Logo

Iordaniya va Iroqda «Telegram» bloklandi

Iordaniya va Iroq hukumatlari milliy xavfsizlik va ekstremizmga qarshi kurash doirasida Telegram messenjerini blokladi. Iroq tarmoqqa 30 kunlik muhlat berdi.

Iordaniya va Iroqda «Telegram» bloklandi

Iordaniya va Iroq hukumatlari o‘z hududlarida «Telegram» messenjeriga kirishni blokladi. Bu haqda «Reuters» va «Anadolu» agentliklari xabar berdi.

Ushbu qarorlar messenjerdan ekstremizm va radikalizm tarqatishda foydalanilishi mumkinligi, shuningdek, milliy xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish maqsadi bilan izohlanmoqda.

«Reuters» agentligining Iordaniya jamoat xavfsizligi boshqarmasi bayonotiga tayanib ma’lum qilishicha, taqiqning asosiy maqsadi — «jamoat xavfsizligi va milliy manfaatlarga tahdid soluvchi ekstremizm tarqalishi hamda radikallashuvga qarshi kurashish» hisoblanadi.

Boshqarmaning ta’kidlashicha, barcha cheklov choralari mamlakatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq tarzda qabul qilingan.

Iroqning talabi va oldingi cheklovlar

Oradan ko‘p o‘tmay, Iroq hukumati ham o‘z hududida «Telegram» tarmog‘i taqiqlanganini e’lon qildi. Turkiyaning «Anadolu» agentligi yozishicha, Iroq OAV va kommunikatsiyalar bo‘yicha komissiyasi messenjer rahbariyatini mahalliy qonun va qoidalarni pisand qilmaslikda ayblagan.

Komissiya bayonotida qayd etilishicha, ushbu taqiq «ijtimoiy tarmoqlardan ekstremistik ritorikani tarqatish, zo‘ravonlik va nafratni qo‘zg‘atish, kiberjinoyatchilikka ko‘maklashish hamda milliy xavfsizlikka tahdid solishda foydalanishning oldini olishga» qaratilgan.

Ma’lum qilinishicha, Iroq OAV va kommunikatsiyalar bo‘yicha komissiyasi «Telegram» rahbariyatiga messenjer faoliyatini Iroq qonunchiligiga muvofiqlashtirishi uchun 30 kunlik muhlat bergan.

«Anadolu» agentligining eslatishicha, bu Iroqda kuzatilayotgan birinchi holat emas. Mamlakat 2023 yilda ham Telegram faoliyatini cheklagan, ammo o‘shanda bir necha haftadan so‘ng taqiq bekor qilingan edi.

Bunga qadar ham dunyoning bir qator davlatlari rasmiylari «Telegram»ga nisbatan turli e’tirozlar bilan chiqish qilgan. Bugungi kunda messenjer Xitoy, Eron va Rossiyada bloklangan. Biroq, bloklanganiga qaramay, Rossiyada Telegram hamon eng ommabop messenjerlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Теглар

Мавзуга оид