
Fojeali o‘lim, soliq boshining ishdan olinishi, shahar hokimidan pulli qaror, Ronalduni mehmon qilgan Tramp — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.
Turkiyada sayohatchi oila fojiasi
Turkiyaga Germaniyadan dam olish maqsadida kelgan oilaning barcha 4 a’zosi tobutda vataniga qaytarildi.
Germaniyaning Hamburg shahridan Istanbulga kelgan Bo‘jeklar oilasi — ota-ona va 6 hamda 3 yoshli bolalari 11-noyabr kuni ko‘cha taomlari bilan mashhur O‘rtako‘y hududida midiya, kolbasa, sho‘rva, tovuq go‘shti va kumpir yeganidan so‘ng zaxarlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ular vaqtincha tuzalib chiqqan bo‘lsa-da, holati yana og‘irlashib, qayta shifoxonaga yotqizilgan. 12-noyabr kuni bir yo‘la ikki farzand, 14-noyabrda ona, oradan ko‘p o‘tmay otasi ham vafot etgan.
Prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, bir necha savdo nuqtasi egasi hibsga olindi va restoran muhrlandi. Politsiya atrofdagi do‘konlarni tekshirib, mehmonxona va taom sotuvchilardan namuna oldi hamda kameralar tasvirlarini ko‘rib chiqdi.
Tergov doirasida qo‘lga olinganlar jami 11 kishini tashkil etmoqda.
Turkiya adliya vaziri Yilmaz Tunchning aytishicha, tergov doirasida oila ovqatlangan joylardan namuna olingan va mas’ul to‘rt kishi hibsga olingan.
Ammo, sud-tibbiyot ekspertizasi natijalariga ko‘ra, oila a’zolarining tanasida o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan zaharlanish alomatlari aniqlanmagan. Oshqozon devori va ichaklardan qon ketishdan tashqari muhim topilmalar yo‘q. Ona va bolalardan olingan qon namunalari ham zaharli moddalar yoki metabolitlar mavjudligini ko‘rsatmadi.
Hozir oila a’zolarining o‘lim sabablari bo‘yicha tergov davom etmoqda. Ayrim versiyalarga ko‘ra, oila hotelda suvaraklarga qarshi sepilgan kiyomviy moddadan zaharlangan bo‘lishi ham mumkin.
Prezident hokimlarni ishdan oldi
Prezident yuklatilgan vazifalarga ko‘zbo‘yamachilik bilan yondashgan 20 ta tuman hokimiga chora ko‘rishni topshirdi. Ikki tumanda esa hokimlar o‘rinbosarlari bilan ishdan olindi.
Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda bu tuman hokimlarini tanqid qildi. yig‘ilishda ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani ta’kidlandi.
Jumladan, Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq va Kogon tumanlari hokimlariga chora ko‘rish ko‘zda tutilgan.
Denov tumani va Chiroqchi tumani hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari esa ishdan olindi.
Denov tumani kambag‘al oilalar reyestriga kirganidan buyon 1200 ta oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagan. Chiroqchi tuman hokimligi ajratilgan 309 milliard so‘m resursi bilan ham odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bera olmagan.
Toshkent bozorlarida tijoriy videosyomkalar pulli bo‘ldi
Poytaxt bozorlarida joriy etilgan yangi tartiblar ham hafta ichida muhokama markazida bo‘ldi. Shahar hokimi bozorlar avtoturargohlarida yengil avtomobillar uchun yangi to‘lov tariflarini tasdiqladi. Unga ko‘ra, haftaning shanba va yakshanba kunlari uchun alohida, yuqoriroq to‘lov miqdorlari joriy qilindi. Masalan, dam olish kunlari 3 soatgacha saqlash 25 ming so‘mni tashkil etadi. Avval bu narx 10 ming so‘m bo‘lgan. 4-soatdan boshlab turargohning soati 50 ming so‘mni tashkil etadi. Avval to‘lov 15 ming so‘m bo‘lgan.
Shuningdek, Toshkentdagi bozorlar va savdo komplekslari hududida tijoriy maqsadda videorolik, reklama yoki klip suratga olish uchun yangi to‘lov tartibi joriy etildi. Endi bunday turdagi s’yomkalarning bir soati uchun 5 million so‘m miqdorida to‘lov undiriladi. Bu to‘lovlar xorijiy turistlar hamda ommaviy axborot vositalariga tatbiq etilmaydi.
Soliq qo‘mitasi va Kadastr palatasidagi o‘zgarishlar
Yakunlanib borayotgan haftada davlat tashkilotlarida yirik tayinlovlar bo‘ldi.
Prezident farmoniga muvofiq, davlat Kadastrlar palatasi o‘rniga Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish Milliy qo‘mitasi tashkil etiladigan bo‘ldi. Unga rahbar etib, shu paytgacha Soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Sherzod Davlatovich Qudbiyev tayinlandi.
