Logo

O‘zbekistonliklar hamon yoqilg‘i va kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda

Кеча 20:103 дақиқа

Oktyabr oyida aholining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan oshdi. Narxlar oshishidan eng ko‘p maishiy xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchilar xavotir bildirgan.

O‘zbekistonliklar hamon yoqilg‘i va kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil oktabr oyida aholining yillik inflyatsion kutilmalari 9,1 foizni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,4 foiz bandga ko‘tarildi. Tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 0,7 foiz bandga kamayib, 8,5 foiz darajasida shakllandi. Bu haqda Markaziy bankning aholi va tadbirkorlar orasida o‘tkazgan an’anaviy so‘rovnomasi natijalarida keltirib o‘tilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘rovlarda 3 500 nafar aholi va 1 675 nafar tadbirkorlik subyektlari ishtirok etgan.

Asosiy omillar saqlanmoqda

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, aholi fikricha, narxlar o‘sishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar orasida yoqilg‘i-energiya resurslari hamda kommunal xizmatlar narxlarining oshishiga oid xavotirlar yetakchilik qilmoqda. Biroq bu omillarni qayd etgan respondentlar ulushi o‘tgan oylarga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.

Shu bilan birga, monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi hamda asosiy oziq-ovqatlarning qimmatlashishi ham inflatsiya ta’sir ko‘rsatadigan asosiy omillar qatoridan joy olgan.

1

manba: markaziy bank

Transport xarajatlarining oshishi va valuta kursining o‘zgarishidan xavotir bildirganlar soni o‘tgan oyga nisbatan ko‘paygan.

Tadbirkorlar ham yoqilg‘i-energiya resurslari narxining oshishini inflyatsion kutilmalarga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatuvchi omil sifatida qayd etgan. Shuningdek, xomashyo va kommunal xizmatlar qimmatlashishi ham inflatsiyaga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha omillar sifatida ko‘rsatilgan.

Biroq mazkur omillarni ko‘rsatgan respondentlar ulushi avvalgi oylarga nisbatan sezilarli kamaygan.

2

manba: markaziy bank

Sohalar va hududlar kesimidagi farqlar

Aholi guruhlari orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar maishiy xizmat ko‘rsatish xodimlari tomonidan bildirilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich talabalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

3

manba: markaziy bank

Tadbirkorlar kesimida esa eng yuqori kutilmalar hunarmandchilik va tashish xizmatlari sohalarida qayd etilgan. Ilm-fan va ta’lim xizmatlarida eng past daraja kuzatilgan.

4

manba: markaziy bank

Hududiy jihatdan qaralganda, inflyatsion kutilmalarning eng yuqori ko‘rsatkichlari aholi va tadbirkorlar orasida Toshkent shahrida, eng past ko‘rsatkichlar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan.

5

manba: markaziy bank

Daromad va inflatsiya bog‘liqligi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholining daromad darajasi inflyatsion kutilmalarga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Oktyabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalari yuqori daromadli aholi qatlami orasida inflatsiya bo‘yicha xavotirlar nisbatan yuqoriroq ekanini ko‘rsatdi.

Xususan, oylik daromadi 30 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan respondentlarda inflyatsion kutilmalar 13,6 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori hisoblanadi. Shuningdek, 20–30 mln so‘m daromadga ega aholi guruhida mazkur ko‘rsatkich 12,9 foizga yetgan.

Pastroq daromadli aholi qatlamlarida esa inflyatsion kutilmalar nisbatan barqaror shakllangan. Masalan, oylik daromadi 2–4 mln so‘m bo‘lgan aholi orasida bu ko‘rsatkich 8,8 foizni, 2 mln so‘mgacha daromadga ega aholida esa 9,4 foizni, daromadga ega emaslar orasida 7,6 foizni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oktabrda aholi eng ko‘p go‘sht, sut va yoqilg‘i qimmatlaganini sezgani haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид