
Futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik, Toshkentga gul ekish uchun 10 mlrd, 36,8 mlrd dollarga yetgan tashqi qarz — 2 oktyabr dayjesti
02.10.2025 | 22:0611928
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekiston va Ozarboyjon FIFA U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
FIFA Ozarboyjon va O‘zbekistonning 20 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma arizasiga ijobiy baho berdi. Bu haqda Kengashining navbatdagi yig‘ilishida qaror qabul qilindi.
Bu turnirdunyo miqyosida milliy terma jamoalar ishtirok etadigan eng muhim musobaqalardan biri hisoblanadi va FIFA tashkil qiladigan chempionatlar ichida ikkinchi o‘rinda turadi. Mezbon sifatida Ozarboyjon va O‘zbekiston terma jamoalari avtomatik tarzda JCH ishtirokchisiga aylanadi.
O‘zbekistonda oilalar qanchalik baxtli yashaydi?
«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqot natijalarini ma’lum qildi. Tadqiqotlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston oilalarida umumiy baxtlilik indeksi o‘sganligini ko‘rsatadi.
Tadqiqot respublikaning 14 ta hududida amalga oshirilib, rasmiy statistika ma’lumotlari asosida hisoblangan. Indeks -1 dan +1 oralig‘ida baholanadi. O‘zbekiston bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich 2023 yilda +0,56 ballni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda +0,611 ballga yetgan. Shu tariqa, ikki yil ichida indeks +0,051 ballga ko‘tarildi.
Institut xulosasida qayd etilishicha, bu o‘sish oilalarning ko‘pchiligi hayotga ko‘tarinki ruh va kelajakka ishonch bilan qarayotgani, qiyinchiliklarni esa shukronalik hissi bilan yengib o‘tayotganini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston tashqi qarzi bir yilda 15,6 mlrd dollarga ko‘paygan
Markaziy bank hisobotlariga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi oxirgi 3 oyda 3,8 mlrd dollarga, bir yilda esa 15,6 mlrd dollarga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich davlat qarzi va korporativ qarzlarning birdek oshishi hisobiga yuzaga kelganligi aytilmoqda.
Davlat tashqi qarzi 36,8 mlrd dollarga yetgan bo‘lib, yil davomida 5,8 mlrd dollarga oshgan. Shu bilan birga, korporativ qarzlar 35,4 mlrd dollarni tashkil etib, ularning yillik o‘sishi 9,8 mlrd dollar bo‘lgan.
Jon boshiga tashqi qarz miqdori 2025 yilning 1 iyul holatiga 1 907 dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 1 524 dollar edi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, yil yakunlariga borib, mazkur ko‘rsatkich 2000 dollarlik chegaradan oshib ketishi mumkin.
Toshkent shahrida mavsumiy gul ekish uchun 10 mlrd so‘m ajratildi
Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi 29 sentyabr kuni shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi tasarrufidagi tashkilotlar hamda tuman obodonlashtirish boshqarmalariga mavsumiy gul ko‘chatlarini ekish ishlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun 10 mlrd so‘m ajratish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Hujjatga ko‘ra, mablag‘ning 1,82 mlrd so‘mi turli obodonlashtirish boshqarmalariga, qolgan 8,18 mlrd so‘m esa tumanlar kesimida taqsimlanadi. Obodonlashtirish boshqarmalari orasida eng katta mablag‘ – 815 million so‘m markaziy maydonlarni obodonlashtirish boshqarmasiga ajratilgan. Shuningdek, ahamiyatga molik ko‘chalarni obodonlashtirish boshqarmasiga 748 million, Hukumat ob’ektlariga xizmat ko‘rsatish boshqarmasiga 190 million va Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasiga 67 million so‘m beriladi.
O‘zbekistonda oltin quymalari 34-marta rekord darajada qimmatlashdi
O‘zbekiston Markaziy bankining xabar berishicha, 2 oktyabr kuni mamlakatda o‘lchovli oltin quymalari narxi keskin o‘sdi. Bir gramm oltin 1 million 547 ming 360 so‘mga baholangan bo‘lsa, 5 grammlik quymalar 7 million 737 ming so‘mdan taklif qilinmoqda.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, 10 grammlik quyma 15 million 474 ming so‘m, 20 grammlik quyma 30 million 947 ming so‘m, 50 grammlik quyma 77 million 368 ming so‘m va 100 grammlik quyma 154 million 736 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Jahon bozorida ham oltin qimmatlamoqda. Troya unsiyasi uchun qimmatbaho metall 3 893,30 dollarni tashkil etdi. Mutaxassislar talab oshishini AQSHdagi hukumat yopilishi bilan bog‘lamoqda. 1 oktyabrdan boshlangan shatdaun Kongressda yangi moliya yili uchun byudjet yuzasidan kelishmovchiliklar tufayli yuzaga keldi. Bu holat xalqaro bozorlarda oltinga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi.





