Logo

O‘zbekistondagi har 5 ta korxonaning 4 tasi MCHJ shaklida ishlamoqda. Nega tadbirkorlar aynan shuni tanlaydi?

Бугун 14:053 дақиқа

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari orasida MCHJ shakli mutlaq ustunlikka ega. Mamlakatdagi tijorat tashkilotlarining 80,3 foizi shu shaklda ro‘yxatdan o‘tgan. Aksiyadorlik jamiyatlari esa umumiy tashkilotlarning atigi 0,1 foizini tashkil etadi.

O‘zbekistondagi har 5 ta korxonaning 4 tasi MCHJ shaklida ishlamoqda. Nega tadbirkorlar aynan shuni tanlaydi? © Depositphotos

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-oktabr holatiga O‘zbekistonda 372 695 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) faoliyat yuritmoqda.

Umumiy hisobda mamlakatda 463 897 ta tijorat tashkiloti mavjud bo‘lib, ularning har beshtasidan to‘rttasi aynan MCHJ shaklida ro‘yxatdan o‘tgan.

Tashkiliy-huquqiy shakllar bo‘yicha taqsimot quyidagicha:

Tashkiliy-huquqiy shakl

Soni

Ulushi

MCHJ

372 695

80,3%

Xususiy korxonalar

48 433

10,4%

Oilaviy korxonalar

38 314

8,3%

Aksiyadorlik jamiyatlari

653

0,1%

Boshqa shakllar

3 802

0,8%

Ko‘rinib turibdiki, MCHJlar soni xususiy korxonalardan qariyb 7,7 barobar, oilaviy korxonalardan esa 9,7 barobar ko‘p. Aksiyadorlik jamiyatlarining umumiy soni esa 653 tani tashkil qiladi.

MCHJlar soni yil boshidan qanchaga ko‘paydi?

Milliy statistika qo‘mitasining yil davomida e’lon qilib borgan ma’lumotlari MCHJlar soni va ularning tijorat tashkilotlari orasidagi ulushi izchil oshib borayotganini ko‘rsatadi.

2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda 320 870 ta MCHJ ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning umumiy tijorat tashkilotlari tarkibidagi ulushi 78,7 foizni tashkil etgan edi.

Yil davomidagi o‘sish dinamikasi:

  • 1-yanvar — 320 870 ta (78,7%);

  • 1-aprel — 335 077 ta (79,4%);

  • 1-iyun — 343 584 ta (79,7%);

  • 1-sentabr — 366 051 ta (80,2%);

  • 1-oktabr — 372 695 ta (80,3%).

Demak, 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyi ichida MCHJlar soni 51 825 taga yoki qariyb 16,2 foizga ko‘paygan. Ularning tijorat tashkilotlari tarkibidagi ulushi esa 1,6 foiz bandga oshgan.

MCHJning boshqa korxonalardan farqi nimada?

Mas’uliyati cheklangan jamiyat — bir yoki bir nechta shaxs tomonidan tashkil etiladigan, ustav kapitali ta’sis hujjatlarida belgilangan ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyatidir.

Ushbu tashkiliy-huquqiy shaklning eng asosiy xususiyati shuki, jamiyat ishtirokchilarining korxona majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi cheklangan bo‘ladi.

2026 yil 22-iyuldan kuchga kirgan O‘RQ-1137-sonli «Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi qonunga ko‘ra, jamiyat o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi. Uning ishtirokchilari esa, umumiy qoidaga muvofiq, jamiyatning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi va faoliyat bilan bog‘liq zararlar xavfini faqatgina ustav kapitaliga kiritgan o‘z hissalari doirasida ko‘taradi.

Qonunga muvofiq, MCHJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin rasman yuridik shaxs maqomini oladi. U o‘z nomidan mol-mulkka egalik qilishi, mulkiy huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishi, shuningdek, sudda da’vogar yoki javobgar sifatida ishtirok etishi mumkin.

Nega biznesda MCHJ bunchalik keng tarqalgan?

MCHJ shaklining bu qadar ommalashganini faqat bitta sabab bilan izohlab bo‘lmaydi. To‘g‘ri, rasmiy statistika tashkiliy-huquqiy shakllarning soni va ulushini aniq ko‘rsatib beradi, ammo tadbirkorlar nima sababdan aynan MCHJni ko‘proq tanlayotganini alohida tadqiq qilmaydi.

Shu bilan birga, «PwC» xalqaro konsalting kompaniyasining 2025 yilgi «Doing business in Uzbekistan» qo‘llanmasida MCHJ O‘zbekistonda biznes yuritishning eng keng tarqalgan va nisbatan moslashuvchan shakllaridan biri sifatida e’tirof etilgan.

Qo‘llanmada qayd etilishicha, aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tuzilmasi ancha murakkabroq va ularda kapital bozori regulyatorlarining nazorati qat’iyroq hisoblanadi. Shuningdek, chet el investitsiyasi ishtirokidagi xorijiy korxonalarning katta qismi ham aynan MCHJ shaklida tashkil etilgani ko‘rsatib o‘tilgan.

MCHJlar sonining bu qadar ko‘pligi mamlakatdagi biznes subyektlarining tashkiliy tarkibida ushbu shaklning mutlaq ustunligini ko‘rsatadi. 2026 yil 1-oktabr holatiga ularning umumiy ulushi 80,3 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich yil boshidagi 78,7 foizlik natijaga nisbatan ancha yuqoridir.

Shu bilan birga, aksiyadorlik jamiyatlari, xususiy va oilaviy korxonalar ham biznesning o‘ziga xos alohida tashkiliy shakllari sifatida mamlakat iqtisodiyotida o‘z o‘rnida faoliyat yuritmoqda.

Теглар

Мавзуга оид