Logo

Xalqaro raqamli texnologiyalar va AI reytingi e’lon qilindi: Qozog‘iston 41-o‘rinda, O‘zbekiston ro‘yxatda yo‘q

Shveysariyadagi nufuzli IMD biznes maktabi sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni iqtisodiyotga joriy etish bo‘yicha yangilangan «World Digital and AI Ranking 2026» global reytingini e’lon qildi. Jahonning 70 ta iqtisodiyoti baholangan ushbu ro‘yxatga Markaziy Osiyo davlatlaridan faqatgina Qozog‘iston kiritilib, 41-pog‘onani band etdi. O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari esa reytingga kiritilmagan.

Xalqaro raqamli texnologiyalar va AI reytingi e’lon qilindi: Qozog‘iston 41-o‘rinda, O‘zbekiston ro‘yxatda yo‘q

Qozog‘iston raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni (AI) iqtisodiyotga joriy etish bo‘yicha xalqaro reytingda 41-pog‘onani band etdi. Shveysariyadagi IMD biznes maktabi tomonidan e’lon qilingan 2026 yilgi «World Digital and AI Ranking» reytingida mamlakat 70 ta davlat iqtisodiyoti orasida 75,87 ball to‘plagan.

Reytingda Qozog‘iston Iordaniya (40-o‘rin) va Sloveniya (42-o‘rin) orasida joylashdi. Birinchi uchlikdan esa AQSH, Singapur va Niderlandiya o‘rin oldi. Ular mos ravishda 100, 99,79 va 97,08 ball to‘plagan.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur reytingga kiritilgan 70 ta iqtisodiyot orasida Markaziy Osiyodan faqat Qozog‘iston bor. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ushbu ro‘yxatga kiritilmagan.

Reytingda nimalar baholangan?

IMD 2026 yilda o‘zining avvalgi «World Digital Competitiveness Ranking» tizimini qayta ishlab, «World Digital and AI Ranking» nomli yangi baholash tizimini joriy qildi. Unda mamlakatlarning raqamli texnologiyalarni iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va jamiyatga tatbiq etish imkoniyatlari, sun’iy intellektdan foydalanish darajasi hamda bu jarayon uchun zarur bo‘lgan infratuzilma baholanadi.

Yangi reyting 70 ta iqtisodiyotni 88 ta mezon asosida baholaydi. Ularning 51 tasi rasmiy statistik ma’lumotlarga, 37 tasi esa IMD tomonidan rahbarlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga asoslangan.

Baholash beshta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi:

  • Davlat boshqaruvi — raqamli texnologiyalar va AI sohasidagi qonunchilik, davlat siyosati hamda tartibga solish mexanizmlari.

  • Texnologiya va infratuzilma — internet, raqamli infratuzilma, ilmiy tadqiqotlar va AI sohasiga kiritilgan investitsiyalar.

  • Samaradorlik — kompaniyalar faoliyatida raqamli texnologiyalarni qo‘llash, biznesning moslashuvchanligi va AI texnologiyalarining joriy etilishi.

  • Kadrlar salohiyati — ta’lim tizimi, mutaxassislar tayyorlash va ishchi kuchining texnologik ko‘nikmalari.

  • Qadriyatlar — kiberxavfsizlik, AI etikasi, jamiyatning yangi texnologiyalarga bo‘lgan munosabati va ishonchi.

Umumiy hisobda 88 ta mezon 15 ta kichik yo‘nalishga birlashtirilgan. Hisob-kitob jarayonida statistik ma’lumotlar umumiy natijaning uchdan ikki qismini, so‘rovnoma natijalari esa uchdan bir qismini tashkil qiladi.

Qozog‘iston qaysi yo‘nalishlarda yuqori natija ko‘rsatdi?

IMD hisobotiga ko‘ra, Qozog‘istonning eng yaxshi natijalari kadrlar tayyorlash, ta’lim va davlat xizmatlarini raqamlashtirish bilan bog‘liq yo‘nalishlarda qayd etilgan.

