
O‘zbekistonda islomiy banklar: 7 yillik muhokamalardan so‘ng yo‘l ochiladimi?
17.09.2025 | 18:00449922
Vaqt.uz mazkur tashabbusning asosiy maqsad va cheklovlarini, litsenziya masalasidagi yangiliklarni, shuningdek 2018 yildan buyon davom etayotgan jarayonlarni hamda o‘zbekistonliklarning bu xizmatlarga qay darajada ehtiyoji borligini tahlil qildi.

Oliy Majlis qonunchilik palatasida 16 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga oid qonun birinchi o‘qishdayoq deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abroraxo‘ja Turdialiyev islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha ma’ruza qildi. Ta’kidlanishicha, hujjat prezidentning 2023 yil 5 sentyabrdagi qarori (PQ-292) va 2024 yil 30 avgustdagi farmoni (PF-132) ijrosini ta’minlash maqsadida Markaziy bank tomonidan xorijiy va mahalliy ekspertlar ko‘magida ishlab chiqilgan.
Abroraxo‘ja Turdialiyevga ko‘ra, islom moliyasi o‘ziga xos tamoyillar asosida quriladi: qo‘shimcha mukofot evaziga ma’lum muddatga qarzga pul berish, Islom dinida ruxsat etilmagan faoliyatni moliyalashtirish, shuningdek, shartnomalarda haddan tashqari noaniqlikka yo‘l qo‘yish taqiqlanadi. Ushbu taqiqlarga rioya qilish doimiy nazorat ostida bo‘lishi shart.
Shu sababli o‘z faoliyatida islomiy moliya standartlariga muvofiqligini ta’minlash maqsadida islomiy banklarda zarur bilim va tajribaga ega mutaxassislardan tashkil topgan islomiy moliya kengashi, islomiy moliya bo‘limi va islomiy moliya auditi faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerak.
Islomiy bank tashkil qilishda mavjud cheklovlar va yechimlar
Islomiy moliyada savdo va hamkorlik asosiy moliyalashtirish usullari hisoblanadi. Biroq amaldagi «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga muvofiq, banklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo faoliyati bilan shug‘ullanish, yuridik shaxslar tashkil etish yoki ularning ustav kapitalida ishtirok etish taqiqlanadi. Bu esa tizimni keng joriy etishda muayyan cheklovlarni keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, Soliq kodeksi talablariga ko‘ra, tovarlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQS soliq ob’ekti sifatida e’tirof etiladi. Shu sababli savdo orqali amalga oshiriladigan islomiy moliyaviy xizmatlar an’anaviy moliya xizmatlariga qaraganda qimmatroq bo‘lib qolmoqda.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Turdialiyevning ta’kidlashicha, islomiy bankchilikni to‘liq joriy etish nafaqat qonunchilikdagi cheklovlarni olib tashlashni, balki zarur institutsional asoslarni yaratishni ham talab qiladi. Shu bois Soliq va Fuqarolik kodekslariga, shuningdek, yana 8 ta qonunga xalqaro tajribaga, jumladan, Malayziya, Turkiya, BAA va qo‘shni davlatlar amaliyotiga tayangan holda o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.
Litsenziya masalasi
Loyihaga ko‘ra, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus litsenziya joriy etiladi. Bu banklarga nafaqat to‘liq islomiy bank ochish, balki an’anaviy banklar tarkibida «islomiy darcha» («islamic window») tashkil etish imkonini ham beradi. Shuningdek, islomiy moliyaviy operatsiyalarning asosiy turlari — murabaha, mudoraba, musharaka, vakola va salom huquqiy jihatdan aniqlanmoqda.
Mavjud qonunlardagi cheklovlarni bartaraf etish maqsadida, banklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo faoliyati bilan shug‘ullanish, yuridik shaxslarni tashkil etish va ustav kapitalida ishtirok etish imkoni berilishi taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, islomiy moliya operatsiyalari uchun maxsus soliq rejimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Turdialiyevning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi «islomiy bank faoliyati», «islomiy moliyaviy xizmatlar», «islomiy moliyaviy standartlar» kabi yangi tushunchalarni kiritishni ham nazarda tutadi. Uning ta’kidlashicha, hujjatning qabul qilinishi mamlakatda islomiy bankchilikni xalqaro standartlar asosida amalga oshirish uchun zarur huquqiy asos yaratadi.
Loyihaga asosan, Markaziy bank va tijorat banklari qoshida islomiy moliya kengashlari tashkil etilib, ularning vakolat va vazifalari aniq belgilanadi. Markaziy bankka esa standartlarni tasdiqlash, banklar kengashlari va ular a’zolarini baholash huquqi beriladi.
Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Endi hujjat ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ko‘rib chiqilib, Senatga yuboriladi.
Islomiy banklar nima va uning odatiy banklardan farqi qanday?
Islomiy bankchilik shariat qonun-qoidalari asosida tashkil etilgan moliyaviy tizim hisoblanadi. Uning eng asosiy xususiyati – foiz (ribo)ning taqiqlanishidir. An’anaviy banklarda qarz berib, undan foiz olish orqali daromad topilsa, islomiy banklarda bu yo‘lga yo‘l qo‘yilmaydi. Shariat qoidalariga ko‘ra, foiz orqali pul ishlash gunoh sanaladi, shu bois banklar o‘z daromadini boshqa usullar orqali qo‘lga kiritadi.
Bu tizimda bank va mijoz munosabati kreditor va qarzdor o‘rtasidagi munosabatdan ko‘ra sheriklik va hamkorlikka yaqinroq. Masalan, bank mijoz istagan tovarni o‘z mablag‘iga xarid qilib, ustama qo‘shgan holda qayta sotishi mumkin — bu «murobaha» deb ataladi. Yoki bank mijoz bilan sheriklik asosida investitsiya kiritib, foyda va zararni teng bo‘lishishi mumkin — bu shartnoma «musharaka» yoki «mudoraba» deb yuritiladi. Shu bilan birga, bank mulkini ijaraga berish orqali ham daromad olishi mumkin.
Odatiy bank va islomiy bank farqlari
Islomiy banklarda xavf va zarar bir tomon zimmasiga tushmaydi, balki taraflar o‘rtasida taqsimlanadi. Masalan, moliyalashtirilgan loyiha samarasiz chiqsa, bank ham zarar ko‘rishi mumkin. Bu jihatdan islomiy bankchilik an’anaviy bankchilikdan tubdan farq qiladi, chunki klassik bank tizimida qarzdor zarar ko‘rsa ham, qarz va foizni to‘lash majburiyati saqlanib qoladi.
Islomiy bankchilikda axloqiy va ijtimoiy me’yorlar ham katta ahamiyatga ega. Masalan, banklar spirtli ichimliklar, qimor, pornografiya yoki boshqa harom sohalarga sarmoya kiritishga yo‘l qo‘ymaydi. Har bir moliyaviy operatsiya aniq shartnoma bilan amalga oshirilishi va real aktivlarga bog‘liq bo‘lishi shart. An’anaviy banklar esa asosan foizli kreditlar, depozitlar, obligatsiyalar va pul bozori instrumentlari orqali ishlaydi.
Markaziy bank departamenti rahbari Sanjar Nosirovning tushuntirishicha, odamlar ko‘pincha «muammolarim islomiy bank orqali yechilib ketadi» deb hisoblaydi. Ko‘pchilik islomiy moliya xizmatini mutlaqo tekin, yoki an’anaviy bankka qaraganda arzon deb o‘ylaydi. Shuningdek, «an’anaviy bank menga kredit bermayapti, islomiy bankka borarman, albatta pul olaman» degan fikrlar ham tarqalgan. Aslida esa bu noto‘g‘ri.
Foiz ko‘rinishida ifodalanmagani bilan, islomiy banklarda ham pulning narxi mavjud. Faqat u boshqacha shaklda namoyon bo‘ladi. Shariat qoidalariga ko‘ra, pulning o‘zi vaqt bilan birga qo‘shilib qo‘shimcha daromad yaratmasligi kerak. Ya’ni «men pul berdim, bir yildan keyin ko‘proq qilib qaytar» degan tartibga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yana bir muhim jihat — islomiy bank xizmatlari narxi ko‘p hollarda qimmatroq bo‘ladi. Buning sababi, bu bozor hali yetarlicha rivojlanmagani, mablag‘ kamligi hamda talab va taklif miqdorining cheklanganidir. Shu bois islomiy bank xizmatlarida xarajatlar yuqori, narxlar ham an’anaviy bank xizmatlariga nisbatan yuqoriroq chiqishi tabiiy hol hisoblanadi.
O‘zbekistonda qachondan harakat boshlangan?
Islomiy banklarni tashkil qilish masalasi kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q, bu 2018 yildan beri muhokama qilinadi. 2018 yilda «O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi muhokama portaliga joylashtirilgandi. Ammo, hanuz hujjat qabul qilinmadi.
Islom taraqqiyot banki vakili Husan Hasanovning fikricha, islom bankining joriy etilishi orqali mamlakatga 10 mlrd dollargacha qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb etilishi mumkin edi. Bunga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillardan biri sifatida infratuzilma, me’yoriy-huquqiy baza, depozitlarni himoya qilishning yo‘qligi hamda moliyaviy to‘siqlar tilga olingan.
