add

Kredit ajratishda iste’molchilar uchun yangicha talablar joriy etilishi mumkin

Markaziy bank kredit olishda yangi makroprodensual choralar LTI va DTI joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda regulyator tomonidan kredit xatarlarini kamaytirishda xorijiy davlatlar tajribasi va O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari haqida tayyorlangan tadqiqotda ma’lumot keltirilgan.

Kredit ajratishda iste’molchilar uchun yangicha talablar joriy etilishi mumkin
“So‘nggi yillarda respublikamizda jismoniy shaxslarning mikroqarz, kredit karta va overdraft kabi kredit mahsulotlaridan keng ko‘lamda foydalanayotganligi, aholining ortiqcha qarz yuki bo‘yicha bir qancha xavotirlarni keltirib chiqarmoqda,” deyiladi Markaziy bank tahlilida. Xususan, tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan birgina mikroqarzlar qoldig‘i 2023-2025 (avgust) yillar oralig‘ida 3,5 baravarga o‘sgan sharoitda, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 1,5 baravarga oshgan. Bu holat aholining moliyaviy xizmatlardan faol foydalanayotganini ko‘rsatishi bilan birga, ortiqcha qarz yuki xavfi ham oshib borayotganligini ko‘rsatmoqda. Regulyatorga ko‘ra, agar bunday tez sur’atdagi o‘sish aholining daromadlar dinamikasi bilan mutanosib tarzda cheklanmasa, kelgusida aholining kredit majburiyatlarini bajara olmaslik holatlari yuzaga kelishi mumkin. Bu esa 2025 yil yanvar-iyun holatiga olingan 8 banklar kredit portfeli sifatining yomonlashishiga va moliyaviy tizim barqarorligiga xavf tug‘diradi. O‘zbekistonda 2019 yildan joriy etilgan DSTI talabi qarz oluvchining oylik to‘lov qobiliyatini hisobga olsa-da, ko‘p hollarda kreditlarning uzoq muddatga ajratilishi qarz oluvchining qarz miqdorini uning daromadga nisbatan keskin oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa iqtisodiy sharoitlar qat’iylashgan sharoitda (masalan, ishsizlik yoki daromadlarning pasayishi) jiddiy moliyaviy xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligini va bunday holatda faqatgina DSTI talabining o‘zi yetarli bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Markaziy bank tahlilida keltirilishicha, bugungi kunda xalqaro tajribada Loan-to Income (LTI) va Debt-to-Income (DTI) talablari keng qo‘llanilmoqda va aholining kredit xatarlarini tartibga solishda anchayin samarali ekanligi ta’kidlanmoqda. Ma’lumot uchun, Loan-to income (LTI) – kreditning daromadga nisbati, Debt-to-income (DTI) – qarzning daromadga nisbatini bildiradi. Markaziy bank tomonidan birinchi navbatda LTI holati o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra ushbu amaliyot kredit oluvchilarning kredit olishini cheklamaydi, faqat o‘z daromadiga nisbatan ortiqcha xatarli kreditlashnining oldini oladi. DTI talabi esa qarz oluvchilarning shu turdagi barcha kreditlar bo‘yicha qarz summasini uning oylik yoki yillik daromadiga nisbatan tartibga soladi. “Ushbu vositalarning birgalikda qo‘llanilishi qarz oluvchilarning moliyaviy imkoniyatlariga mutanosib ravishda kredit olishini ta’minlab, aholining ortiqcha qarzdorlik xavfini cheklaydi hamda bank tizimining barqarorligini mustahkamlaydi. Bu orqali kredit portfeli sifati yaxshilanib, moliyaviy resurslar samarali yo‘naltiriladi va qarz oluvchilar o‘z moliyaviy majburiyatlarini daromadlari doirasida rejalashtirishga o‘tadi, bu esa uzoq muddatda kredit bozorining sog‘lom rivojlanishini ta’minlaydi”, deya xulosa qilinadi tadqiqotda.

Teglar

Mavzuga oid

Kredit ajratishda iste’molchilar uchun yangicha talablar joriy etilishi mumkin | Vaqt.uz