Logo

Qirg‘iziston — 2, O‘zbekiston — 4-o‘rinda: Osiyoda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha qaysi davlatlar yetakchi?

Osiyo taraqqiyot banki 2026 yilda rivojlanayotgan Osiyo va Tinch okeani mintaqasi iqtisodiyoti 5 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Sun’iy intellekt bumi ortidan Tayvan 11 foizlik ko‘rsatkich bilan mutlaq yetakchiga aylangan bo‘lsa, O‘zbekiston 7 foizlik o‘sish bilan mintaqada yuqori o‘rinlardan birini band etdi.

Qirg‘iziston — 2, O‘zbekiston — 4-o‘rinda: Osiyoda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha qaysi davlatlar yetakchi? © getmidas.com

Osiyo 2026 yilda ham dunyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiy mintaqalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq o‘sish sur’atlari davlatlar kesimida keskin farq qiladi. Sun’iy intellekt va yarimo‘tkazgichlar eksporti Tayvan iqtisodiyotiga kuchli turtki berayotgan bir vaqtda, Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘sish asosan ichki talab, investitsiyalar, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari hisobiga ta’minlanmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) e’lon qilgan «Asian Development Outlook» hisobotida rivojlanayotgan Osiyo va Tinch okeani mintaqasining 2026 yilgi iqtisodiy o‘sish prognozini 5 foizga ko‘tardi. Bu iyul oyidagi baholashdan 0,1 foiz bandga yuqori bo‘lsa-da, 2025 yilda qayd etilgan 5,5 foizlik o‘sishdan pastroq. 2027 yilda esa mintaqaviy iqtisodiy o‘sish 5,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

OTB tahlillariga ko‘ra, xususiy investitsiyalar, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlari va sun’iy intellekt bilan bog‘liq texnologiyalar eksporti o‘sishning asosiy drayverlari hisoblanadi. Shu bilan birga, energetika inqirozi, geosiyosiy ziddiyatlar va iqlim o‘zgarishi mintaqa iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Osiyoning eng tez o‘suvchi iqtisodiyotlari

OTBning sentabrdagi prognozlari asosida «Visual Capitalist» nashri Osiyodagi tanlangan 18 ta davlat iqtisodiyotini o‘sish sur’ati bo‘yicha taqqosladi. Unga ko‘ra, Tayvan birinchi, Qirg‘iziston ikkinchi va Viyetnam uchinchi o‘rinni egallagan.

Taqqoslash natijalari:

O‘rin

Mamlakat

2026 yilgi YAIM o‘sishi prognozi

1

Tayvan

11,0%

2

Qirg‘iziston

8,9%

3

Viyetnam

7,8%

4–6

Tojikiston

7,0%

4–6

O‘zbekiston

7,0%

4–6

Hindiston

7,0%

7

Butan

6,5%

8–9

Gruziya

6,3%

8–9

Turkmaniston

6,3%

10

Mo‘g‘uliston

5,7%

11

Indoneziya

5,2%

12–13

Armaniston

5,0%

12–13

Singapur

5,0%

14

Malayziya

4,9%

15

Qozog‘iston

4,8%

16

Xitoy

4,6%

17

Gonkong

4,2%

18

Shri-Lanka

4,0%

Nega Tayvan iqtisodiyoti 11 foizga o‘smoqda?

Ro‘yxat karvonboshisi bo‘lgan Tayvan uchun OTB 2026 yilgi o‘sish prognozini iyul oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan birdaniga 1,5 foiz bandga oshirib, 11 foizga yetkazdi. Bank buni sun’iy intellekt (SI) bilan bog‘liq mahsulotlar eksportining keskin o‘sishi bilan izohlagan.

Tayvan jahon yarimo‘tkazgichlar sanoatining yuragi hisoblanadi. Mamlakatda mikrochiplar, serverlar va yuqori samarali hisoblash tizimlari uchun eng muhim elektron komponentlar ishlab chiqariladi. SI infratuzilmasiga kiritilayotgan global investitsiyalarning ortishi ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabni misli ko‘rilmagan darajada oshirib yubordi.

Raqamlar ham buni tasdiqlaydi. 2026 yilning birinchi yarmida Tayvan iqtisodiyoti 14,1 foizga, jumladan, ikkinchi chorakda 12,9 foizga o‘sgan.

Eksport va investitsiyalardagi rekordlar:

  • Texnologiya eksporti: Birinchi yarim yillikda dollar hisobida 65 foizga oshgan.

  • Umumiy eksport: 28 foizga ko‘paygan.

  • Import: 22 foizga o‘sgan (bu asosan kelgusi talabni qondirish uchun texnologiya mahsulotlari zaxirasini shakllantirish bilan izohlanadi).

