Logo

Sergeli va Yunusobod 22,7 kilometrlik BRT yo‘lagi orqali bog‘lanadi

Бугун 11:452 дақиқа

Yangi transport koridori to‘rtta asosiy ko‘chani qamrab oladi. Loyiha doirasida svetoforlar yangilanib, avtobuslar harakatini tezlashtirishga xizmat qiluvchi «yashil to‘lqin» tizimi joriy etiladi. Shuningdek, katta sig‘imli avtobuslar uchun maxsus bekat va platformalar barpo etilib, avtobuslar soni oshiriladi va qatnov jadvali qayta ko‘rib chiqiladi.

Sergeli va Yunusobod 22,7 kilometrlik BRT yo‘lagi orqali bog‘lanadi © vaqt.uz

Toshkentda Sergeli va Yunusobod tumanlarini bog‘laydigan 22,7 kilometrlik tezkor avtobus koridori bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.

Koridor Shota Rustaveli, Shahrisabz, Amir Temur shohko‘chasi va Yangi Sergeli ko‘chalarini qamrab oladi.

Loyihaning eng katta qismi Amir Temur shohko‘chasiga to‘g‘ri keladi — 7,6 kilometr. Shota Rustaveli ko‘chasidagi 6,5 kilometrlik BRT yo‘lagi esa 2025-yildan buyon ishlamoqda.

Shahrisabz ko‘chasidagi 3,2 kilometrlik yo‘nalishning 2,2 kilometri foydalanishga topshirilgan. Yangi Sergeli ko‘chasida 5,5 kilometrlik koridor bo‘yicha dastlabki ishlar olib borilmoqda.

Avtobuslar uchun yangi infratuzilma

BRT tizimi avtobuslar uchun alohida harakat tasmasini tashkil etish bilan cheklanmaydi. Koridor bo‘ylab svetoforlar yangilanib, keyingi bosqichda «yashil to‘lqin» tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, katta sig‘imli avtobuslar uchun zamonaviy bekatlar va platformalar quriladi. Bekatlarda avtobuslarning yetib kelish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablolar, videokuzatuv kameralari va SOS tugmalari o‘rnatiladi.

Loyihada ko‘cha yoritish tizimini yangilash, avtobuslar sonini ko‘paytirish va qatnov jadvallarini maqbullashtirish ham nazarda tutilgan.

Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Shota Rustaveli ko‘chasidagi BRT koridorida 2026-yilgi ko‘rsatkichlar 2023-yil bilan taqqoslanganda, avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligi 45 foizga, yengil avtomobillarniki esa 18 foizga oshgan.

Ushbu yo‘nalishda jamoat transportidan kunlik foydalanuvchilar soni ham 8 052 nafarga yoki 9 foizga ko‘paygan.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirilgandi.

Теглар

Мавзуга оид