Xususan, mamlakat «Ta’lim va kadrlar tayyorlash» yo‘nalishida 70 ta iqtisodiyot orasida kuchli uchlikka kirgan (3-o‘rin). «Davlat xizmatlarini taqdim etish» indeksi bo‘yicha esa 4-o‘ringa ko‘tarilgan.

Shuningdek, mamlakat shaharlarida xizmatlar sifatini yaxshilash uchun sun’iy intellektdan foydalanish ko‘rsatkichi bo‘yicha 18-o‘rinni egallagan. Bu mezon shaharsozlik va kommunal xizmatlarda AI texnologiyalarini qo‘llash holatini baholaydi.

Qozog‘istonning ayrim ko‘rsatkichlari:

Ko‘rsatkich

Jahon reytingidagi o‘rni

Ta’lim va kadrlar tayyorlash

3

Davlat xizmatlarini taqdim etish

4

Oliy ta’lim darajasi

1

Xodimlarni o‘qitish

12

Shahar xizmatlarida AI qo‘llash

18

AI joriy etilishi (kompaniyalarda)

44

Bu natijalar mamlakatda ta’lim va davlat xizmatlarini raqamlashtirishga oid ko‘rsatkichlar nisbatan yuqori Bu natijalar mamlakatda ta’lim va davlat xizmatlarini raqamlashtirishga oid ko‘rsatkichlar nisbatan yuqori ekanini ko‘rsatadi. Biroq kompaniyalarda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha 44-o‘rin qayd etilgani biznes sohasida AI tizimlarini joriy etish borasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligini anglatadi.

Qaysi yo‘nalishlarda natijalar pastroq?

Qozog‘iston umumiy reytingda 41-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha uning natijalari bir xil emas.

IMD hisobotiga ko‘ra, mamlakatning ko‘rsatkichlari quyidagicha taqsimlangan:

Baholash yo‘nalishi

O‘rni

Kadrlar salohiyati

22

Samaradorlik

33

Qadriyatlar

42

Davlat boshqaruvi

46

Texnologiya va infratuzilma

52

Ayniqsa, «Texnologiya va infratuzilma» yo‘nalishidagi 52-o‘rin e’tiborga molikdir. Ushbu yo‘nalish tarkibiga kiruvchi «Ilmiy tadqiqot infratuzilmasi» bo‘yicha mamlakat 59-o‘rinni egallagan. Bu ko‘rsatkich ilmiy tadqiqotlar, yangi texnologiyalarni rivojlantirish va AI sohasidagi tadqiqot salohiyatini baholaydi.

Shuningdek, biznesning moslashuvchanligi bo‘yicha Qozog‘iston 53-o‘rinda qayd etilgan. Kompaniyalarda AI texnologiyalarini joriy etish ko‘rsatkichi esa 44-o‘rinni tashkil qilgan.

Mamlakat ta’lim va davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan bo‘lsa-da, ilmiy tadqiqotlar, texnologik infratuzilma va xususiy sektorda sun’iy intellektdan foydalanish borasida pastroq o‘rinlarni egallagan.

Qozog‘iston reytingda o‘tgan yilga nisbatan ko‘tarildimi?

Qizig‘i shundaki, ayrim yo‘nalishlarda o‘sish qayd etilganiga qaramay, Qozog‘istonning umumiy reytingdagi o‘rni yaxshilanmagan.

IMDning mamlakat profilidagi besh yillik taqqoslash jadvalida Qozog‘istonning umumiy natijasi 2025 yilda 37-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2026 yilda 41-o‘ringa tushgan.

Biroq «Kadrlar salohiyati» yo‘nalishida mamlakat 2025 yildagi 35-o‘rindan 2026 yilda 22-o‘ringa ko‘tarilgan. «AI joriy etilishi» yo‘nalishida ham 2025 yildagi 52-o‘rindan 33-o‘ringa sezilarli siljish qayd etilgan.

Xulosa o‘rnida aytganda, Qozog‘istonning 2026 yilgi natijasi ta’lim, kadrlar tayyorlash va davlat xizmatlarini raqamlashtirish borasidagi kuchli ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda, texnologik infratuzilma va xususiy sektorda AI joriy etish bo‘yicha hali yechimini kutayotgan muammolarni ham ko‘rsatib turibdi.

Теглар

Мавзуга оид