Bundan tashqari, 2021 yilda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari Ilhom Norqulov islomiy moliyalashtirish to‘liq joriy etilmaganligi sababini izohlagan:
«Gap shundaki, mamlakat aholisining moliyaviy savodxonlik darajasi ancha past. Ehtimol, odamlar oddiy bank xizmatlari haqida nimadir bilishadi, lekin islomiy moliyalashtirish haqida deyarli ma’lumotga ega emas. Aholining moliyaviy savodxonligi oshishi bilan islomiy bank tizimini joriy etish ancha osonlashadi», — degan Norqulov.
Shu o‘rinda, 2021 yilda Markaziy bank raisi Mamarizo Norqulov 14 ta bankda islomiy darcha yo‘lga qo‘yilganini aytgan edi.
2022 yilda O‘zbekiston islom moliyasi bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilot — Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya va auditorlik tashkiloti bilan hamkorlik o‘rnatdi.
2023 yil sentyabr oyida tasdiqlangan «O‘zbekiston-2030» strategiyasida kamida 3 ta tijorat bankida islom moliyasi mezon va tartiblarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Xususan, «Vatandosh» intellektual klubida islom moliyasi joriy etilishi natijasida qariyb 10 mlrd dollarlik investitsiyalar jalb qilinishi, 100 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi mumkinligi aytilgan edi.
2024 yil 18 aprel kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorligi va yil oxirigacha parlamentga kiritilishini aytgan. Shu yili dekabrda O‘zbekiston Markaziy banki Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga a’zo bo‘lgan edi.
O‘zbekistonliklarga islomiy banklar qay darajada zarur?
BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) so‘rovnomasiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 68 foizi, biznes vakillarining esa 60 foizi diniy e’tiqodi sabab an’anaviy bank xizmatlaridan foydalanishni istamaydi.
2023 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda «Apex bank» boshqaruv raisi (o‘sha paytdagi rahbar) Bahrom No‘’monov aholining 20 foizi diniy sabablarga ko‘ra kredit tizimidan foydalanmasligini ma’lum qilgandi.
Bundan tashqari, 2024 yilda prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda biznes vakillarining 38 foizi islomiy moliya asosida resurs olish istagida ekanligini aytgandi.
Bu masalada iqtisodchi Valijon Turaqulov munosabat bildirgan:
«Banklarga ishonchdan tashqari, odamlarimizning e’tiqodi ham jamg‘arish usullarini tanlashda katta o‘rin tutadi. Shuning uchun tezroq islomiy banklar va moliyaviy xizmatlar sonini ko‘paytirishimiz lozim. Aholisining 85–90 foizi musulmon bo‘lgan davlatda hech bo‘lmaganda birorta islomiy bank va moliyaviy xizmatning mavjud emasligi juda katta iqtisodiy «uyat» hisoblanadi», — deydi iqtisodchi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda islomiy moliya, ayniqsa, bank xizmatlariga ehtiyoj katta. Yuqoridagi raqamlar buning qay darajada dolzarb ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Mahliyo Hamidova tayyorladi.
| Jihatlar | An’anaviy bank | Islomiy bank |
| Daromad manbai | Qarzdan foiz olish orqali | Savdo (murobaha), sheriklik (mushoraka, mudoraba), ijara orqali |
| Foiz (ribo) | Asosiy mexanizm hisoblanadi | Shariatda harom, qatiy taqiqlangan |
| Mijoz bilan munosabat | Kreditor – qarzdor | Sheriklik va hamkorlik |
| Xavf taqsimoti | Xavf asosan qarzdor zimmasida | Xavf va zarar taraflar o‘rtasida bo‘linadi |
| Investitsiya yo‘nalishi | Barcha sohalarga yo‘naltirilishi mumkin | Harom sohalarga (spirtli ichimliklar, qimor, pornokrafiya) sarmoya yo‘naltirilmaydi |
| Shartnoma xususiyati | Ko‘pincha pul aylanmasi va qarz shartnomasiga asoslangan | Har bir operatsiya aniq shartnoma va real aktivlarga bog‘langan |
| Xizmat narxi | Bozor raqobatiga qarab shakllanadi, ko‘p holda arzonroq | Xizmat qimmatroq (bozor rivojlanmagani, mablag‘ kamligi va talab cheklangani uchun) |
| Axloqiy me’yorlar | Iqtisodiy samaradorlik asosiy o‘rinda | Axloqiy va ijtimoiy me’yorlar ustuvor |





