Oshayotgan budjet xarajatlari, ipoteka subsidiyasi, kreditlarga foiz va penya hamda O‘zbekistonning iqtsodiy o‘sishi — 13-noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Osiyo 2026-yilda ham dunyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiy mintaqalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq o‘sish sur’atlari davlatlar kesimida keskin farq qiladi. Sun’iy intellekt va yarimo‘tkazgichlar eksporti Tayvan iqtisodiyotiga kuchli turtki berayotgan bir vaqtda, Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘sish asosan ichki talab, investitsiyalar, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari hisobiga ta’minlanmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki 2026-yilning sentabr oyida O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish prognozini 6,7 foizdan 7 foizga ko‘tardi. Bank mamlakatdagi iqtisodiy faollik avval kutilganidan yuqori bo‘lganini buning asosiy sababi sifatida ko‘rsatgan. OTBning baholashicha, 2027-yilda O‘zbekiston YAIMi 6,8 foizga o‘sishi mumkin. Bu prognoz iyul oyidagi ko‘rsatkichdan o‘zgarishsiz qoldirilgan. Inflatsiya bo‘yicha esa vaziyat biroz boshqacha. Bank 2026-yilgi kutilmani 6,5 foizdan 6,7 foizga oshirgan. 2027-yilda iste’mol narxlari o‘sishi 5 foizgacha sekinlashishi prognoz qilinmoqda. OTB mintaqaviy hisobotida elektr energiyasi va gaz tariflarining oshishi mamlakatdagi narx bosimiga ta’sir qiluvchi omillardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Shu tariqa, bank O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish avvalgi prognozdan yuqoriroq bo‘lishini kutmoqda, biroq inflatsiya bo‘yicha kutilmalar ham oshirilgan.
O‘zbekistonda xalqaro kompaniyalarning aksiyalarini sotib olish tartibi tasdiqlandi
Gap dunyoning yirik birjalarida sotiladigan taniqli kompaniyalar qog‘ozlari haqida bormoqda. Har bir qimmatli qog‘oz avval ILMA reyestriga kiritilishi shart. Buning uchun u listingdagi barcha qog‘ozlarining umumiy kapitallashuvi kamida 1 trln dollar bo‘lgan xorijiy birjada savdo qilinishi va xalqaro identifikatsiya raqamiga (ISIN) ega bo‘lishi kerak.
Reyestrga kiritish uchun broker yoki bank ariza beradi, ILMA uni o‘n ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Qancha hajmdagi qog‘oz muomalaga chiqarilishi esa Markaziy bank bilan kelishiladi. Bu esa savdo hajmiga cheklov qo‘yilishini anglatadi.
Sud qaroridan so‘ng kreditlarga foiz va penya hisoblash to‘xtatiladi
Kredit qarzini undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilgandan so‘ng, qarorda ko‘rsatilgan summaga yangi foiz, jarima (neustoyka) yoki penya hisoblash to‘xtatiladi hamda qonunga zid ravishda undirilgan mablag‘lar qarz oluvchilarga qaytariladi.
Qarorga muvofiq, tijorat banklarining kuzatuv kengashlari va boshqaruvlari zimmasiga ushbu talabga to‘liq rioya etilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Banklarda ichki audit tekshiruvlari o‘tkaziladi
Belgilangan talablarga asosan, banklarning ichki audit xizmatlari 2026-yil 10-dekabrgacha maxsus tekshiruv o‘tkazishi lozim. Ushbu jarayonda sud qarori chiqarilgan kreditlar bo‘yicha foiz va jarima hisoblash to‘xtatilganligi to‘liq o‘rganiladi. Aniqlangan qoidabuzarliklar esa bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi muhokamasiga kiritiladi.
Qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda, qonunga zid ravishda hisoblangan foiz va jarimalar zudlik bilan bekor qilinishi hamda undirilgan mablag‘lar qisqa muddatda qarz oluvchilarga qaytarilishi shart.
Shuningdek, banklar boshqaruvlari amalga oshirilgan ishlar va qaytarilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi batafsil hisobotni tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga 2026-yil 25-dekabrgacha Markaziy bankka taqdim etishi belgilandi.
Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish qoidalari o‘zgaradi
24-dekabrdan boshlab Toshkent shahrida noto‘g‘ri parkovka qilingan avtomobillarni evakuatsiya qilish va jarima maydonchalarida saqlash jarayonlari to‘liq elektronlashtiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, avtomobilni evakuatorga yuklash boshlanmasidan oldin uning egasi yetib kelib, qoidabuzarlikni joyida bartaraf etsa, transport vositasi jarima maydonchasiga olib ketilmaydi. Biroq evakuatorga yuklash jarayoni boshlangan bo‘lsa, avtomobil egasi voqea joyida hozir bo‘lgan taqdirda ham evakuatsiya to‘xtatilmaydi va davom ettiriladi.
