Nvidia bosh direktori iste’foga chiqdi
Jensen Huang kompaniyani tashkil etilganidan buyon boshqarib kelayotgan edi. Uning rahbarligi davrida Nvidia grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi kompaniyadan sun’iy intellekt uchun chiplar va hisoblash tizimlari yetkazib beruvchi dunyodagi eng yirik texnologik korporatsiyalardan biriga aylandi.
© Foto: businesstimes.com.sgNvidia (NASDAQ: NVDA) Direktorlar kengashi korporatsiya prezidenti, bosh direktori va kengash a’zosi Jensen Huang o‘z lavozimidan iste’foga chiqdi. Uning o‘rniga kompaniyaning amaldagi ijrochi vitse-prezidenti va moliyaviy direktori Kolett Kress vaqtinchalik bosh direktor etib tayinlandi.
Kolett Kress doimiy bosh direktor tayinlangunga qadar ham vaqtinchalik rahbar, ham moliyaviy direktor vazifalarini bajarib turadi. Direktorlar kengashi doimiy bosh direktor lavozimiga ichki va tashqi nomzodlarni izlashni boshlagan. Ma’lumot uchun, Kress Nvidia'ga 2013 yilning sentabrida qo‘shilgan bo‘lib, bungacha «Cisco» va «Microsoft» kabi yirik texnologik kompaniyalarda qariyb 25 yillik tajribaga ega bo‘lgan.
O‘zgarishlar doirasida Direktorlar kengashi tarixda birinchi marta rais lavozimini joriy qildi va unga Harvi Jonsni tayinladi. Jons 30 yildan ortiq tajribaga ega tadbirkor va investor bo‘lib, avvalroq «Synopsys» kompaniyasining bosh direktori va ijrochi raisi bo‘lib ishlagan.
«Kolett Nvidia'ni favqulodda o‘sish davrida boshqarishga yordam berdi va bizning biznesimiz, mijozlarimiz, operatsiyalarimiz hamda moliyaviy holatimizni chuqur tushunadi. Kengash Kolett va rahbariyat jamoasiga to‘liq ishonadi. Kompaniyaning faoliyati, mijozlar oldidagi majburiyatlari va mahsulotlar rejasi hech qanday uzilishlarsiz davom etishini kutmoqdamiz», — dedi Direktorlar kengashining yangi raisi Harvi Jons.
O‘z navbatida, Kolett Kress Jensen Huangning kompaniya rivojidagi o‘rnini alohida e’tirof etib, uning ishini davom ettirishini ta’kidladi.
«Nvidia'ning kuchi har doim uning odamlarida bo‘lgan va men rahbariyat jamoamiz bilan birgalikda Jensen so‘nggi 33 yil davomida yaratgan favqulodda poydevorni yanada mustahkamlashga sodiqman. Biz Nvidia'ni tezlashtirilgan hisoblashlar va sun’iy intellekt sohasida yetakchiga aylantirgan ishlarni davom ettiramiz. Asosiy e’tiborimiz mijozlarimiz, hamkorlarimiz, dasturchilarimiz va aksiyadorlarimizga xizmat ko‘rsatishga qaratiladi», — dedi vaqtinchalik bosh direktor Kolett Kress.
Ma’lumot uchun
Jensen Huang 1993 yilda Kris Malaxovskiy va Kyortis Prem bilan birgalikda Nvidia kompaniyasiga asos solgan. U kompaniyani tashkil etilganidan buyon boshqarib kelayotgan edi. Huang rahbarligi davrida Nvidia grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi kompaniyadan sun’iy intellekt uchun chiplar va hisoblash tizimlari yetkazib beruvchi dunyodagi eng yirik texnologik korporatsiyalardan biriga aylandi.
So‘nggi yillarda, ayniqsa generativ sun’iy intellekt texnologiyalariga talab keskin oshishi ortidan, Nvidia mahsulotlari jahon texnologiya bozorida strategik ahamiyat kasb etdi. Kompaniyaning H100, H200 va Blackwell turkumidagi chiplari yirik texnologik korporatsiyalar va ma’lumotlar markazlari uchun muhim infratuzilma vositasiga aylandi.
Biroq 2026 yil noyabrida kompaniya rahbariyati atrofida jiddiy mojaro yuzaga keldi. Ommaviy axborot vositalarida Huangning shaxsiy munosabatlari va Xitoy maxsus xizmatlari bilan aloqadorlikda gumon qilingan shaxs bilan munosabati haqida xabarlar tarqaldi. Bu ma’lumotlar ortidan Nvidia direktorlar kengashi mustaqil tekshiruv boshladi. Huang esa xodimlarga yo‘llagan murojaatida oilasi oldidagi xiyonatni tan olgani haqida xabar berildi.





