Logo

Oktyabrda aholi eng ko‘p go‘sht, sut va yoqilg‘i qimmatlaganini sezdi

Aholi sezgan inflatsiya 10,2 foizga yetib, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda, eng pasti esa Qoraqalpog‘istonda kuzatildi.

Oktyabrda aholi eng ko‘p go‘sht, sut va yoqilg‘i qimmatlaganini sezdi

Markaziy bank 2026-yil oktabr oyi yakunlari bo‘yicha aholi o‘rtasida o‘tkazilgan inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflatsiya bo‘yicha so‘rov natijalarini e’lon qildi.

3 ming 500 respondent ishtirok etgan tadqiqotga ko‘ra, oktabr oyida aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 1 foiz bandga oshib, 10,2 foizni tashkil etgan.

Taqqoslash uchun, oktabr oyida mamlakatda rasmiy yillik inflatsiya 6,5 foiz bo‘lgan. Ya’ni aholi sezgan narxlar o‘sishi rasmiy ko‘rsatkichdan 3,7 foiz bandga yuqori bo‘lgan. Chunki sezilgan inflatsiya aholining narxlar oshishi haqidagi bahosini, rasmiy inflatsiya esa narxlarning amaldagi o‘zgarishini aks ettiradi.

Hududlar orasida eng yuqori sezilgan inflatsiya Toshkent shahrida — 12,1 foiz, eng past ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘istonda — 8,5 foiz darajasida qayd etilgan. Poytaxt va Qoraqalpog‘iston o‘rtasidagi farq 3,6 foiz bandni tashkil etgan.

Sohalar kesimida axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalari sohasida ishlovchilar narxlar o‘sishini nisbatan yuqori — 11,1 foiz darajasida baholagan. Umumiy ovqatlanish sohasida esa bu ko‘rsatkich 8,6 foiz bo‘lgan.

Oyiga 7 million so‘mdan ko‘p daromad oladigan aholi narxlar oshishini boshqalarga qaraganda ko‘proq sezgan.

Qaysi mahsulotlar ko‘proq qimmatlashgan?

So‘rovda qatnashganlarning 52 foizi go‘sht va sut mahsulotlari, 47 foizi benzin va yoqilg‘i narxlari oshganini bildirgan.

Shuningdek, respondentlarning 38 foizi elektr energiyasi va tabiiy gaz, 24 foizi yo‘lkira va tashish xizmatlari, 22 foizi esa umumiy ovqatlanish xizmatlari qimmatlaganini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida aholi sezgan inflatsiya 9,2 foizni tashkil etgan. O‘shanda ham respondentlar eng ko‘p go‘sht va sut mahsulotlari qimmatlaganini qayd etgan.

Теглар

Мавзуга оид

Oktyabrda aholi eng ko‘p go‘sht, sut va yoqilg‘i qimmatlaganini sezdi | Vaqt.uz