add

2026 yildan mahallalar uchun kompleks rivojlanish tizimi joriy etiladi

Bugun 12:051872 daqiqa

Mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun har bir viloyatga 20 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

2026 yildan mahallalar uchun kompleks rivojlanish tizimi joriy etiladi

2026 yildan O‘zbekistonda mahallani rivojlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi kompleks yondashuv joriy etiladi. Bu tizim mahallalarda yillar davomida to‘planib qolgan infratuzilmaviy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bir vaqtning o‘zida hal etishga qaratilgan.

Yangi yondashuvga ko‘ra, har bir viloyatda 2–3 tadan tuman tanlab olinib, ushbu tumanlardagi barcha mahallalarda mavjud muammolar kompleks tarzda bartaraf etiladi. Shu bilan birga, tanlangan hududlarda tadbirkorlik infratuzilmasi ham parallel ravishda rivojlantiriladi. Bu orqali mahalliy iqtisodiy faollikni oshirish va aholini daromadli qilish maqsad qilingan.

Mazkur maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan jami 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Qo‘shimcha ravishda, deputatlarga o‘z okruglaridagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda. «Yashil hudud» va «yashil bog‘»larni tashkil etish bo‘yicha har bir deputat tashabbusiga qo‘shimcha 330 million so‘mdan ajratilishi belgilangan.

Bu ishlarni samarali tashkil etish maqsadida tuman byudjetlari daromad bazasini kamida ikki barobarga oshirish choralari ko‘rilmoqda. 2026 yil 1-yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumning Toshkent shahrida 5 foizi, qolgan hududlarda esa 20 foizi joylarda qoldiriladi va ushbu mablag‘larning yarmi tuman byudjetlariga o‘tkaziladi. Shuningdek, rejadan ortiq tushgan daromadlarning 50 foizi, yer ijarasi va bozorlardan tushumlar ham to‘liq tuman ixtiyoriga beriladi.

Bundan tashqari, samarasiz shtatlarni qisqartirish orqali tejalgan mablag‘lar aholi ko‘targan masalalarni hal qilishga yo‘naltiriladi. Natijada tuman byudjetlarida 5 trillion so‘mlik qo‘shimcha manba shakllanib, u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanadi.

Shu bilan birga, 2026 yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m mablag‘ bevosita viloyatlar ixtiyoriga beriladi. Bu mablag‘lar ish o‘rinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, urbanizatsiya sohasida islohotlar boshlanib, 45 ta aglomeratsiya hududi belgilanadi hamda «Barqaror shahar» platformasi ishga tushiriladi.

Teglar

Mavzuga oid