Kommunal to‘lovlar va yoqilg‘i narxlarning qimmatlashuvidan hanuz aholining xavotirlari yuqori — Markaziy bank
Avgustda daromad oshgani sari aholining inflyatsion kutilmalari ham yuqorilagan. Ayniqsa, oyiga 30 mln so‘mdan ko‘proq daromad qiladiganlarning narxlar oshishidan xavotiri eng kam daromad oladiganlarnikidan qariyb ikki baravar yuqori bo‘lgan. Vaqt.uz avgust oyidagi inflyatsion kutilmalarni daromad, soha va hududlar kesimida tahlil qildi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaAvgust oyida aholining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 3,1 foizga tushib, 9,8 foizni tashkil qildi. Bu inflyatsion kutilmalar bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazila boshlanganidan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Manba: Markaziy bank
Odamlarni eng ko‘p o‘ylantirayotgan masala, albatta, kommunal xizmatlar, yoqilg‘i, energiya va yo‘lkira narxlarining oshishi bo‘lmoqda. Deyarli har ikkita odamdan biri kommunal to‘lovlar qimmatlashishidan xavotirda ekanini aytmoqda. Xususan, avgust oyida kommunal xizmatlar bo‘yicha bu ko‘rsatkich 53 foizni, yoqilg‘i va energiya bo‘yicha esa 52 foizni tashkil qildi. May oyida esa kommunal to‘lovlardan tashvishlanadiganlar ulushi hatto 59 foizga yetgan edi.
Tabiiyki, yoqilg‘i va energetika narxining o‘zgarishi yo‘lkira va transport xarajatlariga ham ta’sir qilmasdan qolmaydi. Shuning uchun avgust oyida so‘rovda qatnashganlarning 32 foizi transport xarajatlari oshishini ham inflatsiyaga sabab bo‘luvchi omil sifatida ko‘rsatib o‘tgan.
Valuta kursining o‘zgarishi ham odamlarni avvalgidek tashvishga solmayapti. Avgustda aholining 14 foizi buni asosiy muammo sifatida ko‘rsatgan.
Ma’lumot uchun, oy davomida so‘m 1,7 foizga kuchayib, 2026 yildagi eng katta oylik mustahkamlanishni qayd etdi. Yil boshidan buyon esa milliy valuta dollarga nisbatan 1,9 foizga mustahkamlangan.
Shuningdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi va narxlarning ko‘tarilishi esa 21 foizni tashkil topdi.

Manba: Markaziy bank
Qish yaqinlashgani sari tadbirkorlarning yoqilg‘i va energiya narxlari bo‘yicha xavotiri kuchaygan. Avgustda biznes vakillarining 55 foizi xarajatlarning oshishi narxlarga ta’sir qilayotganini bildirgan. Iyulda ko‘rsatkich 54 foiz bo‘lgandi.
Kommunal xizmatlar bo‘yicha xavotir esa yoz oylaridayoq sezilgan. May oyida tadbirkorlarning 59 foizi kommunal to‘lovlar oshishini qayd etgan bo‘lsa, avgustda esa bu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil qilgan. Buning biznes uchun oddiy sababi bor: elektr, gaz va yoqilg‘i qimmatlashsa, mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish xarajati o‘z-o‘zidan oshadi.
Sohalar kesimida holat qanday?
Aholining aksariyat qatlamlarida inflyatsion kutilmalar o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori. Eng yuqori kutilmalar IT va OAV vakillarida — 11,4 foiz bo‘lgan.
Maishiy xizmatlar, tashish va turizm sohalarida ham kutilmalar 10,8–11,1 foiz atrofida bo‘lgan. Bunga xizmatlar narxi, import texnologiyalari, yoqilg‘i va tashish xarajatlaridagi o‘zgarishlar ta’sir qilishi mumkin.
Aksincha, talabalar va qishloq xo‘jaligi vakillarida esa bu ko‘rsatkich 8,7 foizni tashkil etgan. Qishloq xo‘jaligida kutilmalarning nisbatan pastligi oziq-ovqat narxlarining mavsumga qarab o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.

Manba: Markaziy bank
Tadbirkorlarning narxlar oshishi bo‘yicha qarashlari ham sohaga qarab farq qilgan. Eng yuqori kutilmalar tashish xizmatlari va ilm-fan hamda ta’lim sohalarida 10,9 foizdan qayd etilgan.
Qishloq xo‘jaligida esa bu ko‘rsatkich 10,6 foiz bo‘lgan. Bu sohalarda yoqilg‘i, xomashyo, texnika va boshqa xarajatlarning oshishi narxlarga tezroq ta’sir qilishi mumkin.
Eng past kutilmalar hunarmandchilikda 7 foizni tashkil etgan. Savdoda 8,7 foiz, qurilishda esa 9,2 foiz bo‘lgan. Ya’ni tadbirkorlar kelgusidagi narxlarni, avvalo, o‘z faoliyatida qancha xarajat qilishi va bu xarajatlar qanday o‘zgarishiga qarab baholamoqda.

