«Apex Bank»ning boshqaruv raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
Akmal Mansurov endi faoliyatini bankning rahbarlari qatorida davom ettiradi. Tayinlovdan bir hafta avval bank boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi va uning o‘rinbosari lavozimni tark etgandi.
© Foto: Asia Alliance BankAkmal Mansurov «Apex Bank» boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Tegishli qaror bank kuzatuv kengashining 12-noyabrdagi yig‘ilishida qabul qilindi.
Mansurov bunga qadar 2024-yilning fevralidan boshlab «Asia Alliance Bank» boshqaruvi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2026-yil yanvarda u bu lavozimdan ozod etilgandi.
Akmal Mansurov 1982-yilda tug‘ilgan. 2003-yilda Toshkent irrigatsiya institutini (bakalavr), 2005-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (magistratura) tamomlagan.
Bank sohasidagi faoliyatini 2003-yilda «O‘zsanoatqurilishbank»da boshlagan. 2018-yilgacha bankda turli lavozimlarda, jumladan, Mirzo Ulug‘bek filiali boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
2018–2020-yillarda «Art Wood Group» va «Almus Companies» kompaniyalarida moliya direktori bo‘lgan. 2020-yilning iyunidan «Asia Alliance Bank»da amaliyotlar departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, 6-noyabr kuni «Apex Bank» boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi Olga Numanova va rais o‘rinbosari Sharof Ikromov lavozimidan ozod etilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay Ikromov «Garant bank» boshqaruvi raisi o‘rinbosari sifatida tanishtirilgandi.





