Logo

«Microsoft» servislarida tarixdagi eng yirik global uzilish yuz berdi: dunyo bo‘ylab millionlab foydalanuvchilar tizimdan uzildi

Бугун 20:113 дақиқа

Dunyo bo‘ylab «Microsoft» xizmatlarida («Outlook», «Teams», «Copilot») tarixdagi eng yirik uzilishlardan biri yuz berdi. Hukumatlar, shifoxonalar va AI servislari ishi izdan chiqdi.

«Microsoft» servislarida tarixdagi eng yirik global uzilish yuz berdi: dunyo bo‘ylab millionlab foydalanuvchilar tizimdan uzildi © Getty Images

«Microsoft» korporatsiyasining bulutli infratuzilmasida so‘nggi yillardagi eng yirik global uzilish yuz berdi. 20 soatdan ortiq davom etgan nosozlik natijasida dunyo bo‘ylab davlat tuzilmalari, shifoxonalar, maktablar va tijorat tashkilotlarida «Outlook», «Teams» hamda «Copilot» xizmatlari ishi izdan chiqdi. Bu haqda «BBC News» va «Reuters» agentliklari ma’lum qildi.

Korporatsiya mazkur holat kiberhujum emasligini, balki infratuzilmaga tushgan anomal yuklama sababli yuz berganini tasdiqlagan.

Uzilishning ko‘lami mislsiz darajada bo‘ldi. «Downdetector» monitoring xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba oqshomida kamida 74 mamlakatdan 140 ming nafar foydalanuvchi «Outlook» ishidagi muammolar haqida xabar bergan. «Microsoft 365» tizimidan dunyo bo‘ylab 430 milliondan ortiq kishi foydalanishini inobatga olsak, monitoring saytlariga murojaat qilmagan real jabrlanuvchilar soni bundan bir necha barobar ko‘p ekanligi taxmin qilinmoqda.

Dunyo bo‘ylab tizimli inqiroz miqyosi

Global nosozlik foydalanuvchilarni elektron xatlarni yuborish, taqvim ilovalaridagi ma’lumotlarni ko‘rish va muayyan fayllarni ochish imkoniyatidan mahrum qildi. Turli mintaqalardagi muhim infratuzilmalar ishi bevosita to‘xtab qoldi.

Xususan:
— Buyuk Britaniyada kasalxonalar, politsiya bo‘limlari va maktablar ishida uzilishlar kuzatildi. Shifokorlar bemorlardan tizim tiklanmaguncha onlayn murojaat yubormaslikni so‘radi.
— Avstraliyada mazkur holat maxsus xizmatlar, jumladan, Federal politsiya va kontrrazvedka xizmatlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
— Yaponiyada Vazirlar Mahkamasi hukumatning umumiy axborot tizimi va IT-infratuzilmasidagi uzilishlarni rasman tasdiqladi.
— AQSHda Los-Anjelesdan to Texasgacha bo‘lgan sud tizimlarida aloqa va hujjat almashinuv jarayonlari kechikishi mumkinligidan ogohlantirildi.
— Kanadada esa Torontodagi bir nechta kasalxonalarni boshqaruvchi yirik sog‘liqni saqlash tarmog‘ida elektron pochta muammolari yuzaga keldi.

Ta’kidlanishicha, nosozlik nafaqat «Microsoft» xizmatlariga, balki unga bog‘langan boshqa yirik texnologik servislarga ham zarba berdi. Xususan, sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi kompaniyalar — «ChatGPT» dasturini ishlab chiquvchi «OpenAI» va «Anthropic» kompaniyalari o‘zlarining yirik til modellarida «Microsoft» tizimlariga ulanish bilan bog‘liq muammolar kuzatilganini ma’lum qilgan.

Nima uchun muammoni hal qilish cho‘zilib ketdi?

«Microsoft» rasmiy bayonotiga ko‘ra, tizimdagi uzilish serverlarga tushgan «ortiqcha yuklama» oqibatida kelib chiqqan. Ko‘p sonli serverlar kutilmaganda ishdan chiqqach, butun trafik qolgan ishlab turgan serverlarga yo‘naltirilgan va bu ularning ham toliqishiga olib kelgan.

«Microsoft» bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, xavfsiz ulanishlarni o‘rnatadigan serverlar qismi to‘lib toshgan va shundan so‘ng server shunchaki javob berishni to‘xtatgan. Bitta server ishdan chiqadi va uning vazifasi keyingisiga o‘tadi. Millionlab qurilmalar esa tizimga qayta ulanishga urinaveradi. Bunday vaziyatda tizimni birdaniga yoqib yuborib bo‘lmaydi, uni bosqichma-bosqich qayta tiklash kerak», - dedi Reding universitetining komputer fanlari bo‘yicha professori Jeyms Ferriman.

«Skype» va «Uber» kabi yirik kompaniyalarning sobiq dasturiy ta’minot muhandisi Gergeli Oros bu holatni tarixdagi eng halokatli korporativ elektron pochta uzilishi deb atagan. Uning ta’kidlashicha, biznes elektron pochtalarining normal holatga qaytishi bunchalik uzoq vaqt talab qilgan holat avval kuzatilmagan.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha avstraliyalik ekspert Troy Xant bu voqea raqamli infratuzilmaning zaif nuqtalarini ko‘rsatib qo‘yganini ta’kidlagan:

«Microsoft» — internet umurtqasining juda katta qismi va bu bizga elektron pochtaning hamon qanchalik muhimligini eslatadi. Bu uzilish odamlarning nafaqat ishlash qobiliyatiga, balki uchrashuvlar belgilash, xaridlarni tasdiqlash va xizmatlarga kirish imkoniyatiga ham zarba berdi», - dedi u.


So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, «Microsoft» Yevropa va Shimoliy Amerikada xizmatlarni tiklash bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini, elektron pochta navbatlari sezilarli darajada kamayib, me’yoriy holatga qaytayotganini bildirgan. Biroq tiklanish ishlari davom etayotgan bir paytda, ayrim hududlarda vaqti-vaqti bilan uzilishlar kuzatilib turishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.

Теглар

Мавзуга оид