add

O‘g‘irlangan Maduro: Trampning 4 oylik rejasi

06.01.2026 | 21:008 daqiqa

AQSH harbiylari tomonidan Karakasda o‘tkazilgan reyd chog‘ida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro qo‘lga olindi. Hodisa mamlakatda siyosiy noaniqlikni kuchaytirib, xalqaro maydonda keskin bahslarga sabab bo‘ldi.


Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores 3-yanvar kuni Karakasda tungi reyd chog‘ida AQSH maxsus tayinlovli kuchlari tomonidan ikki yarim soat ichida o‘g‘irlab ketildi.

5-yanvar kuni kechqurun Nyu-York sudida Maduro va uning rafiqasiga dastlabki ayblovlar o‘qib eshittirildi. Turgan gapki, ular sud jarayonida qo‘yilgan narkoterrorizm, kokain kontrabandasi va qurol saqlash kabi ayblovlarni tan olishmadi.
Xo‘sh, puxta rejalashtirilgan «Mutlaq qat’iyat» operatsiyasi qanday tashkillashtirildi?

Bu tahlilda operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish debochasi va uning o‘tkazilishi bilan bog‘liq voqealarga to‘xtalamiz.

Reja haqidagi dastlabki gap-so‘zlar

AQSH Venesuelada Nikolas Maduroni ag‘darish amaliyotini tayyorlayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar 2025 yil avgust oyi oxirlarida paydo bo‘lgan edi.

Nashrlar Tramp Maduroni ag‘darish uchun narkotrafikka qarshi amaliyotdan niqob sifatida foydalanishi mumkinligi haqida yozib chiqa boshlashdi.

ss

Bu orada Venesuela qirg‘oqlari sari 4500 nafar harbiy bilan 7 ta harbiy kema yuborildi. Guruhning 2200 nafarini dengiz piyodalari tashkil etib, bu narkotrafik amaliyotlari uchun noodatiy ko‘rsatkich hisoblanardi.

O‘shanda Tramp ma’muriyatidagi manbalardan shunday dedi: «Agar Maduro hokimiyatdan ketsa, hech kim uning uchun yig‘lamaydi». AQSH rasmiylari uni «qochqin narkoboshliq» deb ataydi.

Maduro bu harakatlarni «harbiy-terroristik hujumga tayyorgarlik», «axloqsizlik, jinoyatkorona va noqonuniy» deb atadi.

1

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro ham Maduroni qo‘llab-quvvatladi va «AQSH Venesuela neftini egallash niyatida», deya ta’rif berdi.

2-sentabr kuni AQSH harbiylari Karib dengizining janubida Venesueladan chiqqan narkotik yuklab olgan kemani yo‘q qildi. Trampga ko‘ra, kemada Maduro bilan bog‘liq Tren de Aragua guruhining «narkoterrorchi» a’zolari bo‘lgan. Hujum oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi.

4-sentabrga kelib, AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Nikolas Maduro rejimini ag‘darishga tayyor ekanini bildirib, operatsiyasiga AQSH armiyasining barcha salohiyati safarbar qilinishi mumkinligini aytdi.

Hegset bu borada qaror qabul qilish vakolati prezident Donald Trampda qolayotganini aytib, AQSH rasman Maduroni «transport mafiyasi rahbari» sifatida ko‘rishi, Maduroni narkotiklar savdosi orqali «Amerika xalqiga bevosita zarar yetkazish»da aybladi.

Maduroning boshi uchun 50 mln dollar

Bu vaqtga kelib, AQSH Davlat departamenti va Markaziy razvedka boshqarmasi Nikolas Maduroni hokimiyatdan kuch bilan chetlatish rejalarini muhokama qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Vashington uni qo‘lga tushirish uchun 50 mln dollar mukofot e’lon qilgan.

Tashabbusni Davlat kotibi va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Marko Rubio boshqarayotgandi. Uning fikricha, Maduro legitim emas, narkotrafikda ishtirok etgan va AQSH uchun xavfli bo‘lgan jinoiy tuzilma rahbari. Bu g‘oyalarni Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff va ichki siyosat bo‘yicha maslahatchi Stiven Miller qo‘llab-quvvatladi.

Donald Tramp esa BMT minbaridan turib «Maduro va uning narkotarmoqlariga qarshi AQSH armiyasi qudrati ishlatilmoqda», deb bayonot berdi.

Po‘lat eshiklar ortiga berkinmoqchi bo‘lgan diktator

2025 yilning so‘nggi 4 oyi davomida rejalashtirilgan operatsiya nihoyat yangi 2026 yilning dastlabki kunlarida mantiqiy nihoyasiga yetkazildi — Nikolas Maduro o‘g‘irlab ketildi.

Maduro mustahkamlangan bunker — qal’adek qo‘riqlangan va olti dyuym qalinlikdagi po‘lat eshiklar bilan jihozlangan maxsus «xavfsiz xona»ga ega edi. Venesuela prezidenti shu xonaga yetib olishga uringan, biroq Amerika harbiylari bunga yo‘l qo‘ymagan.

