Logo

Toshkentdagi Bo‘zsuv kanali bo‘yida yangi sayilgoh tashkil etiladi

Кеча 15:402 дақиқа

Yunusoboddagi Bo‘zsuv kanali qirg‘og‘i dam olish maskaniga aylantiriladi. Obodonlashtirish ishlari 11 tasi (Bektemir tumanidan tashqari) tumani hududidan oqib o‘tuvchi, umumiy uzunligi 66,55 kilometr bo‘lgan kanal qismlarini qamrab oladi.

Toshkentdagi Bo‘zsuv kanali bo‘yida yangi sayilgoh tashkil etiladi © Videodan kadr

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv kanali qirg‘og‘ida piyodalar sayilgohi, velosiped yo‘lagi, eshkak eshish markazi hamda restoranlarni o‘z ichiga olgan yangi dam olish maskani tashkil etiladi. Mazkur ishlar poytaxtdagi umumiy uzunligi 66,5 km bo‘lgan beshta kanal qirg‘oqlarini obodonlashtirish doirasida amalga oshiriladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Umumiy hisobda Toshkentning 12 ta tumanidan 11 tasi (Bektemir tumanidan tashqari) hududidan o‘tuvchi Bo‘zsuv, Salor, Damashi, Jun va Bo‘rijar kanallari qirg‘oqlarini sayr qilish uchun qulay va zamonaviy zonalarga aylantirish ko‘zda tutilgan.

Yaqinda o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida Yunusobod tumani hokimi Abrorxo‘ja Saidaliyev tomonidan taqdim etilgan Bo‘zsuv kanali loyihasiga ko‘ra, hududda suv bo‘yida dam olish joylari, baliqchilar uchun kichik pirslar va tomosha maydonchalari quriladi. Dam olish zonalari yoritish tizimi va videokuzatuv bilan qamrab olinadi.

Shuningdek, kanal bo‘ylab baydarka va kayaklar saqlanadigan suzuvchi prichallarga ega eshkak eshish markazi, kanal bo‘yidagi bo‘sh maydonlarda esa panoramali oynalarga ega ochiq yozgi terrasali kafe va restoranlar joylashtirilishi ma’lum qilindi.

Noqonuniy qurilmalarni buzish va daraxtlarni saqlash

Obodonlashtirish ishlari boshlanishidan oldin hududda dendrologik tekshiruv o‘tkaziladi. Sog‘lom daraxtlar saqlab qolinib, sayr yo‘laklari ularning tanasini aylanib o‘tadigan tarzda quriladi. Holati yomon bo‘lgan daraxtlar va aylant (invaziv o‘simlik) o‘simtalari kesilib, ularning o‘rniga yirik o‘lchamli daraxtlar ekiladi.

Hozirga qadar rasmiylar tomonidan kanallarning muhofaza zonalarida umumiy maydoni 11,4 gektar bo‘lgan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha 326 ta holat aniqlangan. Ularning 275 tasida (84 foiz) noqonuniy qurilmalar buzib tashlangan va uchastkalar ochilgan. Bo‘zsuv kanalining Yunusobod tumanidagi qismida esa mahalliy aholi tomonidan baland devorlar bilan o‘rab olingan 60 ga yaqin noqonuniy qurilmaning aksariyati demontaj qilingan.

«Mana shu hududlarga qarang. Axir bu yerlardan shularni egallab olgan odam foydalanmoqda, jamoatchilik esa foydalana olmayapti, to‘g‘rimi? Masalan, siz suv bo‘yiga chiqib sayr qilmoqchi bo‘lsangiz, bu yerdan bemalol o‘ta olmaysiz», — dedi tuman hokimi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning 8 ta mahallasida havoni tozalash uchun sun’iy ko‘llar barpo etilayotgani haqida xabar berilgandi

Теглар

Мавзуга оид