Logo

«Click» FINOBOD–2026 forumida: SuperApp rivoji va sun’iy intellekt agentlari faoliyatini nazorat qilish

«Click» vakillari to‘lov xizmatlarining vazifalari qanday o‘zgarayotgani hamda moliya sohasida mustaqil ishlaydigan sun’iy intellekt agentlaridan foydalanish uchun qanday sharoitlar zarurligi haqida so‘z yuritdi.

«Click» FINOBOD–2026 forumida: SuperApp rivoji va sun’iy intellekt agentlari faoliyatini nazorat qilish

12–14-noyabr kunlari Toshkentda FINOBOD–2026 xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Forumning biznes dasturida «Click» Kuzatuv kengashi a’zosi Naima Mirzayeva va axborot texnologiyalari bo‘yicha direktor Aleksey Shatilov ishtirok etdi.

To‘lov xizmatlarining o‘rni qanday o‘zgarmoqda?

«Banklar va to‘lov platformalari» sessiyasida Naima Mirzayeva SuperApp rivoji haqida gapirdi. O‘tgan 15 yil ichida «Click» mobil to‘lovlar xizmatidan kundalik hayotdagi turli masalalarni hal qilishga yordam beradigan xizmatlar ekotizimiga aylandi. Bugun ilova orqali nafaqat to‘lov qilish, balki oilaviy xarajatlar, uy-joy va avtomobil bilan bog‘liq masalalarni ham hal qilish mumkin.

Ilovaga yangi xizmatlar qo‘shilgani sari undan foydalanish qulayligini saqlab qolish ham muhim. Foydalanuvchi o‘ziga kerakli xizmatni oson topishi va ortiqcha harakatlarsiz ishini bitira olishi kerak.

«15 yil avval bizning asosiy maqsadimiz odamlarga telefon orqali to‘lov qilish imkoniyatini yaratish edi. Bugun esa foydalanuvchi to‘lovni qanday amalga oshirish haqida o‘ylab o‘tirmasligini istaymiz. Murakkab jarayonlarni texnologiya bajarishi, foydalanuvchi uchun esa hammasi oddiy, qulay va uning nazoratida bo‘lishi kerak», — dedi Naima Mirzayeva.

Sessiyada ishonch masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Firibgarlikning oldini oluvchi texnologiyalar bilan bir qatorda, foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash ham muhim. Agar biror muammo yuzaga kelsa, inson qayerga murojaat qilish va qanday yordam olishni bilishi kerak.

2

Sun’iy intellekt harakatlari uchun kim javobgar?

Aleksey Shatilov «Moliyaviy xizmatlarda sun’iy intellekt va avtonom agentlar» hamda «Inson va yangi raqamli muhit» sessiyalarida qatnashdi. Muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri sun’iy intellekt agentlariga qanchalik mustaqillik berish mumkinligi bo‘ldi. Bunday tizimlar turli vazifalarni mustaqil bajarishi va boshqa xizmatlar bilan ishlashi mumkin. Biroq moliya sohasida ulardan foydalanishdan oldin agent qaysi ma’lumotlar va operatsiyalarga kirish huquqiga ega bo‘lishi, qaysi harakatlar esa inson tomonidan tekshirilishi kerakligini aniq belgilab olish zarur.

«Sun’iy intellekt agentiga vazifani topshirish mumkin, ammo javobgarlikni emas. Uning har bir harakati uchun mas’ul inson bo‘lishi, tizim chiqib keta olmaydigan chegaralar belgilanishi va qaror nima asosda qabul qilingani haqida ma’lumot saqlanishi kerak. Bu shunchaki texnik qaydlar emas. Shundagina agent noaniqlik keltirib chiqaradigan tizim emas, balki ishonchli ish vositasiga aylanadi», — dedi Aleksey Shatilov.

Yangi raqamli muhitga bag‘ishlangan sessiyada ham ushbu mavzu davom ettirildi. Unda insonning raqamli shaxsini himoya qilish va tizim noto‘g‘ri qaror qabul qilgan taqdirda, bu qarorga e’tiroz bildirish imkoniyati muhokama qilindi.

«Click» SuperApp’ni rivojlantirish va sun’iy intellektni joriy etishda odamlarning kundalik hayotiga mos keladigan, ularning haqiqiy ehtiyojlariga javob beradigan xizmatlar yaratishga intilmoqda. Bunda yangi texnologiyalarni joriy etish bilan birga, xavfsizlikni ta’minlash, tizimlarning qanday ishlashini foydalanuvchilarga tushunarli qilish va shaxsiy ma’lumotlarga mas’uliyat bilan yondashish ham muhim o‘rin tutadi.

Reklama

Теглар

Мавзуга оид