Telefonlar uchun bekor qilinadigan boj, Yangi Toshkentdagi yirik imtiyozlar va Aeroportda bekor qilingan IMEI cheklovi — 11-noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

To‘lanmagan jarimalar uchun avtomobillarni jarima maydonchasiga joylashtirish tartibi tasdiqladi
Ichki ishlar vazirligining 2027 yil 7-yanvardan kuchga kiradigan yangi yo‘riqnomasiga asosan, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimani 60 kun ichida to‘lamagan qarzdorlarning avtomobillari jarima maydonchasiga joylashtiriladi. Qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar YHXX inspektorlarining planshetlarida avtomatik ravishda aks etadi va ular alohida bayonnoma tuzmasdan avtomobilni ushlab turishga haqli. Biroq, haydovchi to‘xtatilgan vaqtda jarimani elektron to‘lov tizimlari orqali joyida to‘liq to‘lasa, transport vositasi jarima maydonchasiga tortilmaydi. Shuningdek, inspektorlarga huquqbuzarlardan joyida naqd pul shaklida jarima undirish qat’iyan taqiqlanadi va bayonnomalar asosan elektron shaklda (elektron imzo yoki barmoq izi bilan) rasmiylashtiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, avtomatik kameralar qayd etgan qoidabuzarliklar bo‘yicha bayonnoma tuzilmasdan, avtomobil egasiga nisbatan qaror chiqariladi. Haydovchilarga jarimani 15 kun ichida to‘lasa 50 foizlik, 30 kun ichida to‘lasa 70 foizlik chegirma beriladi (og‘ir va takroriy qoidabuzarliklardan tashqari). Bundan tashqari, bitta huquqbuzarlik uchun eng ko‘pi bilan 2 ball hisoblanadigan tizim amal qilib, bir yil ichida 12 balldan ortiq to‘plagan haydovchiga qo‘shimcha jazo tayinlash masalasi sud orqali ko‘rib chiqiladi va to‘plangan ballar bir yil o‘tgach avtomatik ravishda bekor qilinadi.
O‘zbekistonga sayohat maqsadida qaysi davlat fuqarolari eng ko‘p tashrif buyurmoqda?
2026 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda jami 11 million 622 mingdan ortiq chet el fuqarosi tashrif buyurdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,9 million nafarga yoki 19,4 foizga oshgan.
Mamlakatga kelayotgan sayyohlarning eng katta qismi hamon qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, tashrif buyuruvchilarning asosiy qismini Qirg‘iziston (3,18 mln), Qozog‘iston (2,7 mln) va Tojikiston (2,55 mln) fuqarolari tashkil etgan. Shuningdek, O‘zbekistonga eng ko‘p turist yuborgan davlatlar o‘nligidan Rossiya (1,1 mln), Afg‘oniston (432 ming), Xitoy (430 ming), Turkmaniston, Turkiya, Hindiston va Germaniya ham joy olgan.
Yangi Toshkentda investorlar 20 yilgacha soliqdan ozod qilinadi
O‘zbekiston Prezidentining 11-noyabrdagi farmoni bilan Yangi Toshkent shahrida hamda boshqa maxsus hududlarda qiymati 50 million dollar va undan ortiq bo‘lgan yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi joriy etildi. Unga ko‘ra, investitsiya hajmi kamida 50 million dollarni tashkil etadigan loyihalar doirasida foydalaniladigan obyektlar bo‘yicha yuridik shaxslar 20 yil muddatga mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashdan to‘liq ozod qilinadi. Shu bilan birga, hududlarni barpo etishga mas’ul direksiyalarga loyihalashtirish va yer uchastkalarini sotish jarayonida mustaqil qarorlar qabul qilish bo‘yicha keng vakolatlar berildi.
Shuningdek, yangi rejim doirasida loyiha obyektlarini ijaraga berish yoki sotishdan olingan foyda bo‘yicha bor-yo‘g‘i 1 foizlik stavkada foyda solig‘i to‘lanadi. Mazkur imtiyoz muddati investitsiya miqdoriga qarab belgilanadi (50 mln dollar uchun 5 yil, 100 mln dollar uchun 10 yil, 500 mln dollar uchun 15 yil). Bundan tashqari, pudratchilarning xorijiy shaxslardan sotib oladigan xizmatlari QQSdan ozod etiladi hamda investorlarning 2040 yil 1-yanvarga qadar loyihadan olgan dividendlari O‘zbekistonga qayta investitsiya qilingan taqdirda, bunday daromadlar ham soliqqa tortilmaydi.
O‘zbekistonda telefonlar uchun import boji bekor qilinishi kutilmoqda
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish arafasida chetdan olib kiriladigan mobil qurilmalar uchun import bojini to‘liq bekor qiladi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, JSTga a’zolik muzokaralari doirasida boshqa davlatlar bilan mobil telefonlar importi bo‘yicha nollik stavkani qo‘llash yuzasidan kelishuvga erishilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, bojxona boji bekor qilingach, telefonlar xaridorlar uchun taxminan 5 foizga arzonlashishi kutilmoqda, biroq qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lanishi saqlab qolinadi.
Mazkur o‘zgarishning davlat budjetiga ta’siri ham baholangan bo‘lib, hozirgi vaqtda telefonlar importidan tushayotgan qariyb 2 trillion so‘mlik daromad nollik stavka joriy etilgach, 300–400 milliard so‘mga kamayishi kutilmoqda. Bojxona qo‘mitasi mas’ullarining ta’kidlashicha, bu tartibning aynan qaysi sanadan boshlab kuchga kirishi hozircha noma’lum, ammo JSTga kirish arafasida import boji albatta nolga tushiriladi.
Bugundan Toshkent aeroportida mobil qurilmalarni bojxonadan o‘tkazishdagi cheklov bekor qilindi
Joriy yilning 11-noyabr kunidan boshlab Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan olib kelingan mobil telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish qayta yo‘lga qo‘yildi. Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyevning ma’lum qilishicha, UZIMEI va Bojxona qo‘mitasi o‘rtasidagi muzokaralar yakuniga ko‘ra, mobil qurilmalarning IMEI identifikatorlarini aniqlashda bojxonachilarga amaliy ko‘mak berish maqsadida UZIMEI vakillarining aeroportda doimiy faoliyat yuritishi belgilangan. Mazkur kelishuvdan so‘ng, bojxona postida telefonlarni rasmiylashtirishni vaqtincha to‘xtatish haqidagi chora bekor qilindi.
Cheklov olib tashlangach, shu paytgacha yo‘lovchilardan vaqtinchalik olib qo‘yilgan bir necha yuz dona mobil qurilmani o‘z egalariga qaytarish ishlari boshlab yuborildi. Eslatib o‘tamiz, aeroportlarda qimmatbaho smartfonlar (xususan, iPhone) va ularning IMEI-kodlari nazorati 6-noyabrdan kuchaytirilib, 10-noyabr kuni qurilmalarni rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatilgan edi. Bojxona qo‘mitasi bu cheklovni ayrim telefonlarda soxta yoki boshqa qurilmaga tegishli IMEI-kodlardan foydalanish holatlari ko‘paygani va ularni aniqlash uchun qo‘shimcha tekshiruvlar talab etilgani bilan izohlagan.





