add

Nega Markaziy Osiyo tabiiy gazda Rossiya qaramligidan qutula olmayapti?

04.09.2025 | 18:00215516

Markaziy Osiyodan Yevropa va Sharqiy Osiyoga gaz asosan Rossiya nazoratidagi quvurlar orqali chiqadi. Bu esa mintaqa davlatlarini Rossiyaga qaram qiladi va ularning mustaqil ta’sir kuchini cheklaydi.

Nega Markaziy Osiyo tabiiy gazda Rossiya qaramligidan qutula olmayapti?
Markaziy Osiyoda aholi sonining o‘sishi va infratuzilmaning yetarli emasligi sababli tabiiy gaz tanqisligi tobora kuchaymoqda. Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston katta mintaqaviy gaz zaxiralariga ega bo‘lsa-da, ularning ishlab chiqarish quvvatlari ichki iste’molning o‘sib borayotgan talabini qondira olmayapti. Markaziy Osiyodan Yevropa va Osiyoga gaz asosan Rossiya nazoratidagi quvurlar orqali chiqadi. Bu esa mintaqa davlatlarini Rossiyaga qaram qiladi va ularning mustaqil ta’sir kuchini cheklaydi.   Mintaqada gaz masalasi Special Eurasia nashriga ko‘ra, Markaziy Osiyoning turli respublikalarida demografik o‘sish yiliga 2 foizdan yuqori bo‘lib, mintaqaning umumiy aholisi 70 milliondan oshib ketdi. Bu demografik o‘sish tufayli energiyaga bo‘lgan talab ortib bormoqda va mintaqadagi tabiiy gaz zaxiralarining 95 foizdan ortig‘iga ega bo‘lgan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston buni eng ko‘p his qilmoqda. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy gaz zaxiralari taxminan 3,5 trillion metr kubni  tashkil etadi. Turkmaniston esa taxminan 17 metr kub gaz zaxiralariga ega bo‘lib, Yaqin Sharq va Rossiyadan tashqarida dunyodagi yirik gaz zaxiralariga ega mamlakatlardan biridir. Gaz kon 01 Katta zaxiralar mavjud bo‘lsa-da, infratuzilmaning eskirganligi hamda zamonaviy qazib olish va quvur texnologiyalariga yetarli investitsiyalar kiritilmaganligi sababli ishlab chiqarish hajmi cheklangan. Qozog‘iston yiliga 59 mlrd metr kub, O‘zbekiston va Turkmaniston esa mos ravishda taxminan 45 mlrd va 81 mlrd metr kub tabiiy gaz qazib olmoqda. Ichki iste’mol ishlab chiqarishdan tezroq o‘sayotgani sababli O‘zbekiston va Qozog‘iston Rossiyadan gaz import qilishga majbur. Bu omil 1990 yildan beri ikki davlatni Rossiyaga qaram qilib qo‘ymoqda.   Qanday muammolar bor? Neft va gaz eksporti Markaziy Osiyo davlatlari savdo balansini yaxshilasa-da, bu daromadlar iqtisodiyotni turli yo‘nalishlarda rivojlantirish uchun yetarlicha ishlatilmayapti. Xorijdan kelayotgan investitsiyalar asosan energetika va infratuzilma sohalariga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, mintaqa moliya bozorlari hali ham zaif, siyosiy xavflar katta va likvidlik (pul aylanishi) yetarli emas. Gaz quvurlari asosan sovet davrida qurilgan va ular bugungi ehtiyojlarni to‘liq qondira olmaydi. Aholi sonining oshishi hamda eksport bozorlarini kengaytirish uchun quvurlar yetarlicha o‘zaro bog‘lanmagan. Turkmaniston esa asosan Rossiyaga boradigan yagona quvurga qattiq bog‘liq. So‘nggi yillarda u Xitoy va boshqa mintaqalar bilan yangi loyihalar orqali eksportni kengaytirishga urindi, ammo quvurlar quvvati yetarli emasligi va geosiyosiy muammolar bu rejalarni sekinlashtirdi. Gaz kon 02 Qozog‘iston va O‘zbekiston Rossiyaning «Gazprom» va «Rosneft» kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. «Gazprom» gaz tanqisligini qoplash uchun import qiladi va mintaqadagi gaz korxonalarida ulushga ega bo‘lib, ishlab chiqarish va eksport siyosatiga ta’sir ko‘rsatadi. Markaziy Osiyodan Yevropa va Osiyoga gaz asosan Rossiya nazoratidagi quvurlar orqali chiqadi. Bu esa mintaqa davlatlarini Rossiyaga qaram qiladi va ularning mustaqil ta’sir kuchini cheklaydi. Turkmaniston Eron orqali dengiz portlariga chiqish kabi muqobil yo‘llarni ko‘rib chiqqan, ammo bu loyihalar hali to‘liq amalga oshmagan. Xitoy esa so‘nggi yillarda faolroq rol o‘ynamoqda. U Markaziy Osiyodan to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy bozoriga gaz olib keluvchi quvurlar, yo‘llar va temir yo‘llarni moliyalashtirib, qurmoqda. Oxirgi o‘n yil ichida Xitoy investitsiyalari keskin oshdi. Bu sarmoyalar gaz eksportini osonlashtirdi va mintaqani Xitoy iqtisodiy tizimiga yaqinlashtirdi. Shu bilan birga, Xitoyning mintaqadagi ta’siri ham kuchaymoqda.   Siyosiy ta’sir: Rossiya-Xitoy raqobati Markaziy Osiyo boy tabiiy resurslari, energiya ta’minoti va muhim geografik joylashuvi sabab yirik davlatlar manfaatlari to‘qnashadigan hudud bo‘lib qolmoqda. Mintaqa hukumatlari gazni nafaqat iqtisodiy daromad manbai, balki diplomatik va siyosiy ta’sir vositasi sifatida ham ishlatmoqda. Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston gaz eksportidan siyosiy ta’sirini kuchaytirish, iqtisodiy yordam olish va mintaqada yetakchi bo‘lish uchun foydalanmoqda. Rossiya esa hali ham kuchli ta’sirga ega. Uning quvurlari, gaz ta’minoti va ishlab chiqarish korxonalari ustidan nazorati Moskvaga energiyani bosim vositasi sifatida ishlatish imkonini beradi. Ayniqsa, sovuq qish mavsumida Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya gaziga qaramligi bu ta’sirni yanada kuchaytiradi. Rossiya mintaqada xavfsizlik borasida ham katta rol o‘ynaydi. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) orqali ayrim respublikalar Rossiyaning xavfsizlik tizimiga bog‘langan. Bu esa energetika va xavfsizlikdagi qaramlikni birlashtirib, Markaziy Osiyo davlatlari uchun tashqi aloqalarni to‘liq diversifikatsiya qilishni qiyinlashtiradi. Xitoy esa «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi orqali o‘z ta’sirini kengaytirmoqda. Uning infratuzilma loyihalari iqtisodiy qaramlikni kuchaytiradi va Pekinning mintaqadagi rolini yanada oshiradi. Bunga misol qilib, Qirg‘izistonni olish mumkin — u Xitoy qarzlariga juda bog‘lanib qolib, suverenitetiga putur yetkazgan. Xitoyning qiziqishi faqat gaz yoki neft bilan cheklanmaydi, balki savdo yo‘llari, foydali qazilmalar va siyosiy ittifoqlarni ham qamrab oladi. Shuningdek, AQSH va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda katta rol o‘ynamasa-da, muhim strategik manfaatlarga ega. Ularning asosiy e’tibori boshqaruv islohotlari, texnologik modernizatsiya va energiya manbalarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan. Yevropa, ayniqsa, yashil energiya va raqamlashtirish orqali mintaqaning qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramligini kamaytirish hamda Rossiya ta’sirini susaytirishga harakat qilmoqda. Biroq Rossiya va Xitoyning kuchli iqtisodiy ta’siri fonida Yevropa roli ikkinchi darajada qolmoqda. Gaz kon 04 Eron esa Markaziy Osiyo davlatlari uchun xalqaro dengiz yo‘llariga chiqish imkonini beruvchi muhim tranzit hududi hisoblanadi. Uning portlari Turkmaniston va boshqa davlatlar uchun Rossiya va Xitoydan tashqari qo‘shimcha eksport yo‘nalishlarini taqdim etishi mumkin. Shu bilan birga, Eronning o‘ziga xos geosiyosiy muammolari va xalqaro sanksiyalar hamkorlik imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda. Ukrainadagi mojaro Markaziy Osiyoning Rossiya bilan aloqalarini yanada murakkablashtirdi. Gaz va energetika hamkorligi davom etayotgan bo‘lsa-da, bu mojaro Rossiyaning mintaqaga avvalgidek yordam berish imkoniyati va istagini kamaytirmoqda. Shu sababli Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya, Xitoy va G‘arb bilan munosabatlarda muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda. Ular murakkab global sharoitda iqtisodiy va siyosiy xavfsizlik muammolarini hal qilishga intilmoqda.   «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi Mazkur tashabbus Xitoy prezidenti Si Jinping tomonidan 2013 yilda ilgari surilgan bo‘lib, qadimiy Ipak yo‘li g‘oyasini zamonaviy sharoitda qayta tiklashni maqsad qiladi. Loyiha dunyoning Osiyo, Yevropa, Afrika va boshqa hududlarini yangi savdo va transport yo‘llari orqali Xitoy bilan bog‘lashni ko‘zda tutadi. Bu tashabbus asosan ikki yo‘nalishni o‘z ichiga oladi: quruqlikdagi «Ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘i» va dengizdagi «XXI asr ipak yo‘li». Gaz kon 03 Ularning asosiy maqsadi transport va infratuzilmani rivojlantirish, yangi temiryo‘llar, avtomobil yo‘llari, portlar, quvurlar va telekommunikatsiya tarmoqlarini qurish, shuningdek, energiya resurslari oqimini xavfsiz va barqaror yo‘nalishlarda ta’minlashdan iborat. bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilot bu tashabbus doirasida Xitoy bilan hamkorlik qilmoqda va umumiy investitsiyalar trillionlab dollarlarga baholanmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasi ushbu loyihada alohida o‘rin tutadi, chunki u Xitoyni Yevropa va Yaqin Sharq bilan bog‘lovchi geostrategik markazda joylashgan. Shu sababli, mintaqada temiryo‘l va avtomobil yo‘llari, energetika va transport infratuzilmalari bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Umuman olganda, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi Xitoyning global iqtisodiy va siyosiy ta’sirini kuchaytirish, savdo yo‘llarini kengaytirish hamda mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan yirik geosiyosiy loyiha hisoblanadi. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid