
18 bank sayti davlat tili va ma’lumot oshkor etish talablarini buzgan
Markaziy bank tomonidan tijorat banklari saytlarida axborotni davlat tilida taqdim etish va ma’lumotlarni oshkor qilish talablari buzilganini aniqlandi va jarima belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2025 yil sentabr–oktabr oylarida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida monitoring o‘tkazdi. Monitoringning asosiy maqsadi — moliyaviy xizmatlar iste’molchilariga axborot taqdim etishda qonun talablariga rioya etilishini va foydalanuvchilarning to‘liq hamda ishonchli ma’lumot olish huquqi ta’minlanayotganini tekshirish bo‘ldi.
O‘rganishlar jarayonida bir qator qoidabuzarliklar va kamchiliklar aniqlangan.
Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun talablariga amal qilinmagan holda, ayrim banklar saytida axborot davlat tilida joylashtirilmagan. Shuningdek, iste’molchilar huquqini ta’minlashga doir yana bir muhim talab — kredit garovini bosqichma-bosqich ajratish tartibi ham ko‘plab saytlarda yo‘qligi qayd etildi.
Xususan, «Agrobank», «Anor bank», «Hayot bank», «Universal bank», «Garant bank», «Asakabank», «Turonbank», «Infinbank», «Mikrokreditbank», «Trastbank», «Madad Invest bank», «Saderat bank», «Orient Finans bank», «Ipoteka-bank», «Tenge bank», «Ziraat Bank Uzbekistan», «AVO bank» va «Open bank» saytlarida yuqorida qayd etilgan axborotlar yetishmasligi aniqlangan.
Natijada, Markaziy bank ushbu banklarning har biriga nisbatan amaldagi normativ hujjatlarga asosan 102 mln so‘mdan jarima qo‘lladi. Shu bilan birga, kamchiliklarni bartaraf etish va rasmiy veb-saytlardagi ma’lumotlarni qonun talablariga muvofiqlashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar yuborildi.
Markaziy bank barcha tijorat banklaridan:
axborotni taqdim etishda davlat tiliga qat’iy amal qilishni;
veb-saytlardagi ma’lumotlarni to‘liq va dolzarb holda taqdim etishni;
foydalanuvchilarga ishonchli va tushunarli ma’lumot olish imkonini ta’minlashni talab etmoqda.
Avalroq Markaziy banki qonunchilik talablariga amal qilmagani sababli «Hamkorbank»ka 955 mln, «Davr bank»ka 931 mln va «TBC bank»ka 615 mln so‘m jarima belgilagani haqida xabar bergan edik.





