Xotiniga xiyonat qilgan Jensen Xuang milliardlab dollar boyligidan ayrildi
AQSH razvedka idoralarining diqqat markaziga tushgan mojaro «Nvidia» asoschisining 33 yillik faoliyatiga nuqta qo‘ydi.
© Foto: ForbesDunyoning eng yirik texnologiya kompaniyalaridan biri bo‘lgan «Nvidia» atrofida katta mojaro kelib chiqdi. Kompaniya asoschisi va uni 33 yil davomida boshqarib kelgan bosh direktor Jensen Xuangning shaxsiy hayotidagi mojarolari, Xitoy razvedkasi bilan bog‘liq gumonlar hamda kompaniya ma’lumotlari xavfsizligiga doir savollar kun tartibiga chiqdi.
Bu voqealar fonida «Nvidia» aksiyalari qiymati tushib ketdi. «Forbes» hisob-kitobiga ko‘ra, Xuangning shaxsiy boyligi dushanba kuni 7,4 milliard dollarga, seshanba kuni esa yana 9,8 milliard dollarga qisqargan.
Eng muhim yangilik 12-noyabr kuni ma’lum bo‘ldi: «Nvidia» direktorlar kengashi Xuangning kompaniya prezidenti, bosh direktori va kengash a’zosi lavozimlaridan iste’fosini qabul qildi. Uning o‘rniga moliyaviy direktor Kolett Kress vaqtincha bosh direktor etib tayinlandi.
Janjal qanday boshlandi?
Mojaro markazida «Nvidia» rahbari Jensen Xuang va Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan «Megaspeed» kompaniyasining sobiq rahbarlaridan biri — Alis Xuang o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar turibdi.
Oktyabr oyi oxirida «The New York Times» e’lon qilgan surishtiruvda AQSH razvedka idoralari Alis Xuangning Xitoy razvedkasi bilan aloqador bo‘lishi mumkinligidan shubha qilayotgani haqida yozilgan edi. Nashr manbalariga ko‘ra, u Pekinga «Nvidia» faoliyati haqidagi ma’lumotlarni yetkazishga uringan bo‘lishi mumkin.
Alis Xuang ishlab kelgan «Megaspeed» kompaniyasi ma’lumotlar markazlari uchun infratuzilma yaratish bilan shug‘ullanadi va «Nvidia» mahsulotlarini xarid qiluvchi yirik mijozlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, AQSH rasmiylari ushbu kompaniya faoliyatini ham tekshirgan. Taxminlarga ko‘ra, aynan «Megaspeed» orqali eksport cheklovlariga tushgan, Xitoyga sotilishi taqiqlangan ayrim ilg‘or sun’iy intellekt chiplarini qo‘lga kiritish sxemasi yaratilgan bo‘lishi mumkin.
Jensen Xuang xiyonat qilganini tan oldi
8-noyabr kuni Jensen Xuang «Nvidia» xodimlariga maktub yo‘llab, oilasi va hamkasblaridan rasman uzr so‘radi. U maktubida rafiqasiga xiyonat qilganini tan olgan.
«Men rafiqamga xiyonat qildim. Qilmishlarim uni va farzandlarimizni qattiq ranjitdi. Buning hech qanday oqlovi yo‘q. Chin dildan afsusdaman», — deb yozadi Xuang.
U, shuningdek, kompaniya xodimlari, direktorlar kengashi, hamkorlar va aksiyadorlardan ham kechirim so‘rab, boshlangan mustaqil tekshiruv jarayonida tergov bilan to‘liq hamkorlik qilishini ma’lum qildi. Garchi u o‘z maktubida munosabatda bo‘lgan ayolning ismini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, barcha xalqaro nashrlar uning iqrorini Alis Xuang haqidagi surishtiruvlar bilan bog‘lamoqda.
«Nvidia» milliy xavfsizlik bo‘yicha mustaqil tekshiruv boshladi
Xuang xorijiy razvedka operatsiyasining nishoniga aylangani haqidagi xabarlar tarqalgach, «Nvidia» direktorlar kengashi darhol mustaqil tekshiruv boshlanganini e’lon qildi.
