Logo

Qoraqalpog‘iston ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi

Hududning moliyaviy xatarlar bo‘yicha umumiy holati «zaif» deb topildi. Bunga budjet daromadlarining markaziy hukumatga bog‘liqligi, xarajatlarni qisqartirish imkoniyatlarining cheklangani va moliyaviy boshqaruvdagi ayrim xatarlar sabab qilib ko‘rsatilgan.

Qoraqalpog‘iston ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi © Foto: Izvestiya

«Fitch Ratings» agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ilk bor xorijiy va milliy valutadagi uzoq muddatli «BB−» kredit reytingini berdi. Reyting prognozi «Barqaror» deb belgilandi.

Agentlik Qoraqalpog‘istonning moliyaviy profilini «aa» toifasining quyi chegarasida baholagan. Shu bilan birga, hududning moliyaviy xatarlar bo‘yicha umumiy holati «zaif» deb topilgan. Bunga budjet daromadlarining markaziy hukumatga bog‘liqligi, xarajatlarni qisqartirish imkoniyatlarining cheklangani va moliyaviy boshqaruvdagi ayrim xatarlar sabab qilib ko‘rsatilgan.

Qoraqalpog‘iston budjetining daromadlari qanday shakllanadi?

«Fitch» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Qoraqalpog‘iston budjetining joriy daromadlari tarkibida markaziy budjetdan ajratilgan transfertlar 51 foizni tashkil etgan. Soliq tushumlari ulushi 44 foiz, qolgan 5 foizi esa turli yig‘imlar va to‘lovlar hisobiga shakllangan.

2021–2025-yillarda transfertlarning joriy daromadlardagi o‘rtacha ulushi 58 foizga teng bo‘lgan.

Agentlik hududning qo‘shimcha daromad topish imkoniyatlarini ham cheklangan deya baholagan. Chunki soliq stavkalari va tushumlarning budjetlar o‘rtasida taqsimlanishi hukumat tomonidan belgilanadi.

Budjet xarajatlarining katta qismini qisqartirish ham oson emas. Xususan, 2025-yilda jami xarajatlarning 76 foizi qisqartirish qiyin bo‘lgan yo‘nalishlarga to‘g‘ri kelgan. Joriy xarajatlarning qariyb 30 foizini ish haqi tashkil etgan.

2026–2030-yillarda budjet daromadlari va xarajatlari

Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026–2030-yillarda Qoraqalpog‘iston budjetining joriy daromadlari yiliga o‘rtacha 8,4 foizga o‘sishi kutilmoqda. Shu davrda joriy xarajatlar o‘sishi esa o‘rtacha 9 foizni tashkil etishi prognoz qilingan.

«Fitch» baholash ssenariysida kapital xarajatlar bilan bog‘liq sof taqchillik yiliga o‘rtacha 422 mlrd so‘mni tashkil etishi mumkin. Budjet qarzi yuki esa 2026–2030-yillarda taxminan 25 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

2025-yilning yakunida Qoraqalpog‘istonning pul mablag‘lari 176 mlrd so‘mni tashkil etgan. Biroq agentlik ushbu mablag‘larning katta qismi muayyan xarajatlarga biriktirilganini qayd etgan.

«Fitch» prognoziga ko‘ra, qarzni qaytarish ko‘rsatkichi 2030-yilga borib 8,7 baravargacha yetishi mumkin. Uning 9 baravardan oshishi kredit reytingining pasayishiga, 7 baravar atrofida barqaror yaxshilanishi esa reytingning oshishiga asos bo‘lishi mumkin.

Qoraqalpog‘istonning reytingdagi o‘rni

«Fitch Ratings» Qoraqalpog‘istonni O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan hududlaridan biri sifatida qayd etgan. Shu bilan birga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi hududiy mahsulot mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichning taxminan 53 foizini tashkil etishini bildir. 

Qoraqalpog‘istonga berilgan «BB−» reytingi Jizzax va Farg‘ona viloyatlarining kredit reytinglari bilan bir xil. Shuningdek, Armaniston poytaxti Yerevan va Turkiyaning Konya shahri ham shu darajada baholangan.

Agentlik Qoraqalpog‘istonning qisqa muddatli kredit reytingini esa «B» darajasida belgilagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston «yashil» energiya ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaning eng yirik markazlaridan biriga aylangandi.

Теглар

Мавзуга оид