Davlat Soliq qo‘mita raisligiga esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligini boshqarib kelgan Farrux Jahongirovich Po‘latov tayinlandi.
O‘zbekistonda Ekopolitsiya tashkil etiladi
Mamlakatda ekologik xavfsizlikni kuchaytirish yo‘nalishida muhim qaror qabul qilindi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tarkibidan chiqarilib, Prezident administratsiyasi huzuridagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qilib qayta tuzildi. Uning tarkibida Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya tashkil etildi. Yangi tuzilma ekologik qonunbuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olish uchun keng vakolatlarga ega bo‘lib, unga 40 ta shtat birligi prokuraturadan o‘tkaziladi.
Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash huquqi beriladi, ularning kiyimiga bodi-kamerlar o‘rnatiladi.
Yangi qo‘mitaga Ekologiya vaziri Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov rais etib tayinlandi. U endi bir vaqtning o‘zida Prezidentning ekologiya bo‘yicha maslahatchisi ham hisoblanadi.
Avvalroq bir qancha vazirliklar va tashkilotlarning tuman/ shahar bo‘linmalari mahalliy hokimlik tuzilmasiga o‘tkazilishi haqida xabar qilingandi. Jumladan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining tuman/shahar hududiy bo‘linmalari hokimliklari tuzilmasiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi.
Yangi qo‘mita o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda uning faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi.
Endigi qarorga muvofiq, Ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalar va tuman/shahar) bo‘limlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydigan, o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradigan bo‘ldi.
«Otalar so‘zi» boshlovchisi vafot etdi
Uzoq yillar davomida «Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi» ko‘rsatuvida boshlovchi sifatida faoliyat yuritib, millionab muxlislari qalbidan joy egallagan Mirabbos Mirzaahmedov 84 yoshida vafot etdi.
Mashhur rejissyor va teleboshlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Abdulhaqovich Mirzaahmedovning vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev uning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
«Mirabbos Mirzaahmedov o‘zining nuroniy va dono qiyofasi, ko‘p yillik bilim va tajribasi bilan markaziy telekanallarimiz orqali 40 yildan buyon namoyish etib kelinayotgan «Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi» ko‘rsatuviga yangicha ruh va mazmun olib kirdi hamda ushbu dastur orqali jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-ma’naviy muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratish, el-yurtimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida oila va Vatanga muhabbat, odob-axloq, mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib etishga katta hissa qo‘shdi», — deyiladi Prezident ta’ziyasida.
Kannavaro o‘zbek futbolchilarining mentalitetidan xursand
O‘zbekiston milliy futbol jamoasi Birlashgan Arab Amirliklari mezbonlik qilgan Al Ain Cup xalqaro o‘rtoqlik turniri g‘olibiga aylandi. Eronga qarshi final o‘yinida hisob ochilmagach, penaltilar seriyasida qozonilgan g‘alabadan so‘ng milliy jamoaning italiyalik bosh murabbiyi Fabio Kannavaro o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«G‘alaba qozonish har doim yoqimli, futbolchilar, muxlislar xursand. Eron juda kuchli, ularga qarshi o‘yinda bo‘shashib bo‘lmaydi. Futbolchilarimning mentalitetidan xursandman. Bir o‘yinchi kam bo‘lib qolsak ham, raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadik», — dedi u matbuot anjumanida.
O‘zbekiston milliy jamoasi Al-Ayndagi xalqaro o‘rtoqlik turnirida oldingi o‘yinda Muhammad Saloh boshchiligidagi Misr miliy jamoasini ham 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi. Ushbu g‘alabalar O‘zbekiston milliy jamoasining FIFA reytingida bir o‘rin yuqorilashiga xizmat qildi.
Krishtianu Ronaldu Oq uyda mehmon bo‘ldi
Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmonning AQSHga tashrifi munosabati bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan tantanali kechki ovqatda qatnashdi.
Kechki ovqatda asosiy mehmon valiahd shahzoda, qabul qiluvchi tomon – Tramp va uning rafiqasi Melaniya Tramp bilan birga AQSH Davlat kotibi, Moliya vaziri va Mudofaa vaziri ham ishtirok etgan.
Shuningdek, Saudiya futbol klubi «An-Nasr» safida o‘ynovchi Krishtianu Ronaldu, FIFA prezidenti Janni Infantino, Amazon asoschisi Jeff Bezos, dunyoning eng boy insoni Ilon Mask ham mehmonlar orasida bo‘lgan.
Avvalroq Portugaliya terma jamoasi futbolchisi Krishtianu Ronaldu jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida AQSH Prezidenti Donald Trampdan mashhurroq ekanini aytgan edi.
Bu Krishtianu Ronalduning 2016 yildan buyon AQSHga ilk tashrifi. O‘shanda Amerikada unga nisbatan nomusga tegish ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.