Tekshiruvni tashqi yuridik maslahatchilarni jalb qilgan holda direktorlar kengashining mustaqil a’zolari olib bormoqda.
Kompaniya rasmiy bayonotida hozircha «AQSH milliy xavfsizligiga yoki Nvidia'ning tijorat sirlariga putur yetkazilganiga ishonish uchun hech qanday asos yo‘q»ligi alohida ta’kidlangan bo‘lsa-da, barcha detallar sinchkovlik bilan o‘rganilishi ma’lum qilindi.
Bu masala AQSH Kongressida ham savollar paydo qildi. Jumladan, ayrim respublikachi qonun chiqaruvchilar Xuangni Kongressdagi yopiq eshituvlarda tushuntirish berishga chaqirmoqda. Ular kompaniyaning eksport cheklovlari hamda xorijiy razvedkadan himoyalanish protokollarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlagan.
Xuangning boyligi nega bunchalik tez kamaydi?
Bu mojaro «Nvidia» aksiyalariga jiddiy zarba berdi. Investorlar kompaniyaning bosh strategiyachisi atrofidagi bunday noaniqlikni katta xavf sifatida baholadi.
«Forbes Australia» xabariga ko‘ra, Xuangning boyligi dushanba kuni 7,4 milliard dollarga, seshanba kuni esa yana 9,8 milliard dollarga kamaygan. Oqibatda, Xuang real vaqtdagi milliarderlar reytingida 145,6 milliard dollar bilan 12-o‘ringa (ikki kunda 4 pog‘ona pastga) tushib ketdi. O‘sha paytda birjada «Nvidia» aksiyalari 6,5 foizga arzonlashib, kompaniyaning bozor qiymati 4,02 trillion dollargacha tushgan edi. 12-noyabr kuni iste’fo e’lon qilinganidan so‘ng, savdolar davomida aksiyalar yana 5,5 foizga qadrsizlandi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, aksiyalar tushishini faqat mojaro bilan bog‘lash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Oktyabr oyi boshidan beri «Nvidia» o‘z qiymatining 30 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi. Bunga sun’iy intellekt bozoriga kiritilayotgan investitsiyalar sur’ati hamda texnologik kompaniyalar aksiyalarining kelajagi borasidagi umumiy xavotirlar ham ta’sir qilmoqda.
33 yillik rahbariyatdan so‘ng iste’fo
12-noyabr kuni «Nvidia» Jensen Xuang kompaniya prezidenti, bosh direktori va direktorlar kengashi a’zosi lavozimlarini tark etganini rasman e’lon qildi. Uning o‘rniga kompaniyaning 2013 yildan buyon moliyaviy direktori bo‘lib ishlab kelayotgan Kolett Kress vaqtincha bosh direktor etib tayinlandi.
Shu bilan birga, Xarvi C. Jons kompaniya tarixida birinchi marta direktorlar kengashining raisi etib tasdiqlandi.
Xuang 1993 yilda o‘rtoqlari bilan birga tashkil qilgan ushbu kompaniyani naq 33 yil davomida uzluksiz boshqarib keldi va uni dunyodagi eng qimmat texnologik gigantlardan biriga aylantirdi. Rasmiy bayonotda iste’fo sababi aytilmagan bo‘lsa-da, «Reuters» kabi nashrlar mazkur mojaro ortidan Xuangga nisbatan bosim keskin kuchayganini yozmoqda.
«Nvidia»ni endi nima kutmoqda?
«Nvidia» sun’iy intellekt infratuzilmasi uchun eng muhim hisoblangan grafik protsessorlar va yuqori samarali chiplarning asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi.
Shu sababli, Xuangning ketishi faqat ichki boshqaruv masalasi emas. Investorlarni endi yangi rahbarning sun’iy intellekt strategiyasi, yangi mahsulotlar ishlab chiqarish rejalari hamda yirik mijozlar bilan aloqalarni qanday yo‘lga qo‘yishi qiziqtirmoqda.
17-noyabr kuni kompaniya navbatdagi moliyaviy hisobotini e’lon qilishi kutilmoqda. Ushbu hisobot investorlar uchun yangi rahbariyatning rejalarini baholash vazifasini ham o‘taydi.





