Logo

Sovuq o‘yinlar: YI rekord darajadagi yuqori gaz narxlari va 10 yillik eng past zaxiralar bilan qishni qanday kutib olyapti?

Бугун 17:3119 дақиқа

Oktyabr oxirida Yevropada gaz narxi 2022-yildan beri birinchi marta 1 MVt·soat uchun 100 yevrodan oshdi. Bu AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanishidan oldingi narxdan uch baravar yuqori. Yevropa komissiyasining energetika bo‘yicha komissari yangi energetika inqirozi yuzaga kelishi va qish og‘ir kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Uning aytishicha, aholi bu qishda isinish yoki ovqatlanish o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lishi mumkin.

Sovuq o‘yinlar: YI rekord darajadagi yuqori gaz narxlari va 10 yillik eng past zaxiralar bilan qishni qanday kutib olyapti? © Foto: Unsplash

2022-yilda Yevropa Rossiya gazidan mahrum bo‘lgan edi. Endi esa Qatardan keladigan suyultirilgan tabiiy gaz (SPG) yetkazib berish deyarli to‘xtadi. Bunga Eronning Qatardagi Ras-Laffan gaz majmuasiga bergan zarbasi sabab bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi so‘nggi o‘n yildagi eng kam gaz zaxirasi bilan qishni qarshi olmoqda. Shu bilan birga, Yevropa AQSHdan keladigan gaz uchun Osiyo mamlakatlari bilan raqobatlashishga majbur.

Hozircha Yevropa Rossiyaning «Yamal SPG» loyihasidan rekord darajada gaz sotib olmoqda. Ammo 2027-yildan boshlab Rossiya gazini uzoq muddatli shartnomalar asosida sotib olish ham taqiqlanadi. Bu yevropaliklar uchun qish qimmatga tushishini anglatadi. Energiya narxining oshishi yevrohududdagi inflatsiyaning qariyb yarmini tashkil etmoqda. Sentyabr oyida inflatsiya 3,8 foizga tezlashdi. Yevropa Markaziy banki esa joriy yilda foiz stavkasini ikki marta oshirdi.

2022-yilda Yevropa Rossiya gaz quvurlari orqali yetkazib beriladigan gaz hajmini qisqartirib, keyin butunlay to‘xtatgani uchun qiyinchilikka duch kelgan edi. Hozir esa jahon bozorida Qatarning suyultirilgan tabiiy gazi deyarli yo‘qolgani yangi muammoni keltirib chiqardi.

Eron 19-mart kuni Qatardagi Ras-Laffan majmuasiga zarba berganidan keyin Yevropada gaz narxi 62 yevrogacha ko‘tarildi. Aprel oyidagi sulhdan so‘ng esa 44 yevrogacha pasaydi. Ammo yoz oxiridan boshlab narx yana ko‘tarila boshladi. 28-oktabr kuni Niderlandiyadagi TTF gaz birjasida yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartnoma narxi 2022-yilning dekabridan beri birinchi marta 1 MVt·soat uchun 100 yevrodan oshdi.

Shu bilan birga, yangi inqirozda Rossiya bilan bog‘liq jihat ham bor: so‘nggi oylarda Yevropa Ittifoqi «Yamal SPG» loyihasidan rekord miqdorda gaz sotib olmoqda. Vashington esa Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi doirasida Rossiya gazini Yevropaga qaytarish taklifini ilgari surmoqda.

Gaz narxi nega keskin oshdi?


Gaz narxining ko‘tarilishiga uchta asosiy omil sabab bo‘lmoqda. Birinchi sabab — Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat. Urush boshlanishidan oldin Qatar jahondagi suyultirilgan gaz eksportining qariyb 19 foizini ta’minlar edi. Ammo 2026-yilning dastlabki olti oyida mamlakat atigi 18 ta gaz partiyasini jo‘natgan. Bir yil oldin esa bu ko‘rsatkich 509 tani tashkil etgan.