Manba: Markaziy bank
Hududlarda inflyatsion kutilmalar o‘rtasidagi farq ham sezilarli. Aholi kelgusi narxlar bo‘yicha eng yuqori kutilmani Farg‘onada bildirgan — 11,7 foiz. Jizzaxda esa bu ko‘rsatkich 8,1 foiz bilan eng past bo‘lgan. Toshkent shahrida aholining kutilmasi 11,4 foizni tashkil etgan.
Tadbirkorlar orasida natija biroz boshqacha manzarani ko‘rish mumkin. Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlarning kutilmalari 11,5 foiz bilan eng yuqori, Navoiyda esa 8,3 foiz bilan eng past natija qayd etilgan. Farg‘onada biznes vakillarining kutilmasi 11,4 foiz bo‘lgan.
Shunday qilib Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar kutilmasi aholinikidan 1,1 foiz band yuqori bo‘lgan. Farg‘onada esa aksincha, aholi kutilmasi tadbirkorlarnikidan 0,3 foiz band yuqori.
Nega daromadi yuqori qatlamda inflyatsion kutilmalar balandroq?
Avgustdagi so‘rovda daromad oshgani sari inflyatsion kutilmalar ham oshgan. 2 mln so‘mgacha daromad oluvchilarda bu ko‘rsatkich 7,9 foiz bo‘lgan. 7 mln so‘mdan yuqori daromad guruhlarida 10,6 foizdan oshgan. 30 mln so‘mdan yuqori daromad oluvchilarda esa 15,8 foizga yetgan.

Manba: Markaziy bank
Buning asosiy sababi xarajatlar tarkibida. Daromadi yuqori odam oziq-ovqatdan tashqari ta’lim, tibbiyot, transport, xizmatlar va import mahsulotlariga ham ko‘proq pul sarflaydi. Shu sababli u turli bozorlardagi narx o‘zgarishlarini ko‘proq sezadi.
Daromadi yo‘q yoki 2–4 mln so‘mgacha bo‘lganlarda kutilmalar 9,8 foizlik o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham past. Bu narx oshishi ularga kamroq ta’sir qiladi degani emas. Ular uchun asosiy masala kelajakdagi inflatsiyani baholashdan ko‘ra, bugungi xarajatlarni qoplash asosiy muammo.
Aholi inflatsiyani qanday sezdi?
Avgustda aholi narxlar bir yil ichida 10,1 foizga oshganini sezgan. Iyulda bu ko‘rsatkich 10,3 foiz edi, ammo odamlarning narxlar haqidagi bahosi bir biridan farq qiladi. Bunga ularning daromadi, yashash joyi va kundalik xarajatlari sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, Farg‘onada aholi narxlar oshishini 11,7 foiz deb baholagan bo‘lsa, Jizzaxda bu ko‘rsatkich 8,1 foiz bo‘lgan. Ikki hudud o‘rtasidagi farq 3,6 foiz band.
Daromad bo‘yicha farq bundan ham katta. Oyiga 2 mln so‘mgacha daromad qiladiganlarda sezilgan inflatsiya 7,7 foiz bo‘lgan. 4–7 mln so‘m daromad qiladiganlarda 10,4 foiz, 7–10 mln so‘m daromad qiladiganlarda 11,1 foizga chiqqan. 30 mln so‘mdan ko‘p daromad qiladiganlarda esa 19,3 foizni tashkil qilgan. Ya’ni bu guruh narxlar o‘sishini 2 mln so‘mgacha daromad qiladiganlarga qaraganda 2,5 baravar yuqori baholagan.
Markaziy bank ham daromad darajasi iste’mol tarkibiga ta’sir qilishini qayd etdi. Iyul-avgustda odamlar narxlar oshishini eng ko‘p kundalik xarajatlariga kiradigan xizmatlarda sezgan. Maishiy xizmatlar va ta’mirlashda bu ko‘rsatkich 58 foizga yetgan. Ta’lim xizmatlari 42 foiz, ijara 27 foiz, tibbiy xizmatlar 23 foizni tashkil qilgan. Yo‘lkira va tashish 15 foiz, kafe va restoranlar 13 foiz bo‘lgan.

Manba: Markaziy bank
Oziq-ovqat narxlaridagi o‘zgarishlar ham kundalik xarajatlarga bevosita ta’sir qilmoqda. Non va un narxlarining oshishini respondentlarning 46 foizi sezgan. Shakar va qandolat mahsulotlarida bu ko‘rsatkich 27 foiz, tuxumda 19 foiz, guruchda 17 foiz bo‘lgan. O‘simlik yog‘i va meva-sabzavotlarda esa 11 va 13 foizni tashkil qilgan.
Boshqa xarajatlarda ham narxlar oshishi odamlarning kundalik budjetiga kirib borgan. Dorilar narxini 17 foiz, qurilish mollari narxini 14 foiz, kiyim va poyafzal narxini 13 foiz respondent sezgan. Elektr va tabiiy gazda bu ko‘rsatkich 12 foiz bo‘lgan.
Shu nuqtadan qaraganda, inflyatsion kutilmalarning pasayishi hali narxlar bosimi yo‘qoldi degani emas. Aholi uchun muhim jihat — oy oxirida kundalik xarajatlarga qancha pul ketayotgani, tadbirkor uchun esa energiya, yoqilg‘i va transport xarajatlari qanday o‘zgarayotganida.
Shuning uchun inflatsiyani barqaror pasaytirishda faqat yakuniy narxlarni emas, ularni oshirayotgan xarajatlarni ham jilovlash muhim. Ayniqsa, energiya va kommunal tariflarining boshqa narxlarga ta’sirini hisobga olish, biznes xarajatlaridagi noaniqlikni kamaytirish va kundalik ehtiyojlar narxining barqarorligi esa odamlarning inflatsiya bo‘yicha xavotirini kamaytiradi.
Теглар






