Logo

Toshkentda avtobusda yo‘l haqini to‘lamaganlarga 147 mingga yaqin bayonnoma tuzildi

Бугун 13:052 дақиқа

Poytaxt avtobuslarida har kuni o‘rtacha 800 dan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamagan. Ularning qariyb 90 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yo‘lovchilarga to‘g‘ri keladi.

Toshkentda avtobusda yo‘l haqini to‘lamaganlarga 147 mingga yaqin bayonnoma tuzildi © Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamaslik holatlarining oldini olish uchun nazorat-reyd tadbirlari kuchaytirildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.

2026-yilning 1-yanvaridan 9-noyabriga qadar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi bo‘yicha jami 146 ming 537 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shundan 138 ming 780 tasi yanvar-oktabr oylariga, 7 ming 757 tasi esa noyabr oyining dastlabki to‘qqiz kuniga to‘g‘ri keladi.

Poytaxt transport bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina oktabr oyida yo‘l haqini to‘lamaslik bilan bog‘liq 25 ming 596 ta holat qayd etilgan. Bu yanvar-oktabr oylaridagi jami bayonnomalarning 18,4 foiziga teng. Noyabr oyining dastlabki to‘qqiz kunida esa kunlik o‘rtacha qoidabuzarliklar soni 862 tani tashkil qilgan.

Hozirda Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi inspektorlari avtobuslarda yo‘l haqi to‘langanini tekshirmoqda. To‘lov qilmagan yo‘lovchilar aniqlansa, ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Qoidabuzarlarning aksariyati yoshlar

Rasmiylashtirilgan bayonnomalarning 97 ming 747 tasi yoki 70,4 foizi 18–30 yoshdagi yo‘lovchilarga nisbatan tuzilgan. Yana 30 ming 533 ta bayonnoma 16–17 yoshdagi shaxslarga to‘g‘ri keladi.

Shu tariqa, 16–30 yoshdagi yo‘lovchilarga nisbatan tuzilgan bayonnomalar jami holatlarning 92,4 foizini tashkil etgan.

Jinslar kesimida esa ma’muriy bayonnomalarning 105 ming 272 tasi yoki 75,9 foizi erkaklarga, 33 ming 508 tasi yoki 24,1 foizi ayollarga nisbatan rasmiylashtirilgan.

Transport vazirligi yo‘lovchilarni jamoat transportida yurish qoidalariga amal qilishga va yo‘l haqini belgilangan tartibda to‘lashga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-sentabrdan brutto-shartnoma asosida ishlayotgan barcha shahar avtobuslarida yo‘l haqini avtobusga chiqish bilanoq to‘lash tartibi joriy etilgandi. Shundan so‘ng poytaxtda to‘lov intizomini nazorat qilish bo‘yicha reydlar kuchaytirilgan. Sentyabr oyining dastlabki sakkiz kunida 4 ming 696 yo‘lovchiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид