
Markaziy bank barcha tijorat banklarini ogohlantirdi
Markaziy bank ayrim tijorat banklarida kredit to‘lovi kechiktirilganda qo‘llanilayotgan penya va jarimalar adolat hamda mutanosiblik tamoyillariga zid ekanini bildirdi.

Markaziy bank tijorat banklarining kredit shartnomalarida to‘lovlar kechiktirilganda qo‘llanilayotgan jarima va sanksiyalarni tahlil qildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ayrim hollarda banklar belgilayotgan sanksiyalar miqdori kreditning dastlabki qiymatiga yoki kreditorning haqiqiy xarajatlariga mutanosib emas. Shu boisdan ham Markaziy bank 20-yanvar kuni barcha tijorat banklariga 26-20/150-sonli xat yubordi.
Xatda ma’lum qilinishicha, to‘lov muddati buzilganda kechiktirilgan summa uchun hisoblanadigan foiz stavkasi shartnomadagi yillik foizga nisbatan 1,5–3 barobarga oshirilmoqda. Ayrim holatlarda esa bu ko‘rsatkich yillik 150–180 foizgacha yetib, amalda qo‘shimcha daromad manbaiga aylanib qolmoqda.
Shu bilan birga, kredit bo‘yicha foizlarni to‘lash kechiktirilganda kunlik penya hisoblanishi holatlari ham aniqlangan. Ushbu penya uchun eng yuqori chegara belgilanmagani sababli, uning yillik miqdori kreditning dastlabki summasidan bir necha barobar oshib ketmoqda. Bundan tashqari, har bir kechiktirish uchun kreditorning haqiqiy xarajatlariga bog‘liq bo‘lmagan bir martalik jarimalar ham qo‘llanilmoqda.
Markaziy bank ayrim shartnomalarda oshirilgan foiz stavkasi, kunlik penya va bir martalik jarimalar bir vaqtning o‘zida qo‘llanilayotganini qayd etdi. Natijada, kechiktirish bilan bog‘liq umumiy qo‘shimcha xarajatlar kreditni o‘z vaqtida va vijdonan to‘lash qiymatidan bir necha barobar yuqori bo‘lib, qarz oluvchi uchun jiddiy moliyaviy bosimni yuzaga keltirmoqda.
Regulyator fikricha, bunday amaliyot kreditor uchun kechiktirish holatidan foyda ko‘rishni iqtisodiy jihatdan manfaatli qiladi. Bu esa to‘lov intizomini ta’minlash o‘rniga, kechikishdan daromad olishga undaydigan modelni shakllantiradi va kredit shartlarining shaffofligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Markaziy bank sanksiyalar kompensatsion xarakterga ega bo‘lishi shartligini ta’kidlab, qarz oluvchi javobgarligini mustaqil daromad manbaiga aylantiruvchi shartnomaviy mexanizmlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirdi. Shu sababli, kredit shartnomalari bo‘yicha moliyaviy javobgarlikning aniq va oldindan bilinadigan miqdorini belgilashga qaratilgan qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi alohida ta’kidlandi.





