«Davr Bank» boshqaruv raisi advokatga javob bermagani uchun jarimaga tortildi
Sud bank boshqaruvi raisi advokatning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilgan deb topdi. Bank rahbari sudga kelmagan. Jarima miqdori 1,3 mln so‘m etib belgilandi.
© Foto: Davr BankOlmazor tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi «Davr Bank» XATB boshqaruvi raisi Abdumajid Samadovni ma’muriy javobgarlikka tortdi. Qaror 2026-yil 27-oktabrda chiqarilgan. Bu haqda advokat Bahodir Ahmedov Telegram kanalida xabar berdi. Sud qarorining ko‘chirmasi Vaqt.uz tahririyati ixtiyorida mavjud.
Sud qaroriga ko‘ra, 2026-yil 2-sentabrda «VERDICTUM» advokatlik byurosi advokati bank boshqaruvi raisiga 5 banddan iborat advokat so‘rovi yuborgan. So‘rovda advokat himoyasidagi shaxsning «Davr Bank»dagi mehnat faoliyatiga oid hujjatlar nusxalari so‘ralgan.
Biroq bank rahbari so‘rovga asoslantirilgan yozma javob bermagan. Hujjatlarni taqdim etmaslik sababini ham ma’lum qilmagan. Qarorda qayd etilishicha, so‘rovga sud majlisi bo‘lgan kungacha ham javob berilmagan. Advokat buni kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik deb hisoblab, sudga murojaat qilgan.
A. Samadovga ish ko‘riladigan vaqt va joy ma’lum qilingan bo‘lsa-da, u sud majlisiga kelmagan va ishni ko‘rishni kechiktirishni ham so‘ramagan. Shu sababli ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 294-moddasi 2-qismiga asosan uning ishtirokisiz ko‘rilgan.
Sud advokatning arizasi, unga ilova qilingan hujjatlar va ishdagi boshqa dalillar huquqbuzarlikni tasdiqlaydi deb topdi. Bank rahbarining harakatlari MJtKning 1971-moddasi (advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish) bilan kvalifikatsiya qilindi. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari, ya’ni 1 mln 320 ming so‘m miqdorida jarima tayinlandi.
Sud shuningdek taraflarga moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik sudlovi tartibida murojaat qilish huquqini tushuntirdi. Qarordan norozi taraflar 10 kun ichida Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjonning ABB banki 2026 yil 10-sentabrda «Toshkent» respublika fond birjasida bankning 51 foiz aksiyasini 1,65 trln so‘mga (taxminan 140 mln dollar) sotib olgandi.
9-oktabrda aksiyadorlar bank nomini «ABB Davr Bank»ga o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shu yig‘ilishda bankning kuzatuv kengashi ham yangilandi: asoschi va kengash raisi Lutfulla Ubayevning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Abdumajid Samadov esa boshqaruv raisi lavozimida qoldirildi. Bitimdan so‘ng S&P Global Ratings bankning uzoq muddatli kredit reytingini B dan B+ ga ko‘tardi.





