«Yangi Buxoro» aeroportini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari aniqlandi
Tender 2026 yil 12-mart kuni e’lon qilingan bo‘lib, ikki bosqichda — malaka so‘rovi va takliflar so‘rovi shaklida o‘tkazildi. Yakuniy bosqichga oltita kompaniya o‘tgan.
© Uzbekistan Airports«Yangi Buxoro» xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida qurish va boshqarish bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq tenderda Turkiyaning «Limak İnşaat Sanayi ve Ticaret A.Ş.» va Qatarning «Hamad Bin Khalid Contracting Company W.L.L.» kompaniyalari konsorsiumi g‘olib deb topildi.
Ushbu kelishuv «Qurish-topshirish-boshqarish» (BTO) modeli asosida amalga oshiriladi.
Mazkur loyihada vazifalar ikkiga bo‘linadi. Xususiy sherik soatiga 1 200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi yo‘lovchi terminali, vokzaloldi maydoni, avtoturargoh va tegishli infratuzilmani qurish hamda boshqarish ishlarini amalga oshiradi.
Davlat sherigi esa aerodrom majmuasini (uchish-qo‘nish yo‘lagi, perron) qurish va boshqarishni o‘z zimmasiga oladi. DXSH to‘g‘risidagi bitim umumiy 23 yil muddatga tuzilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 3 yili qurilish davrini o‘z ichiga oladi.
Xalqaro tajriba va kutilayotgan natijalar
2026 yilning 12-martida e’lon qilingan mazkur tender ikki bosqichda (malaka va takliflar so‘rovi) o‘tkazilgan va uning yakuniy bosqichiga oltita kompaniya yetib kelgan edi. Idoralararo tender komissiyasi tomonidan tanlangan g‘olib konsorsium tarkibidagi kompaniyalar yirik infratuzilma obyektlarini qurishda katta tajribaga ega.
Jumladan, «Limak» Prishtina (Kosovo) va Dakar (Senegal) aeroportlarini boshqaradi, shuningdek, Istanbul va Quvayt yangi aeroportlari qurilishida ishtirok etgan. «HBK Contracting» esa 2022 yilgi jahon chempionati finali o‘tgan Qatardagi «Lusail» stadionini qurgan bosh pudratchi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu DXSH loyihasi Prezidentning 2024 yil 30-avgustdagi PQ-308-son qaroriga asosan Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.





