Xorijlik velosport mutaxassislariga O‘zbekiston vizasi bepul beriladi
Xorijlik velosport trenerlari va sportchilariga O‘zbekiston vizasi hamda ishlash ruxsatnomasi bepul rasmiylashtiriladi. Bunday imtiyoz ularning oila a’zolariga ham tatbiq etiladi.
© Foto: championat.comO‘zbekistonga jalb etiladigan xorijlik velosport sportchilari, trenerlari va boshqa mutaxassislari uchun kirish vizalari hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar bepul rasmiylashtiriladi. Bu haqda Prezidentning 2026 yil 11-noyabrdagi PQ-394-son qarorida keltirilgan.
Idoralarning vazifalari
Hujjatga ko‘ra, Sport vazirligining buyurtmanomalariga asosan bir qator davlat idoralariga tegishli vazifalar yuklatildi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi xorijiy mutaxassislar va ularning oila a’zolariga kirish vizalarini konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlaydi.
Ichki ishlar vazirligi ushbu shaxslarga belgilangan tartibda ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirishni, shuningdek, ularni O‘zbekiston hududida turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishni va muddatini uzaytirib berishni amalga oshiradi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi esa xorijiy mutaxassislarga O‘zbekistonda ishlash huquqini beruvchi tasdiqnomalarni beradi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatda velosportni rivojlantirish va milliy terma jamoalarning nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlashdan iborat.





