriga bordi. U yerda 11-noyabr kuni BMTning COP31 iqlim sammitida ishtirok etdi va Jahon yetakchilari sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi. Prezident nutqida O‘zbekiston 2035-yilgacha zararli gaz chiqindilarini 50 foizga kamaytirish, yaqin to‘rt yilda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilganini bildirdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari uchun iqlim xavflari haqida ma’lumot almashish, ekologik texnologiyalarni rivojlantirish va yangi moliyalashtirish mexanizmlarini yaratishni nazarda tutuvchi Iqlim integratsiyasi modelini taklif qildi.
Sammit doirasida prezident xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari, shuningdek, bir qator davlatlar yetakchilari bilan uchrashdi. Jumladan, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan muzokaralarda hamkorlikdagi loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetgani qayd etildi. Suv xavfsizligi, infratuzilmaga xususiy investitsiyalar va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, prezident O‘zbekistonning kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi davrida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Iqlim sammitida Orolbo‘yi hududini tiklash va ekologik muammolarni hal qilish masalalari ham muhim o‘rin tutdi.
Hafta yakunida esa Mirziyoyev Buxoro neftni qayta ishlash zavodining faoliyati va quvvatlarini kengaytirish rejalarini ko‘rib chiqdi. Zavodda Yevro-5 standartidagi AI-92 va AI-95 benzini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 328 million dollarlik loyiha taklif etilgan. Yana bir yirik loyiha orqali korxonaning yillik neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,1 million tonnadan 4,6 million tonnagacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Prezident dunyoning eng nufuzli musulmoni bo‘ldi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2027-yil uchun tuzilgan dunyoning 500 nafar eng nufuzli musulmoni reytingida 40-o‘rinni egalladi. Ro‘yxat Iordaniyadagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi (RISSC) tomonidan tayyorlangan «The Muslim 500» nashrida e’lon qilindi. O‘zbekiston prezidenti avvalgi yillarda ham mazkur ro‘yxatdan o‘rin olgan. Biroq 2024–2026-yilgi nashrlarda u aniq o‘rinlar belgilanmagan 450 nafar kishilik ro‘yxatda edi. 2027-yilgi reytingda esa ilk bor eng nufuzli 50 musulmon qatoriga kirdi.
Nashr mualliflari O‘zbekiston prezidentining faoliyatini bir nechta yo‘nalish bo‘yicha baholagan. Xususan, valuta islohoti, iqtisodiyotni erkinlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, savdo aloqalarini kengaytirish va paxtachilikda tizimli majburiy mehnatga barham berilishi qayd etilgan.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilash, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Reyting boshidan Saudiya qirollik vakillari, Turkiya va Pokiston rahbarlari, Eron oliy rahbari ham joy olgan.
Теглар






