add

Biznes huquqi — tadbirkorlik faoliyatining barqarorligi va huquqiy himoyasi kafolati

Bugun 12:05684 daqiqa

Biznes huquqi tadbirkorlik faoliyatining to‘g‘ri va samarali amalga oshirilishini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Uning asosiy vazifasi — tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish, iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va barqarorligini kafolatlashdan iborat.

Biznes huquqi — tadbirkorlik faoliyatining barqarorligi va huquqiy himoyasi kafolati

Tadbirlarning samarali amalga oshirilishi va biznes muhitining yuksalishi uchun biznes huquqining o‘ziga xos xususiyatlarini tushunish zarur.

Biznes huquqi o‘z ichiga xususiy huquqning bir qismini oladi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni tartibga soladi. Bunga shartnoma munosabatlari, mulkiy huquqlar, huquqbuzarliklar uchun javobgarlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni tartibga solish kiradi. Shuningdek, biznes huquqi davlatning iqtisodiy faoliyatga rahbarlik qilish, soliq siyosati, ruxsatnomalar va boshqa tartibga soluvchi vositalar orqali amalga oshiriladigan ommaviy-huquqiy munosabatlarni ham o‘z ichiga oladi.

Biznes huquqining sub’ektlari tadbirkorlik faoliyatiga kirishadigan barcha yuridik va jismoniy shaxslardir. Bu sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlar asosan shartnomalar orqali amalga oshiriladi. Tadbirkorlar yetkazib beruvchilar, mijozlar va hamkorlar bilan shartnomalar tuzish va muzokaralar olib borishda xususiy huquq tamoyillariga tayanib, ularning aniqligi va ijro etilishini ta’minlaydilar. Shuningdek, biznes huquqi tadbirkorlarning shakllanishi va faoliyatini tartibga solishda, ularning ehtiyojlariga eng mos keladigan tashkiliy-huquqiy shakllarni tanlashda moslashuvchanlikni taklif etadi.

Biznes huquqi, shuningdek, davlatning iqtisodiy faoliyatga rahbarlik qilish funksiyasini bajaradi. Bu davlatning iqtisodiy faoliyatni boshqarish, soliq va ruxsatnomalar kabi tartibga soluvchi vositalari orqali amalga oshiriladi. Ommaviy huquqda davlatning huquqbuzarliklarni oldini olish, soliq siyosatini amalga oshirish va tadbirkorlik sub’ektlarini tartibga solish bo‘yicha amalga oshiradigan chora-tadbirlar muhim o‘rin tutadi. Xususiy huquq esa tadbirkorlarning o‘zaro munosabatlarini erkinlik va tenglik tamoyillari asosida tartibga soladi.

Umumiy huquq tizimiga asoslangan davlatlarda, sud qarorlari va huquqiy pretsedentlarga tayanish tadbirkorlar uchun muhim ahamiyatga ega. Ushbu tizimda sud pretsedentlariga tayanish orqali biznes operatsiyalari va nizolarni hal qilishda aniqlik va shaffoflik ta’minlanadi. Biroq, sud pretsedentlariga tayanish ba’zan huquqiy natijalarda noaniqlik va nomuvofiqlikka olib kelishi mumkin, bu esa tadbirkorlar uchun ehtiyotkorlikni va strategik bashorat qilishni talab qiladi. Bundan farqli o‘laroq, fuqarolik huquqi tizimi qat’iyligi bilan ajralib turadi. Fuqarolik huquqi tizimlarida qonunlarning kodifikatsiyasi aniqlik va bashoratlilikni ta’minlaydi, bu esa tadbirkorlar uchun qonunlarga rioya qilishni osonlashtiradi va nizolarni hal qilish jarayonlarini soddalashtiradi.

Biznes huquqi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Tadbirkorlar o‘rtasidagi shartnoma munosabatlari, mulkiy huquqlar va huquqbuzarliklar bo‘yicha nizolarni hal qilishda huquqiy himoya mexanizmlari mavjud. Xususan, zarar yetkazishdan kelib chiqadigan munosabatlarda tadbirkorlik sub’ektlarining javobgarligi tartibga solinadi. Bu, beparvolik yoki qasddan sodir etilganlik holatlarida zarar ko‘rgan tomonlarning huquqlarini himoya qilishni ta’minlaydi.

Shuningdek, biznes huquqi yuridik shakllar tanlashda tadbirkorlarning erkinligini qo‘llab-quvvatlaydi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar, shirkatlar, aksiyadorlik jamiyatlari yoki mas’uliyati cheklangan jamiyatlar sifatida o‘z ehtiyojlariga mos keladigan shaklni tanlash imkoniyatiga ega. Bu esa tadbirkorlik faoliyatining barqarorligini va huquqiy himoyasini ta’minlashga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va ularning huquqlarini himoya qilish borasida muhim qadamlar qo‘yildi.

Xususan, 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti ta’sis etildi. Bu institut tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish va huquqiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashga xizmat qiladi.

2025 yil yanvaridan boshlab, jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilindi. Shuningdek, fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish va xodimlar sonini yashirish kabi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik ham bekor qilindi.

2025 yil 1-martdan esa, sudda ish yuritish taraflar kelishuv bitimi tuzganligi sababli tugatilganda, tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolarga davlat bojining bir qismi qaytarib beriladi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbirkorlik faoliyatida insoflilik prinsipi muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sudlar tadbirkorlik faoliyati chog‘ida boshqa tomonning qonuniy manfaatlariga beparvolik bilan yoki aldash yo‘li bilan adashtirish holatlarini insofsiz xatti-harakat sifatida baholaydi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilishda sudlarning faol rolini oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatining erkinligi va huquqiy himoyasi davlat tomonidan kafolatlanmoqda. Qabul qilinayotgan qonunlar va islohotlar tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

 

Askarov Jaloliddin To‘ychiyevich,

Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi kafedrasi mudiri o‘rinbosari, PhD

Teglar

Mavzuga oid