  • Iste’mol va investitsiya: Xususiy iste’mol qariyb 6 foizga yetgan (2025 yilda bu ko‘rsatkich atigi 1 foiz edi). Korxonalarning asosiy kapitalga yo‘naltirgan investitsiyalari esa qariyb 10 foizga ko‘paygan.

Kuz oylarida ham bu tendensiya sekinlashmadi. Dastlabki baholashlarga ko‘ra, uchinchi chorakda YAIM o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,36 foizga o‘sib, so‘nggi 48 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Oktyabr oyida esa tovarlar eksporti 96,76 milliard dollarni tashkil etib (yillik o‘sish 58,9 foiz), mamlakat tarixidagi mutlaq rekordni o‘rnatdi. Tashqi savdoning ijobiy saldosi bir oyning o‘zida 27,88 milliard dollarga yetgan.

Tayvandagi mahalliy tashkilotlarning kutilmalari yanada yuqori. Xususan, Tayvan iqtisodiy tadqiqotlar instituti (TIER) noyabr oyida YAIMning yillik o‘sish prognozini 12,34 foizga, Markaziy bank esa 11,48 foizga ko‘tardi.

Markaziy Osiyoda kim tezroq rivojlanmoqda?

OTB prognozida Markaziy Osiyo davlatlari ham barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda.

  • Qirg‘iziston (8,9%): Mintaqada birinchi, umumiy ro‘yxatda esa Tayvandan keyingi ikkinchi o‘rinni egallagan. Bu iyul oyidagi ko‘rsatkich bilan bir xil.

  • O‘zbekiston (7,0%): Bank mamlakatning 2026 yilgi YAIM o‘sishi prognozini iyuldagi 6,7 foizdan 7 foizga ko‘tardi. Iqtisodiy faollikning avval kutilganidan yuqori bo‘lgani bunga asosiy sabab sifatida keltirilgan.

  • Tojikiston (7,0%): Sentyabr hisobotida prognoz 7,3 foizdan 7 foizga tushirildi. Sabab — Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushning keskinlashishi hamda yoqilg‘i importidagi uzilishlar.

  • Turkmaniston (6,3%): O‘sish prognozi iyul oyidagi darajada o‘zgarishsiz qolgan.

  • Qozog‘iston (4,8%): Mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti 2026 yilda 4,8 foiz, 2027 yilda esa 4,5 foiz o‘sishi kutilmoqda.

Iqtisodiy xavflar: energiya, iqlim va inflatsiya

OTB Osiyo iqtisodiyotidagi ijobiy raqamlar bilan bir qatorda jiddiy xavflarni ham sanab o‘tgan:

  1. Energetika bozoridagi beqarorlik: Yaqin Sharqdagi mojarolar va Rossiya–Ukraina urushi neft, gaz va boshqa tovarlar narxini yuqori darajada ushlab turibdi. Bu importga qaram davlatlarda ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini oshiradi.

  2. El-Nino iqlim hodisasi: 2026 yil oxiri va 2027 yil boshida kuchayishi kutilayotgan bu hodisa qurg‘oqchilik, hosildorlikning pasayishi hamda suv va elektr energiyasi ishlab chiqarishga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirishi mumkin.

  3. Moliyaviy beqarorlik va savdo urushlari: SI texnologiyalari bilan bog‘liq aksiyalar qiymatining tushib ketish ehtimoli, shuningdek, global savdodagi yangi cheklovlar investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Osiyoda inflatsiya 2025 yildagi 3 foizdan 2026 yilda 4,2 foizgacha ko‘tarilishi kutilmoqda. OTBning fikricha, energiya tashuvchilar narxining ortishi oziq-ovqat va transport xarajatlariga bevosita ta’sir qiladi.

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish prognozi oshirildi

Osiyo taraqqiyot banki 2026 yil sentabr oyida O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish prognozini 6,7 foizdan 7 foizga ko‘tardi. Bank mamlakatdagi iqtisodiy faollik avval kutilganidan yuqori bo‘lganini buning asosiy sababi sifatida ko‘rsatgan.

OTBning baholashicha, 2027 yilda O‘zbekiston YAIMi 6,8 foizga o‘sishi mumkin. Bu prognoz iyul oyidagi ko‘rsatkichdan o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Inflatsiya bo‘yicha esa vaziyat biroz boshqacha. Bank 2026 yilgi kutilmani 6,5 foizdan 6,7 foizga oshirgan. 2027 yilda iste’mol narxlari o‘sishi 5 foizgacha sekinlashishi prognoz qilinmoqda. OTB mintaqaviy hisobotida elektr energiyasi va gaz tariflarining oshishi mamlakatdagi narx bosimiga ta’sir qiluvchi omillardan biri sifatida ko‘rsatilgan.

Shu tariqa, bank O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish avvalgi prognozdan yuqoriroq bo‘lishini kutmoqda, biroq inflatsiya bo‘yicha kutilmalar ham oshirilgan.

Теглар

Мавзуга оид