Putin G‘arbga yangi ultimatum qo‘ydi. Unda Markaziy Osiyo bo‘yicha talab ham bor
Moskva Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarida NATO qo‘shinlarini 1997 yilgi chegaralarga qaytarish, G‘arbning Ukrainaga qurol yetkazib berishini to‘xtatish va Yevropa davlatlarining yadroviy himoya bo‘yicha hamkorligini cheklashni so‘radi.
© Ijtimoiy tarmoqlarRossiya Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha o‘tayotgan muzokaralarda o‘z talablari ko‘lamini yanada kengaytirmoqda. «The Washington Post» va «The New York Times» nashrlari o‘rganib chiqqan hujjatga ko‘ra, Moskva nafaqat Ukrainaning kelajakdagi xavfsizlik maqomini, balki butun Yevropadagi harbiy muvozanatni tubdan o‘zgartirishni taklif qilmoqda.
2026 yilning 10-noyabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan mazkur hujjat AQSH vositachiligida Rossiya, Ukraina va Qo‘shma Shtatlar vakillari o‘rtasida Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida tarqatilgan.
Unda NATOni 1997 yilgi harbiy pozitsiyalariga qaytarish, alnyasning keyingi kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik, Ukrainaga G‘arb qurollarini yetkazib berishni butunlay to‘xtatish va Yevropa mamlakatlarining yadroviy himoya sohasidagi o‘zaro hamkorligini cheklash kabi o‘ta jiddiy talablar ilgari surilgan.
Hujjat rasmiy blankada tayyorlanmagan va unga hech kim imzo chekmagan. «The New York Times» nashri uni muzokaralarda ishtirok etgan manbalaridan olganini, yana bir suhbatdosh esa uning haqiqiyligini tasdiqlaganini ma’lum qildi. Nashr ta’kidiga ko‘ra, bu Rossiyaning dastlabki muzokaraviy pozitsiyasi bo‘lib, hali rasmiy kelishuv hisoblanmaydi.
NATO qo‘shinlari 1997 yilgi joylashuviga qaytishi kerak
Rossiya talablarining eng asosiy qismi NATOning Sharqiy Yevropadagi harbiy ishtirokini keskin cheklashga qaratilgan.
Moskva alnyas qo‘shinlari va harbiy bazalarini 1997 yildagi joylashuv nuqtalariga qaytarishni talab qilmoqda. Agar bu talab bajariladigan bo‘lsa, keyinchalik NATO tarkibiga kirgan bir qator davlatlarda alnyasning harbiy ishtirokini cheklashga to‘g‘ri keladi.
Jumladan, Polsha, Vengriya, Chexiya va Boltiqbo‘yi respublikalari — Estoniya, Latviya hamda Litvada NATO qo‘shinlari hamda qurol-yarog‘larini joylashtirish imkoniyatlari cheklanishi mumkin.
NATOning rasmiy ma’lumotlariga qaraganda, Chexiya, Vengriya va Polsha 1999 yilda, Boltiqbo‘yi mamlakatlari esa 2004 yilda alnyasga a’zo bo‘lgan. Bundan tashqari, Rossiyaning yangi talablarida NATOning kelajakda umuman kengaymasligi ham nazarda tutilgan.
Rossiya talablari Markaziy Osiyoga ham bevosita taalluqli
Hujjatda e’tiborli jihatlardan biri — Rossiyaning talablari faqat Yevropa bilan cheklanmagan.
«The Washington Post» nashrining yozishicha, Moskva NATOning Ukraina, Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz hamda Markaziy Osiyo davlatlari hududida harbiy faoliyat olib borishini ham cheklashni talab qilgan.
Ukrainaga qurol yetkazib berish butunlay to‘xtatilishi kerak
Hujjatda, shuningdek, G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga qurol-yarog‘ va harbiy texnika yetkazib berilishini to‘liq to‘xtatish talabi ham qat’iy belgilangan.
Bundan tashqari, Moskva Ukraina Qurolli kuchlari va xavfsizlik xizmatlari shaxsiy tarkibi soni, qurollanish darajasi hamda harbiy imkoniyatlariga cheklovlar o‘rnatilishini taklif qilmoqda. Ukraina hududida har qanday xorijiy harbiy kontingentlar va harbiy obyektlarni joylashtirish ham qat’iyan taqiqlanishi kerakligi ko‘rsatilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, Ukraina kelajakda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi mumkin, ammo bunda uning tashkilotning umumiy mudofaa siyosatida ishtirok etishi cheklanishi shart qilib qo‘yilmoqda.
Moskva nafaqat Ukrainaning harbiy ittifoqlarga a’zoligini, balki uning kelajakdagi mustaqil mudofaa siyosatini ham jilovlashni istamoqda va bu talablarni muzokaralarning asosiy sharti sifatida ilgari surmoqda.
Britaniya va Fransiyaning yadroviy himoyasi ham cheklanishi mumkin
Rossiyaning yana bir o‘ta muhim talabi Britaniya va Fransiyaning yadroviy salohiyatiga qaratilgan.
