Yo‘llardagi radarlar va kameralarning to‘g‘ri ishlashi tekshirilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda radarlar tezlikni noto‘g‘ri qayd etayotgani haqidagi xabarlardan so‘ng YHXX mamlakat bo‘ylab barcha qurilmalarni maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida tekshirmoqda.
© ЙҲХХ видеосидан кадрO‘zbekiston yo‘llariga o‘rnatilgan foto va video qayd etish qurilmalari hamda radarlarning tezlikni qayd etish aniqligi va qonuniy ishlashi maxsus avtomobillar yordamida tekshirilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) ma’lum qildi.
Respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida radarlarning belgilangan texnik talablarga muvofiqligi o‘rganilmoqda. Qurilmalarning doimiy soz va barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida jarayonga O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti mutaxassislari jalb etilgan bo‘lib, ular muntazam ravishda metrologik tekshiruv va sinovlarni amalga oshirmoqda.
Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha chora ko‘riladi
Mazkur tekshiruvlar ijtimoiy tarmoqlarda ayrim radarlar noqonuniy faoliyat yuritayotgani va haydovchilarning tezligini belgilangan me’yordan yuqori qayd etayotgani haqida tarqalgan xabarlar ortidan kuchaytirilgan. YHXX ushbu choralar fuqarolar manfaatlarini himoya qilish hamda yo‘l harakati qoidalari ijrosida adolatni ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotganini bildirgan.
Tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklar va qonun buzilishi holatlari yuzasidan tegishli mas’ullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi belgilangan.
«Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash nafaqat tartib-intizom, balki xolislik, qonuniylik va fuqarolarga nisbatan adolatli munosabatga ham bog‘liq», — deya ta’kidlanadi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yo‘llarda mobil radarlar borligini maxsus yo‘l belgilari bilan ko‘rsatish talabi bekor qilingani haqida xabar berilgandi.