Jarima maydonchasida saqlash uchun to‘lov miqdori avtomobilni evakuatorga yuklash boshlangan vaqtdan e’tiboran hisoblanadi. Transport vositasini qaytarib olish uchun to‘lovlarni elektron shaklda amalga oshirish hamda bir ish kuni ichida SMS orqali yuboriladigan QR-kodli ruxsatnomani olish talab etiladi. Elektron tizimda ruxsatnoma rasmiylashtirilmagan holatda avtomobil egasiga qaytarib berilmaydi.
Madaniyat va san’at vakillariga ipoteka subsidiyasi beriladi
O‘zbekistonda madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillariga birlamchi uy-joy bozoridan kvartira sotib olish uchun ipoteka subsidiyasi beriladi. Mazkur moliyaviy ko‘mak Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari doirasida taqdim etiladi. Belgilangan tartibga ko‘ra, talabgorlar ajratilgan subsidiyani faqat o‘zlarining asosiy ish joyi joylashgan hududda qurilgan yangi uylardan (birlamchi bozor) kvartira xarid qilishga yo‘naltirishlari mumkin.
Subsidiya olish uchun murojaatlar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi. Ariza beruvchining talablarga muvofiqligi axborot tizimlari orqali avtomatik tarzda baholanadi.
Yangi Toshkentda yer auksionining boshlang‘ich narxi
Yangi Toshkentda 500 million dollardan ortiq loyihalar uchun yer auksioni 1 dollardan boshlanadi. Shaharning 19 ming 720,9 gektar va Samarqanddagi «Shirin» massivining 665,15 gektar maydonida yirik shaharsozlik loyihalari uchun maxsus huquqiy rejim joriy etildi. Bu hududlarda qiymati kamida 50 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihalari soliq, bojxona va qurilish sohasidagi alohida imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
Maxsus hududlardagi yer uchastkalari investorlarga «E-auksion» platformasi orqali ijara huquqi asosida taklif etiladi. Bunda yerning har bir kvadrat metri uchun belgilangan boshlang‘ich narx amalga oshiriladigan investitsiya loyihasining qiymatiga bog‘liq bo‘ladi. Eng yirik investitsiya loyihalari uchun yer auksionining boshlang‘ich narxi 50 million dollargacha bo‘lgan loyihalarnikidan 200 baravar past bo‘ladi.
Ammo bu yer maydonlari investorlarga avtomatik tarzda 1 dollardan beriladi, degani emas. Bu summalar auksion uchun belgilangan boshlang‘ich narx hisoblanadi. Yerning yakuniy qiymati esa savdo natijalariga qarab aniqlanadi.
Shuningdek, investorlar yer uchun to‘lovlarni qismlarga bo‘lib amalga oshirishi mumkin. Xususan, qiymati 50 million dollargacha bo‘lgan loyihalarda dastlabki to‘lov 30 foizni, 250–500 million dollarlik loyihalarda esa 10 foizni tashkil etadi. Qolgan mablag‘ni loyiha qiymatiga qarab 4 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatda foizsiz to‘lash imkoniyati beriladi.
Oshayotgan budjet xarajatlari
O‘zbekistonda 2027-yilgi davlat budjeti daromadlari 416 trillion so‘m, xarajatlari esa 464 trillion so‘m bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Ya’ni xarajatlar daromadlardan 48 trillion so‘mga ko‘p bo‘ladi. Joriy yil yakunida mamlakatimiz iqtisodiyoti kamida 8 foizga o‘sishi, yalpi ichki mahsulot hajmi 200 milliard dollardan, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad esa 5,2 ming dollardan oshishi kutilmoqda. 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga, kelgusi o‘n yilda aholi jon boshiga daromadni 10 ming dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot hajmi 2027-yilda 232 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, inflatsiya darajasini 2027-yilda 6 foizga, 2028–2029-yillarda esa 5 foizgacha pasaytirish, oltinsiz eksport hajmini 2027-yilda qariyb 40 milliard dollarga yetkazish nazarda tutilmoqda.
Xalqaro investitsiyaviy arbitraj ishidagi g‘alaba
2026-yil 26-oktabr kuni Investitsiyaviy nizolarni hal etish bo‘yicha xalqaro markaz (ICSID) arbitraj tribunali Turkiya fuqarosi Mehmet Zeki Obuz va boshqalarning O‘zbekistonga qarshi qo‘zg‘atgan xalqaro arbitraj ishi yuzasidan qaror qabul qildi.
Qarorga muvofiq, da’vogarlar tomonidan O‘zbekistonga qarshi ilgari surilgan barcha da’vo talablari rad etildi. Adliya vazirligining yozishicha, ushbu investitsiyaviy nizo O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida 1992-yilda tuzilgan investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim asosida qo‘zg‘atilgan, 2021-yil iyun oyida boshlanib, 5 yil davom etgan. Arbitraj tribunali e’lon qilgan qaror nizolashuvchi tomonlar uchun yakuniy hisoblanadi.
Nizo oziq-ovqat sanoatidagi korxona faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan. Arbitrajga uch turkiyalik — Mehmet Zeki Obuz, Sevde Yilmaz va Xyuriye Obuz hamda tugatilish jarayonidagi «Obuzlar Gıda» kompaniyasi murojaat qilgan.





