Logo

Renovatsiya hududidagi mulk egalariga Yangi Toshkentdan kattaroq uy berilishi mumkin

Xonadonlarning maydoni, soni va boshqa shartlar har bir mulkdor bilan alohida kelishiladi.

Renovatsiya hududidagi mulk egalariga Yangi Toshkentdan kattaroq uy berilishi mumkin © Foto: president.uz

Toshkentdagi renovatsiya hududlarida yashovchi aholiga Yangi Toshkentga ko‘chishda o‘zlarining hozirgi uylaridan 1,5 baravargacha kattaroq xonadonlar berilishi mumkin. Bu haqda poytaxt hokimligi ma’lum qildi.

Mazkur imkoniyat prezidentning 10-noyabrdagi Yangi Toshkent va boshqa maxsus hududlarda yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonida nazarda tutilgan. Ushbu norma «Tashkent Invest» munitsipal kompaniyasi ishtirokida renovatsiya loyihalari amalga oshirilayotgan hududlarga taalluqlidir.

Farmonga muvofiq, kompensatsiya sifatida uy egalariga baholangan ko‘chmas mulk qiymatidan 1,5 baravargacha yuqori bo‘lgan yoki dastlabki maydonning 150 foizigacha bo‘lgan xonadonlar taklif qilinishi mumkin. Xususan, oilaning 50 kvadrat metrlik xonadoni bo‘lsa, variantlardan biri sifatida 75 kvadrat metrgacha bo‘lgan yangi uy ko‘rib chiqiladi.

Agar xonadon maydoni 70 kvadrat metrni tashkil qilsa, egalariga 105 kvadrat metrgacha bo‘lgan bitta kattaroq uy yoki ikkita alohida (masalan, 45 va 60 kvadrat metrlik) xonadon taklif qilinishi mumkin.

Kompensatsiya shartlari va kelishuv jarayoni

Hokimlik beriladigan ushbu imkoniyatlar qat’iy kafolatlangan shart emasligini ta’kidlagan.

«Har bir holat ko‘chmas mulkning xususiyatlari va uy egalarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda alohida ko‘rib chiqiladi», — deyiladi rasmiy xabarda.

Takliflarni tayyorlash jarayoniga mustaqil tashkilotlar jalb qilinadi. Xonadonlarning maydoni, soni va boshqa shart-sharoitlar uy egalari bilan o‘zaro kelishilgan holda hal etiladi.

Shu bilan birga, mulkdorlarning huquqlarini himoya qilish, jarayonlarning shaffofligi va kompensatsiya shartlarini kelishish tamoyillari o‘zgarishsiz qoladi.

Ma’lumot o‘rnida, shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun Qonunchilik palatasida 2025-yil 9-sentabrda qabul qilinib, Senat tomonidan 2026-yil 7-aprelda ma’qullangan edi. Iyun oyida esa Prezident tomonidan imzolagandi.

Теглар

Мавзуга оид