«U eshikni yopishga ham ulgurmadi, chunki bizning yigitlar nihoyatda tez harakat qilayotgan edi. Biz uni kutilmaganda ushladikmi? Qisman — ha, ammo ular nimadir bo‘lishini kutgan. Qarshilik katta bo‘ldi. Ko‘p o‘q uzildi», — dedi Tramp.

2

Markaziy razvedka boshqarmasidagi manbalardan biri «operatsiya mutlaqo bekamu-ko‘st o‘tgani»ni bildirdi.

«Biz o‘tgan yozdan beri joylarda agentlar orqali ma’lumot to‘plab kelayotgandik. Maduro va uning atrofidagilarni oylab kuzatib kelgan maxfiy dronlar floti bor edi. U qayerda ekanini, qachon ovqatlanishini va hatto hojatga qachon borishini ham aniq bilardik», dedi u.

Operatsiya tafsilotlari

Bir necha hafta davom etgan tayyorgarlik ishlari va qulay ob-havodan so‘ng, 2-yanvar kuni soat 22:46 da AQSH prezidenti «Mutlaq qat’iyat» operatsiyasini ma’qulladi.

Operatsiyani AQSH prezidenti va uning maslahatchilari Florida shtatida joylashgan Mar-a-Lago qarorgohidagi himoyalangan xonaning o‘zida, real vaqt rejimida kuzatib borishdi.

«Men buni tom ma’noda televizion ko‘rsatuvni tomosha qilayotgandek kuzatdim. Agar siz u yerdagi tezlikni, kuch qo‘llash darajasini ko‘rganingizda edi — bu juda hayratlanarli manzara edi», — dedi AQSH prezidenti.

3

Reyd boshlanishi bilan Karakas qorong‘ilikka cho‘mgan. AQSH prezidentining aytishicha, evakuatsiya guruhi buni ham oylab mashq qilgan: «Ular kirib borgan binoga aynan o‘xshash uyni qurib, atrofidagi hamma joyni po‘lat bilan qoplab chiqishgan edi. Ular har qanday vaziyatga tayyor edi. Shundan so‘ng biz barcha chiroqlarni o‘chirdik», deya tushuntirdi buni Tramp.

Maduroning harakatlarini oylab kuzatib kelgan va Karakasda faoliyat olib borgan MRB josuslari elektr tarmog‘ini egallab oldimi yoki kiberhujum uyushtirdimi, degan savolga prezident aniq javob bermadi. «Karakasda chiroqlar bizda mavjud muayyan tajriba tufayli o‘chirildi», — dedi Tramp.

AQSH Qo‘shma shtablar qo‘mitasi raisi general Den Keyn operatsiyani amalga oshirishda AQSH Quruqlik qo‘shinlari, Harbiy-dengiz kuchlari, Harbiy-havo kuchlari, Dengiz piyodalari, Maxsus operatsiyalar kuchlari va razvedka idoralarining qo‘shma harakatlarini yuksak baholadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ular operatsiya ustida «oylab» ishlagan, jumladan, Maduroning harakatlari, nimalar kiyishi, nimalar yeyishi, uning farzandlari va hatto uy hayvonlarigacha o‘rganilgan.

«Bu missiya o‘ta sinchkovlik bilan rejalashtirilgan edi. Bunaqasini faqat AQSH amalga oshira oladi. Shu qadar aniq va nozik evakuatsiya amalga oshirildiki, unda G‘arbiy yarimshar bo‘ylab qat’iy muvofiqlashuv asosida uchirilgan 150 dan ortiq uchish apparati ishtirok etdi. Ular barchasi bir vaqt va bir joyda jamlanib, kutilmaganlik omilini saqlagan holda Karakas markaziga to‘sib kirish guruhini olib kirdi», dedi general Den Keyn.

AQSH kuchlari soat 01:01 da Venesuela yetakchisining qarorgohiga yetib borgan va soat 03:29 ga kelib dengiz usti orqali USS Iwo Jima kemasiga qaytib olgan.

Pentagondagi manbaning aytishicha, yer ustidagi otishma va Maduroni qo‘lga olish jarayoni 30 daqiqadan ham kam vaqtni olgan. Butun operatsiyaga esa 2 soatu 28 daqiqa vaqt sarflangan.

Qariyb o‘n nafar maxsus tayinlovli askar Maduroning qattiq qo‘riqlanadigan qarorgohi hududiga vertolyotdan arqonlar orqali tezkor tushish orqali kirib borgan va shundan so‘ng kuchli o‘q yomg‘iri ostida qolgan.

Shundan so‘ng «shafqatsiz» otishmalar bo‘lib o‘tdi. Maxsus tayinlovli kuchlar Fort-Tiuna hududiga kirib borganda aynan shu yerda Maduro va uning rafiqasi pijamada bo‘lgan holda o‘zlarining «xavfsiz makoni» — temir eshiklar ortidagi bunkerga kirishga uringan.

