«Yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi ma’lum qilindi

Бугун 10:132 дақиқа

2026 yil boshidan buyon ishlab chiqarilgan «yashil» energiya hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foizga oshdi.

«Yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi ma’lum qilindi © hightech.fm

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 14-may kuni soat 18:00 holatiga quyosh fotoelektr stansiyalari 2 mlrd 315 mln kWh, shamol elektr stansiyalari esa 1 mlrd 685 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqargan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, bu hajm o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 898 mln kWhga ko‘pdir. Shuningdek, 20-aprel kuni «yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi 3 mlrd kWh bo‘lgani hisobga olinsa, so‘nggi 24 kunda yana 1 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.


Tejalgan tabiiy gaz

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga 1 mlrd 66 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi. Shu bilan birga, atmosferaga 2,3 mln tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi.

Vazirlik ma’lum qilishicha, 2026 yil boshidan 14-may holatigacha barcha gidroelektr stansiyalari hamda quyosh va shamol elektr stansiyalari jami 6 mlrd 160 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.

Bu hajm orqali 1,6 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalgan va atmosferaga 3,4 mln tonnadan ortiq zararli moddalar chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Mutaxassislar qayd etishicha, mazkur hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 4,4 mln xonadonning 4,5 oylik yoki 1,6 mln xonadonning bir yillik elektr iste’moliga teng hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning birinchi choragida aholiga «yashil» energiya uchun davlat tomonidan 73,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab berilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatgan tadbirkorlar ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotish tarifi 1 kWh uchun belgilangan 800 so‘mlik narx 250 so‘mga tushirilishi mumkin. Bu masala O‘zbekiston Liberal-demokratik partiya tashkil etgan mediamuloqot davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarildi.

Tadbirkor bu qarorni iqtisodiy jihatdan adolatsiz deb baholadi. Uning aytishicha, tadbirkorlar elektr energiyasini davlatdan 1000 so‘m atrofida sotib olayotgan bir paytda, uni 250 so‘mdan sotish majburiyati investitsiyalarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Nimaga davlatdan sotib olsak, 1000 so‘mdan sotib olamiz, agar sotsak 250 so‘mdan sotamiz – qani bu yerda adolat? Shu to‘g‘rimi? Endi 250 so‘mdan sotish iqtisodiy tomondan bizga qanchalik to‘g‘ri kelish-kelmasligini o‘ylab qoldik», — deya murojaat qildi tadbirkor mediamuloqotda.

Теглар

Мавзуга оид