Logo

O‘zbekistonda to‘qqiz oy ichida 18 mingdan ortiq kishi qamoq jazosiga hukm qilindi

Бугун 11:242 дақиқа

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar 57 mingdan ortiq kishiga hukm chiqardi.

O‘zbekistonda to‘qqiz oy ichida 18 mingdan ortiq kishi qamoq jazosiga hukm qilindi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 57 376 nafar kishiga nisbatan sud hukmi chiqarilib, ularning 18 026 nafari (31,4 foizi) ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, 38 737 kishiga boshqa turdagi jazolar tayinlangan bo‘lsa, yana 613 kishi shartli hukm qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning o‘tgan davrida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 78 739 kishiga nisbatan 64 902 ta ish ko‘rib chiqilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning to‘liq davomida sudlar ko‘rgan ishlardan 1725 taga ko‘pdir.

Ishlarning katta qismi Toshkent shahri, Farg‘ona, Toshkent, Samarqand va Andijon viloyatlarida ko‘rib chiqilgan.

Ko‘rib chiqilgan ishlar asosan firibgarlik, o‘g‘rilik, transport vositalaridan foydalanish yoki harakat xavfsizligi qoidalarini buzish, giyohvandlik va psixotrop moddalar aylanmasi, qasddan tan jarohati yetkazish, talon-toroj qilish, bezorilik hamda hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan.

Sudlanganlar orasida 50 435 nafar erkak va 6941 nafar ayol bor. Ularning 21 670 nafarini yoshlar (shundan 2097 nafari voyaga yetmaganlar), 2052 nafarini esa 60 yoshdan oshgan shaxslar tashkil etadi.

Oqlov hukmlari va javobgarlikdan ozod qilish holatlari

Hisobot davrida sudlar 385 kishini oqladi va reabilitatsiya qildi. Ularning 161 nafari (qariyb 42 foizi) qatag‘on qurbonlari hisoblanadi. Shu bilan birga, taraflar yarashgani munosabati bilan 18 844 kishi jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan. 2025 yil davomida bunday shaxslar 13 224 nafarni tashkil qilgan edi.

Ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangani ortidan 6 377 kishi sud zalining o‘zidayoq qamoqdan ozod qilingan. Tergovga qadar tekshiruv organlari tomonidan asossiz qo‘yilgan moddalar 13 938 kishiga nisbatan ayblovdan chiqarildi yoki qayta kvalifikatsiya qilindi.

Kafolat xatlari asosida 47 kishiga (jumladan, yoshlar va ayollarga) ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. Yana 26 794 kishi jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 8761 nafar sudlanganning jazosi esa yengilrog‘i bilan almashtirilgan.

Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish tartibida ko‘rib chiqqan 646 kishiga oid ishlardan 283 nafari bo‘yicha (qariyb 44 foiz) quyi sudlar qarorlarini bekor qildi yoki o‘zgartirdi. Bundan tashqari, jinoyatlarning sabablarini bartaraf etish maqsadida sudlar tomonidan 34 325 ta xususiy ajrim chiqarilib, tegishli idoralarga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda to‘qqiz oyda 77 mingdan ortiq kishi ma’muriy qamoqqa olingani xabar qilingandi.

Теглар

Мавзуга оид