Bungacha ular boshqa xonada uxlab yotgan, biroq o‘q ovozlaridan uyg‘onishgan. AQSH harbiylari juftlikka yetib borishi bilan «ular soniyalar ichida ushlab olib chiqildi», dedi Tramp.

Maduro va uning rafiqasi qarorgoh hududiga qo‘ngan vertolyotga solinib, olib chiqilgan.

Shundan keyin ular USS Iwo Jima kemasiga yetkazildi va Nyu-Yorkning Janubiy okrugi bo‘yicha Federal tergov byurosi agentlari tomonidan hibsga olindi.

Shanba kuni FTB Maduro va uning rafiqasiga nisbatan narkoterrorizm, kokain kontrabandasi hamda pulemyotlarni saqlash ayblovlari bilan ayblov xulosasini e’lon qildi.

Nikolas Maduro mamlakatdan olib chiqib ketilgach, uning vakolati mamlakat vitse-prezidenti Delsi Rodrigesga o‘tdi.

4

Venesuela harbiylari ham unga sodiqlikka qasam ichishdi. Rodrigesning o‘zi ham prezident vazifasini vaqtinchalik bajarishga kirishish oldidan qasamyod keltirdi.

Yo‘qotishlar

U, shuningdek, ikki nafar amerikalik harbiy «hayot uchun xavfli bo‘lmagan tarzda o‘q yegani»ni qo‘shimcha qildi.

Venesuela hokimiyati reyd chog‘ida harbiylar yoki fuqarolar orasida qurbonlar bo‘lgan-bo‘lmagani haqida hali rasmiy ma’lumot bermadi. Biroq kamida bir ayol halok bo‘lgani xabar qilinmoqda. Venesuela tomonidan kelgan keyingi xabarlarga ko‘ra, 80 dan ziyod odam halok bo‘lgani aytilmoqda.

Turli taxminlarga ko‘ra, o‘ldirilganlar orasida Rossiya va Kubadan kelgan tansoqchilar ham bor.

Donald Tramp AQSH Venesuelada ikkinchi to‘lqin hujumiga ham tayyor bo‘lganini bildirdi. Shu bilan birga u: «Aslida ikkinchi to‘lqin kerak bo‘ladi, deb o‘ylagandik, ammo hozircha bunga ehtiyoj qolmaganga o‘xshaydi», deya qo‘shimcha ham qildi.

Maduroning o‘g‘irlanishiga reaksiyalar

Nikolas Maduroning o‘g‘irlanishi dunyo bo‘ylab turli reaksiyalarni keltirib chiqardi. Ko‘pchilik AQSH bir davlatning suverenitetini buzib, uning davlat rahbarini o‘g‘irlab ketganini qattiq qoraladi.

30 mln aholiga ega Venesuelaning 6 million aholisi xorijiy davlatlarda mehnat migratsiyasida. Aynan xorijdagi migrantlar Maduroning yiqitilishini xursandchilik bilan qarshi olishdi. Bunday ko‘cha yig‘inlarining eng kattasi Argentina poytaxti Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tdi.

Venesuelaning o‘zida esa xursandchilik qilmoqchi bo‘lgan fuqarolarni Maduro rejimining «kollektivos» deb ataluvchi jazo otryadlari kaltaklab ketayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ko‘chalar bo‘ylab qurol osib, mototsiklda gala-gala harakatlanayotgan «kollektivos»lar tasvirlari tarqaldi.

5

Karakasda esa 2 mingdan ziyod namoyishchi ko‘chaga chiqib, AQSH harakatlariga qarshi namoyishlar o‘tkazilgan va unda Maduroni qaytarish talabi qo‘yilgan.

Navbatdagisi Kolumbiyami?

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Maduroning hibsga olinishi yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirish talabi bilan chiqdi.

Bunga javoban Tramp Petroga «keyingisi sen bo‘lasan» qabilida javob qaytardi.

«Petroning kokain ishlab chiqaradigan zavodi bor. U yerda narkotik ishlab chiqariladi va AQSHga jo‘natiladi. Petro ehtiyot bo‘lishi kerak», — dedi Tramp.

Tramp Kolumbiyani «kasal mamlakat» deb atab, operatsiya o‘tkazish imkoniyatini inkor etmadi. «Kolumbiya operatsiyasi juda chiroyli eshitiladi», dedi u.

6

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Tramp tomonidan ilgari surilgan ayblovlarga qarshi ommaviy miting o‘tkazilishini ma’lum qildi va xalqini milliy suverenitetni himoya qilish uchun ko‘chalarga chiqishga chaqirdi.

Gustavo Petro agar AQSH Kolumbiyaga hujum qiladigan bo‘lsa, mamlakat xalqi «qo‘liga qurol olishi»ni ta’kidladi. Agar amerikaliklar uni hibsga olishsa, yaguardek abjir xalqning nafratiga duchor bo‘lishini ham pisanda qildi.

 

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 14

Barchasi

Mavzuga oid