24-dekabrdan Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish qoidalari o‘zgaradi
Avtomobilni evakuatorga yuklash, jarima maydonchasida saqlash va egasiga qaytarish jarayonlari raqamlashtiriladi.
© Vaib.uz24-dekabrdan boshlab Toshkent shahrida noto‘g‘ri parkovka qilingan avtomobillarni evakuatsiya qilish va jarima maydonchalarida saqlash jarayonlari to‘liq elektronlashtiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-sentabrda qabul qilingan 508-sonli qarorida ma’lum qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, avtomobilni evakuatorga yuklash boshlanmasidan oldin uning egasi yetib kelib, qoidabuzarlikni joyida bartaraf etsa, transport vositasi jarima maydonchasiga olib ketilmaydi. Biroq evakuatorga yuklash jarayoni boshlangan bo‘lsa, avtomobil egasi voqea joyida hozir bo‘lgan taqdirda ham evakuatsiya to‘xtatilmaydi va davom ettiriladi.
Jarima maydonchasida saqlash uchun to‘lov miqdori avtomobilni evakuatorga yuklash boshlangan vaqtdan e’tiboran hisoblanadi. Transport vositasini qaytarib olish uchun to‘lovlarni elektron shaklda amalga oshirish hamda bir ish kuni ichida SMS orqali yuboriladigan QR-kodli ruxsatnomani olish talab etiladi. Elektron tizimda ruxsatnoma rasmiylashtirilmagan holatda avtomobil egasiga qaytarib berilmaydi.
Tariflar, zararni qoplash va avtomobilni musodara qilish
Hukumat qarori bilan evakuatsiya narxi har bir kilometr uchun 88 ming so‘mgacha, saqlash narxi esa har bir sutka uchun 88 ming so‘mgacha etib belgilandi. Bunda evakuatsiya xizmatining umumiy qiymati 1,76 mln so‘mdan oshmasligi kerak. Ushbu summaga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilanadigan ma’muriy jarima kiritilmagan.
Agar avtomobil asossiz ravishda evakuatsiya qilingani tasdiqlansa, barcha xarajatlar tegishli davlat organi hisobidan qoplab beriladi. Tashish vaqtida transport vositasiga zarar yetkazilgan taqdirda esa, ushbu zararni qoplash majburiyati to‘g‘ridan to‘g‘ri jarima maydonchasi operatori zimmasiga yuklatiladi.
Jarima maydonchasiga olib kelingan avtomobil olti oy davomida egasi tomonidan olib ketilmasa, u talab qilib olinmagan transport vositalari reyestriga kiritiladi va to‘plangan qarzdorlik majburiy tartibda undiriladi. 12 oy o‘tgach esa, sud qarori bilan ushbu avtomobil egasiz mol-mulk deb topilishi mumkin.
«Avtomobil — sizniki, shahar esa — hammamizniki»
Toshkent shahridagi Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) avtomobillarni noto‘g‘ri joyda qoldirish haydovchilar bilan birga, piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilariga jiddiy noqulaylik tug‘dirishini qayd etgan. Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, bitta avtomobil o‘rtacha 8−12 kvadrat metr joyni egallaydi va trotuarga qo‘yilgan mashina piyodalarni harakatlanish imkoniyatidan butunlay mahrum qiladi.
«Shunday qulayroq deb qoidani buzish — o‘z qulayligingiz uchun boshqalarni noqulay ahvolga solish demakdir. Avtomobil — sizniki, shahar esa — hammamizniki. Avtomobilingizni faqat ruxsat etilgan joyda qoldiring va atrofingizdagilarni hurmat qiling. Ortiqcha xarajatga tushmaslikning eng yaxshi yo‘li — qoidani buzmaslik», — deyiladi markaz bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning may oyida Toshkentda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan avtomobillarni evakuator yordamida jarima maydonchalariga olib ketish amaliyoti boshlangandi.





