Logo

O‘zbekiston prezidenti dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingiga kiritildi

Iordaniya Qirollik markazi tomonidan tuziladigan «The Muslim 500» (2027) reytingi e’lon qilindi.

O‘zbekiston prezidenti dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingiga kiritildi © Foto: president.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya poytaxti Amman shahrida joylashgan Qirollik islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan e’lon qilinadigan an’anaviy «The Muslim 500» (Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni) reytingiga kiritildi. O‘zbekiston rahbari mazkur nufuzli ro‘yxatda 40-o‘rinda qayd etilgan.

Reyting tuzuvchilari Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan «Yangi O‘zbekiston» islohotlar dasturini alohida e’tirof etgan. Xususan, iqtisodiyotning liberallashtirilgani, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda xalqaro savdoning kengaytirilgani ijobiy baholangan. Paxtachilik sohasida majburiy mehnatga butunlay barham berilgani esa mamlakatning eng muhim yutuqlaridan biri sifatida ta’kidlangan.

Shuningdek, «The Muslim 500» mualliflari O‘zbekistonning mintaqadagi qo‘shnilar bilan munosabatlari yaxshilangani va yanada ochiq tashqi siyosat yuritilayotgani respublikaning xalqaro diplomatik va iqtisodiy hamkor sifatidagi nufuzini oshirayotganini qayd etgan.

Tarixiy islomiy merosga qaratilayotgan ulkan e’tibor ham muhim omil bo‘ldi. Rasmiy idoralar ko‘magida masjidlarning qurilishi va ta’mirlanishi, haj hamda umra ziyoratlari uchun imkoniyatlarning kengaytirilishi, qadamjolarning tiklanishi va diniy-ma’rifiy ta’limning rivojlantirilishi reyting mualliflarining diqqat markazida bo‘lgan. Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.

2027 yilgi nashrda tarixda birinchi marta reytingning birinchi pog‘onasini birato‘la besh kishi bo‘lishib turibdi. Bular:

— Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
— Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon
— Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif
— Pokiston mudofaa kuchlari qo‘mondoni, feldmarshal Osim Munir
— Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an

«The Muslim 500» ro‘yxatida Markaziy Osiyo respublikalaridan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va xonanda Dimash Qudaybergen, shuningdek, Tojikiston muftiysi Saidmukarram Abdulqodirzoda ham joy olgan. Ro‘yxatda Qirg‘iziston va Turkmaniston vakillari qayd etilmagan.

«The Muslim 500» ro‘yxatida Markaziy Osiyo respublikalaridan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va xonanda Dimash Qudaybergen, shuningdek, Tojikiston muftiysi Saidmukarram Abdulqodirzoda ham joy olgan. Ro‘yxatda Qirg‘iziston va Turkmaniston vakillari qayd etilmagan.

«The Muslim 500» reytingi 2009 yildan beri e’lon qilib kelinadi. Uning bosh mezoni — shaxsning musulmon olamiga yoki ushbu din vakillariga ko‘rsatayotgan ta’sir qobiliyatidir. Iordaniya Qirollik islom markazining ta’kidlashicha, bu dunyodagi eng mashhur va ko‘p iqtibos keltiriladigan yillik ma’lumotnoma hisoblanadi, biroq u qat’iy ilmiy yoki rasmiy maqomga emas, balki ekspertlik va publitsistik xususiyatga ega.

Теглар

Мавзуга оид