Moskva ushbu ikki davlatning o‘z yadroviy qurollaridan boshqa Yevropa mamlakatlarini himoya qilish maqsadida foydalanish imkoniyatini cheklashni taklif qilmoqda. Bu talab esa NATOning yadroviy tiyib turish siyosatiga bevosita daxldor. Zero, Britaniya va Fransiya yadroviy qurolga ega bo‘lgan asosiy Yevropa davlatlari sanaladi.
«The Washington Post» nashrining qayd etishicha, Rossiya 2021 yilda ilgari surgan talablarida asosan AQSHning Yevropada yadroviy qurol joylashtirishi masalasi ko‘tarilgan edi. Yangi hujjat esa Britaniya va Fransiyaning ham mintaqaviy yadroviy himoyadagi ishtirokini cheklashni nazarda tutadi.
Bu talablar 2021 yildagi Rossiya takliflarini eslatadi
Rossiyaning hozirgi takliflari 2021 yilning dekabrida NATO va AQSHga taqdim etilgan xavfsizlik kafolatlari haqidagi loyihalarni yodga soladi. O‘sha paytda Moskva NATOdan alnyasning sharqqa qarab kengayishini darhol to‘xtatish, 1997 yildan keyin qo‘shilgan davlatlar hududida harbiy infratuzilmani joylashtirmaslik hamda Ukraina bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatishni talab qilgan edi. Ammo NATO va G‘arb davlatlari bu talablarni qat’iyan rad etgan.
1997 yil 27-mayda imzolangan «NATO – Rossiya» hujjatida esa tomonlar bir-birini raqib sifatida ko‘rmasligi, har bir davlat o‘z xavfsizligini ta’minlash vositalarini mustaqil tanlash huquqiga ega ekani va Yevropa xavfsizlik tizimida hech qanday «ta’sir doiralari» bo‘lmasligi tamoyillari mustahkamlangan.
Yevropa Rossiyaning talablariga qanday munosabat bildirmoqda?
Yevropa Ittifoqi vakillari Rossiyaning bu talablariga o‘ta ehtiyotkorona munosabat bildirdi.
13-noyabr kuni Dublinda Yevropa davlatlari rahbarlari kelgusi Ukraina muzokaralarida Yevropa qit’asini kimlar va qay tartibda taqdim etishi masalasini muhokama qildi. Natijada Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Polsha hamda Yevropa Ittifoqi institutlari vakillaridan iborat maxsus muzokara guruhini shakllantirishga kelishib olindi. Shuningdek, kelgusi muzokaralarda NATO vakillarining ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Germaniya kansleri Fridrix Mers Yevropa xavfsizlik tizimini Rossiya bilan boshqatdan muhokama qilishga hech qanday zarurat yo‘qligini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Ukrainasiz Ukraina haqida, Yevropa ishtirokisiz esa Yevropa haqida muzokara o‘tkazib bo‘lmaydi.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk ham Yevropa xavfsizlik arxitekturasini qayta ko‘rib chiqish g‘oyasiga keskin qarshi chiqqan. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas esa vaziyatga shunday baho berdi: avval o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish, keyin tinchlik kelishuviga erishish, faqat shundan so‘nggina Yevropa xavfsizlik tizimiga doir masalalarni muhokama qilish lozim.
Abu-Dabi muzokaralarida qanday natijaga erishildi?
Rossiya, Ukraina va AQSH vakillari 10–11-noyabr kunlari Abu-Dabi shahrida ikki kunlik yopiq muzokaralar o‘tkazdi. Ta’kidlash kerakki, bu tomonlarning so‘nggi to‘qqiz oy ichidagi ilk bevosita uchrashuvi bo‘ldi. Uchrashuvda harbiy asirlarni yirik miqyosda almashish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishilgan. Biroq, hududiy masalalar va urushni tugatish shartlari bo‘yicha tomonlar o‘rtasidagi o‘ta jiddiy kelishmovchiliklar hamon saqlanib qolmoqda.
AQSH vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner keyinchalik Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashgan, so‘ngra Dublinda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga muzokaralar tafsilotlari haqida axborot bergan. Zelenskiyning 14-noyabr kuni e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, AQSH vakillari muzokaralar davomida birinchi marta «agar Ukraina NATOga qo‘shilsa, Donbassning o‘z nazoratida qolgan qismidan chiqib ketishga tayyormi?» degan savolni o‘rtaga tashlagan.
Oq uy bunday savol berilganini rasman tasdiqlamadi. Zelenskiy esa Ukraina o‘z hududlaridan hech qachon ixtiyoriy ravishda voz kechmasligini qat’iy bildirgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Moskva Yevropa davlatlarining muzokaralarda ishtirok etishiga faqat ularning tinchlik jarayoniga haqiqiy hissa qo‘shishga tayyorligi amalda aniqlangandan keyingina rozilik berishi mumkin.




