Logo

Afg‘oniston va Pokiston mojarosi O‘zbekistonga qimmatga tushmoqda

Pokistondan O‘zbekistonga yuk yetkazish xarajatlari chegaralar yopilgach 2–3 ming dollardan 10–13 ming dollargacha ko‘tarildi. Tashish muddati esa bir haftadan olti haftaga uzaydi.

Afg‘oniston va Pokiston mojarosi O‘zbekistonga qimmatga tushmoqda © Foto: AP

Markaziy Osiyo mamlakatlari Pokiston portlari orqali ochiq dengizga chiqish va Janubiy Osiyo davlatlari bilan savdo-sotiqni rivojlantirishga urinmoqda. Biroq Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar hamda chegara punktlarining yopib qo‘yilishi bu rejalarga jiddiy to‘sqinlik qilyapti.

«Eurasianet» nashrining qayd etishicha, Qozog‘iston va Pokiston o‘rtasidagi savdoga oid prognozlar qayta ko‘rib chiqilmoqda, shuningdek, O‘zbekistonning Pokiston bilan tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish rejasi amaliy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Chegaralar qachondan beri yopiq?

Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo yo‘llari bilan bog‘liq muammolar 2025 yilning oktabr oyida keskinlashdi. 12 oktabr kuni ikki mamlakat chegarasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng, Pokiston asosiy chegara o‘tkazish punktlarida bojxona rasmiylashtiruvini to‘xtatib qo‘ydi.

Pokiston hukumati ushbu qarorni xavfsizlik nuqtai nazaridan izohlagan. Islomobod Afg‘oniston hududidan turib harakat qilayotgan «Tehrik-i-Taliban Pakistan» (TTP) guruhini Pokistondagi terakt va hujumlarda ayblab keladi. Tolibon ma’muriyati esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda.

2026 yilning iyun oyida ACAPS xalqaro tahlil markazi e’lon qilgan hisobotda Dyurand chizig‘idagi asosiy savdo punktlari — Torkham, Chaman, G‘ulomxon va Spin-Boldak hamon yopiq qolayotgani qayd etilgan. Masalan, Torkham orqali faqatgina Afg‘onistonga qaytarilayotgan migrantlar cheklangan tartibda o‘tkazilgan.

2026 yilning oktabr oyida ham «VOA» va «Channel News Asia» nashrlari asosiy chegara punktlari orqali savdo aloqalari to‘xtab qolganini xabar qildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo 74 foizga qisqardi

Chegaralarning yopib qo‘yilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasiga ham jiddiy zarba berdi.

«VOA» nashri Pokiston Savdoni rivojlantirish boshqarmasi (TDAP) ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2025/2026 moliya yilida Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 358 million dollarni tashkil etgan. Bu 2024/2025 moliya yilidagi 1,3 milliard dollarlik ko‘rsatkichga nisbatan salkam 74 foizga kam.

Afg‘oniston–Pokiston qo‘shma savdo-sanoat palatasining afg‘on bo‘limi vitse-prezidenti Muhammad Yunus Mohmandning so‘zlariga ko‘ra, 2026/2027 moliya yilida ikki mamlakat savdosi qariyb 95 foizga tushib ketgan.

Shu bilan birga, 22-oktabr kuni «Channel News Asia» nashri biznes uyushmalari vakillarining baholariga tayanib, savdo to‘xtashi oqibatida 2,5 milliard dollardan ortiq qiymatdagi moliyaviy operatsiyalar boy berilganini yozdi.

Muammo faqat Pokistondan Afg‘onistonga tovar eksport qilishning to‘xtaganida emas. Pokistonning Afg‘oniston orqali Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlari ham keskin cheklangan.

O‘zbekistonga yuk yetkazish xarajatlari besh barobar qimmatlashdi

Chegaradagi muammolarning amaliy oqibatlarini pokistonlik eksportchilar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

«Channel News Asia» nashri Pokistonning Peshovar shahridagi tadbirkorlar bilan suhbatlashib, tovarlarni O‘zbekistonga yetkazib berish xarajatlari keskin oshib ketganini ma’lum qildi. Pokistonlik eksportchi Muhammad Naimning ta’kidlashicha, avvallari Torkham chegara punkti orqali O‘zbekistonga yuk yetkazish taxminan bir hafta vaqt olgan va 2–3 ming dollar xarajat talab qilgan.

Chegara yopilgach, muqobil yo‘nalish sifatida Eron orqali tashishga majbur bo‘linmoqda. Tadbirkorning qayd etishicha, yangi yo‘nalish bo‘ylab yuk yetkazish qariyb olti haftaga cho‘zilmoqda, xarajat esa 10–13 ming dollargacha ko‘tarilgan.

Nashr, shuningdek, Pokistonning «MM Ellahi Traders» kompaniyasi rahbari Manzur Ellahiyning fikrlarini ham keltirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, chegara yopilishidan oldin Afg‘oniston va Markaziy Osiyo bozorlari kompaniya umumiy daromadining 80 foizini ta’minlagan bo‘lsa, hozir bu ulush bor-yo‘g‘i 5 foizga tushib qolgan.

Qozog‘iston Pokiston bilan savdo bo‘yicha prognozlarini qayta ko‘rib chiqmoqda

Markaziy Osiyo mamlakatlarining Pokiston bozoriga chiqish rejalari tobora murakkablashib bormoqda.

2026 yilning fevral oyida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini keyingi bir yil ichida 1 milliard dollarga yetkazish maqsadini e’lon qilgan edi. O‘sha paytda Pokiston tomoni o‘zaro savdo aylanmasini 250 million dollar deb baholagan.

Biroq joriy yilning 1-noyabr kuni Ostonada Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumang‘arin va Pokiston investitsiyalar vaziri Qayser Ahmad Shayx o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlatning savdo salohiyati 218 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha 645 million dollar atrofida baholandi. Qozog‘iston hukumati metallurgiya, mashinasozlik, kimyo sanoati, oziq-ovqat va neft-kimyo tarmoqlarini savdoni kengaytirish uchun asosiy yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatgan.

«Eurasianet» nashri bu holatni yil boshidagi 1 milliard dollarlik maqsadga nisbatan kutilmalarning pasayishi sifatida talqin qildi.

O‘zbekiston Pokiston bilan savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan

O‘zbekiston ham Janubiy Osiyo bozoridagi o‘z mavqeini mustahkamlash va kengaytirishni rejalashtirmoqda.

2026 yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin besh yil ichida 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.

O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 445,9 million dollarni tashkil qilgan. O‘tgan yili O‘zbekistonning Pokistonga eksporti tarkibida 260,2 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari, 21,2 million dollarlik sanoat tovarlari, 30,1 million dollarlik xizmatlar va 13,2 million dollarlik nooziq-ovqat xomashyosi o‘rin olgan. Pokistondan O‘zbekistonga esa asosan oziq-ovqat, kimyo mahsulotlari, sanoat va tayyor mahsulotlar import qilingan.

2 milliard dollarlik maqsadga erishish uchun ikki davlat nafaqat savdo hajmini oshirishi, balki tovarlarni tashish, bojxona rasmiylashtiruvi va tranzit jarayonlarini ham sezilarli darajada yaxshilashi talab etiladi. «Eurasianet» nashri tahliliga ko‘ra, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi nizo mazkur ulkan maqsadga erishishni qiyinlashtirayotgan asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston maxsus tranzit yo‘lagini yaratishni taklif qildi

Chegara muammolari davom etayotgan bir paytda O‘zbekiston Pokiston bilan savdo aloqalarini tiklashning yangi va muqobil yo‘lini taklif qildi.

«Dunyo» axborot agentligining xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha maxsus kengashi (SIFC) bosh direktori Sajid Amin bilan uchrashgan. Muzokaralar davomida Pokistonning Peshovar shahri, Torkham chegara o‘tkazish punkti va Afg‘oniston hududi orqali O‘zbekistonning Termiz shahrigacha maxsus savdo-tranzit koridorini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgan.

Unga ko‘ra, yuklarni mazkur yo‘nalishda alohida monitoring va nazorat mexanizmlari asosida tashish nazarda tutilmoqda. Pokiston tomoni bu tashabbusni amaliy jihatdan maqbul yechim sifatida baholagan. Loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonning Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Transport vazirligi hamda Pokistonning tegishli idoralari vakillari ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazish kelishib olingan.

Hozircha mazkur koridor qachon ishga tushishi yoki u orqali qancha yuk tashilishi bo‘yicha aniq muddat va raqamlar e’lon qilinmagan.

Теглар

Мавзуга оид

Afg‘oniston va Pokiston mojarosi O‘zbekistonga qimmatga tushmoqda | Vaqt.uz