Logo

Uyni o‘z vaqtida topshirmagan quruvchilar har bir kechiktirilgan kun uchun jarima to‘lashi mumkin

Бугун 10:253 дақиқа

Quruvchi uyni topshirish muddatini faqat xaridorning roziligi bilan uzaytirishi mumkin. Bunda muddatni ko‘pi bilan uch oyga, jami ikki marta uzaytirishga ruxsat beriladi.

Uyni o‘z vaqtida topshirmagan quruvchilar har bir kechiktirilgan kun uchun jarima to‘lashi mumkin © Ijtimoiy tarmoqlar

Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi axborot xizmati brifingida ma’lum qilindi.

Qo‘mita ishlab chiqqan «Ko‘p kvartirali uylarni va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborilgan.

Hujjat ulushli qurilishda fuqarolar mablag‘larini himoya qilish, quruvchilarning moliyaviy mas’uliyatini oshirish va qurilish jarayonini nazorat qilishga qaratilgan.

Xaridor puli bankda saqlanadi

Loyihaga ko‘ra, fuqarolar uy xaridi uchun to‘lagan mablag‘ quruvchining hisobvarag‘iga emas, vakolatli bankda xaridor nomiga ochilgan eskrou hisobvarag‘iga tushadi. Pul uy foydalanishga topshirilib, topshirish dalolatnomasi imzolangandan keyingina quruvchiga yo‘naltiriladi. Hisobvaraqni ochish va yuritish bepul bo‘ladi.

Qurilish qiymatining kamida 70 foizi bankning loyihaviy moliyalashtirishi, ko‘pi bilan 30 foizi esa developer va quruvchi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bank mablag‘larni bajarilgan ishlar hajmiga qarab bosqichma-bosqich ajratadi. Bunda quruvchi obyektni ro‘yxatdan o‘tkazishda loyiha qiymatining kamida 10 foizi miqdorida o‘z mablag‘iga ega bo‘lishi kerak.

Eskrou hisobvarag‘idagi pul quruvchi yoki xaridor to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolgan taqdirda ham xatlanishi, hisobdan chiqarilishi yoki unga nisbatan undiruv qaratilishi mumkin emas. Shuningdek, bu hisobvaraqlar bank omonatlarini himoya qilish tizimiga kiritiladi.

Uy kechiksa, jarima to‘lanadi

Qonun loyihasida quruvchining uyni shartnomada belgilangan muddatda topshirish majburiyati ham kuchaytirilmoqda. Muddat buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun 0,01 foiz miqdorida neustoyka to‘lash taklif etilmoqda.

Qurilish muddatini uzaytirishga faqat xaridorning roziligi bilan ruxsat beriladi. Bunda muddat har safar ko‘pi bilan uch oyga, jami ikki martagacha uzaytirilishi mumkin.

Yangi uylar uchun kamida 10 yil, muhandislik uskunalari uchun esa kamida ikki yillik kafolat belgilanmoqda. Xonadonning amaldagi maydoni shartnomada ko‘rsatilganidan farq qilsa, uning narxi qayta hisoblanadi. Qurilishdagi kamchiliklar xaridorning aybi bilan yuzaga kelganini isbotlash majburiyati esa quruvchining zimmasiga yuklanadi.

Shuningdek, fuqarolardan mablag‘ jalb qiladigan tashkilotlar faqat ixtisoslashgan quruvchi sifatida faoliyat yuritishi kerak. Ularga boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish, qarz va kafolat berish hamda boshqa tashkilotlarda ishtirok etish taqiqlanadi. Bu bir qurilish loyihasi uchun yig‘ilgan mablag‘ni boshqa obyektga sarflashning oldini olishga qaratilgan.

Quruvchi rahbari va uning yakuniy benefitsiar mulkdori ham fuqarolarga yetkazilgan zarar uchun quruvchi bilan birgalikda javobgar bo‘ladi.

Muammoli obyektlarda uy sotish to‘xtatiladi

Loyihada quruvchilar uchun axborotni oshkor qilish talablari ham belgilangan. Ular qurilish jarayoni fotosuratlari va moliyaviy hisobotlarni Yagona axborot tizimida muntazam yangilab borishi shart. Loyiha deklaratsiyasi e’lon qilinmaguncha obyektni reklama qilishga ruxsat berilmaydi.

Qurilish ishlari olti oydan ortiq to‘xtab qolsa, uyni topshirish muddati buzilsa, quruvchiga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomili boshlansa yoki kafolat majburiyatlari bajarilmasa, obyekt muammoli deb topiladi. Bunday obyektlar bo‘yicha yangi shartnomalar tuzish va fuqarolardan to‘lov qabul qilish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, fuqarolardan qonunga xilof ravishda mablag‘ jalb qilgan shaxslar ularga Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravari miqdorida foiz to‘lashi kerak bo‘ladi. Qonun loyihasida bunday holatlar, shuningdek, ma’lumotlarni oshkor qilmaslik va loyiha hujjatlariga noqonuniy o‘zgartirish kiritish uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Yangi talablar qonun kuchga kirganidan keyin qurilishiga ruxsatnoma olingan obyektlarga nisbatan qo‘llanishi nazarda tutilgan. Hozircha qonun loyihasi Senatga yuborilgan, hujjat hali kuchga kirmagan.

Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz avvalroq eskrou tizimini joriy etish nega kechikayotgani, qonun loyihasi belgilangan muddatdan qariyb bir yil-u o‘n oy ortga qolgani hamda yangi tartib uy-joy xaridorlarini qanday himoya qilishi haqida yozgan edi.

Теглар

Мавзуга оид