Eron raketalari Ras-Laffan majmuasidagi yiliga 12,8 mln tonna gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan ikkita ishlab chiqarish liniyasiga zarar yetkazgan. Ularni ta’mirlash uchun uch yildan besh yilgacha vaqt kerak bo‘ladi. Qatarning «Qatar Energy» kompaniyasi ayrim shartnomalar bo‘yicha gaz yetkazib berishdagi majburiyatlarini bajara olmasligini bildiruvchi fors-major holatini noyabr oyi boshigacha uzaytirgan. Oktyabr oyi boshida esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalarga hujumlar ko‘paygan.
Urushdan oldin jahonga eksport qilinadigan suyultirilgan gazning qariyb 19 foizini Qatar ta’minlagan. Ammo 2026 yilning olti oyida mamlakat gazning atigi 18 ta partiyasini jo‘natgan. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 509 ta edi.

Ikkinchi sabab
— Yevropa gaz omborlaridagi zaxiraning kamligi. Yevropadagi yerosti gaz omborlari atigi 75 foizga to‘ldirilgan. 2022-yilning oktabr oyi oxirida esa bu ko‘rsatkich 93 foiz bo‘lgan. Yaqin kunlarda havo sovishi haqidagi prognozlar va Norvegiyada gaz yetkazib berishda kutilmagan uzilishlar yuz berishi mumkinligi haqidagi xabarlar ham bozorda xavotirni kuchaytirgan.

Uchinchi sabab — AQSH gazi uchun Osiyo bilan raqobat. Yevropa AQSHdan keladigan suyultirilgan gazni sotib olish uchun Osiyo mamlakatlari bilan raqobatlashmoqda. ICIS ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH eksport qilayotgan suyultirilgan gazda Osiyoning ulushi 2025-yil yozidagi 16 foizdan 2026-yilning yozida 29 foizgacha oshgan.

Muammoning yana bir chuqurroq sababi bor. Rossiya gaz quvurlari o‘rnini suyultirilgan gaz tashuvchi kemalar egallaganidan keyin, 2025-yilda Yevropa Ittifoqi import qiladigan gazning 45 foizini kemalar orqali ola boshladi.

Shu sababli Yevropada gaz narxi endi uzoq muddatli shartnomalardan ko‘ra jahon bozoridagi o‘zgarishlarga ko‘proq bog‘liq bo‘lib qoldi. Ya’ni Fors ko‘rfazidagi vaziyat yoki boshqa mintaqalardagi muammolar Yevropa gaz narxiga tezda ta’sir qilmoqda. So‘nggi yillar bilan taqqoslaganda, hozirgi narx juda yuqori.

2019–2020-yillarda Yevropada 1 MVt·soat gaz o‘rtacha 10–14 yevro turgan. 2023–2025-yillarda esa bu narx 35–40 yevro atrofida bo‘lgan. Hozirgi 100 yevrolik narx so‘nggi uch yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,5–3 baravar qimmat. 2022-yildagi inqiroz bilan hozirgi vaziyatning o‘xshash tomoni — gaz narxining yuqoriligi va Brusselning aholini energiyani tejashga chaqirishidir. Biroq bugun Yevropa Ittifoqida gaz iste’moli inqirozdan oldingi davrga nisbatan qariyb 20 foizga kamaygan.

Yevropa gaz iste’molini qisqartirdi. Bunga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ko‘proq foydalanish hamda gaz va elektr qimmatlashgani sabab ayrim korxonalar ishlab chiqarishni to‘xtatgani ham ta’sir qildi. Yevropadan tashqaridagi vaziyat esa turlicha. Oktyabr oyining o‘rtalarida Osiyodagi JKM gaz indeksi qariyb 30 dollargacha ko‘tarilgan. 1 MVt·soat uchun 100 yevro taxminan 1 million BTE gaz uchun 33 dollarga teng. Demak, Yevropa va Osiyoda gaz narxi deyarli bir xillashgan.

AQSHda esa Henry Hub indeksi bo‘yicha gaz narxi 1 million BTE uchun 3 dollar atrofida qolmoqda. Bu Yevropadagi narxdan qariyb o‘n baravar arzon. Shu farq AQSHdan gaz tashuvchi kemalar qaysi bozorga yo‘nalishini belgilab bermoqda. Yaqin oylarda vaziyat tezda o‘zgarishi kutilmayapti. «Bank of America» sentabr oyida 2026-yilning to‘rtinchi choragi uchun TTF indeksi bo‘yicha gaz narxi prognozini o‘rtacha 100 yevrogacha oshirdi. Bu sentabr o‘rtasidagi narxdan qariyb 20 foiz yuqori.

Yevropa gazni qayerdan sotib oladi?

2025-yilda Yevropa Ittifoqining o‘z hududida gaz ishlab chiqarish hajmi 33 mlrd kub metrni tashkil etgan. Bu umumiy iste’molning atigi 10 foiziga teng. O‘sha yili YI 339 mlrd kub metr gaz iste’mol qilgan. Import hajmi esa 289 mlrd kub metrga yetgan. «Eurostat» ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi gazga bo‘lgan ehtiyojining 87,6 foizini import hisobiga qoplagan. Qolgan qismi omborlardagi zaxiralardan olingan. YI hududida gaz ishlab chiqaruvchi asosiy mamlakatlar Ruminiya, Niderlandiya va Germaniya hisoblanadi. Ammo ularning hech biri bu qishda ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshira olmaydi.

2026-yilning boshida, ya’ni Fors ko‘rfazidagi urushdan oldin, Yevropa import qilayotgan gazning asosiy qismi quyidagi mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan:

Norvegiya — 30,9 foiz (89,3 mlrd kub metr). Gazning deyarli barchasi quvurlar orqali yetkazib berilgan.
AQSH — 26,2 foiz (75,6 mlrd kub metr). Faqat suyultirilgan gaz.
Shimoliy Afrika — qariyb 13 foiz. Asosan Jazoir va Liviyadan quvurlar orqali, shuningdek Jazoirdan suyultirilgan gaz.
Rossiya — 12,5 foiz (36 mlrd kub metr). Quvurlar va suyultirilgan gaz orqali.
Ozarbayjon — 3,9 foiz. Quvurlar orqali.
Qatar — 3,7 foiz. Faqat suyultirilgan gaz.

2021-yilda Rossiya Yevropa Ittifoqiga 150 mlrd kub metrdan ortiq gaz yetkazib bergan. O‘sha paytda AQSHdan keladigan gaz hajmi atigi 18,9 mlrd kub metr edi. To‘rt yil ichida AQSHning Yevropaga gaz yetkazib berish hajmi to‘rt baravar oshdi, Rossiyaniki esa to‘rt baravardan ko‘proq qisqardi. Suyultirilgan gaz importida AQSHning ulushi 57,9 foizga yetgan. Rossiyaning ulushi 13,5 foiz, Qatarniki esa 8 foizni tashkil etgan.

Qatarning Yevropa gaz bozoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri ulushi katta emas. O‘tgan qishda u Yevropa import qilgan suyultirilgan gazning 7 foizini, umumiy gaz importining esa 4 foizini ta’minlagan. Biroq Qatardan gaz yetkazib berish to‘xtagani boshqa bozorlarga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Yoz davomida Yevropa Ittifoqiga Qatardan sezilarli miqdorda gaz kelmagan. Natijada Yevropaga suyultirilgan gaz importi 14 foizga kamaygan. Gaz ta’minotida AQSH suyultirilgan gazining ulushi esa qariyb 30 foizga yetgan. Rossiya gazi hozirda Yevropa ta’minotining qariyb 11 foizini tashkil qilmoqda.

«ACER» baholashiga ko‘ra, urush sababli Yevropa Ittifoqining bir xil miqdordagi gaz importi uchun xarajatlari 18–33 mlrd yevroga oshgan. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqiroz Yevropaga, asosan, narx orqali ta’sir qilmoqda. Qatar gazidan mahrum bo‘lgan Osiyo mamlakatlari AQSHdan keladigan gaz partiyalarini yuqoriroq narxda sotib olmoqda. Bu esa Yevropada ham gaz qimmatlashishiga olib kelyapti.

AQSH va Eron o‘rtasida iyun oyida vaqtinchalik kelishuvga erishilganidan keyin ham suyultirilgan gaz tashuvchi kemalarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakati urushdan oldingi darajaga qaytmagan. IEEFA tahlil markazi prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda Yevropa AQSHdan import qilinadigan suyultirilgan gazning uchdan ikki qismini qabul qilishi mumkin.

Gaz narxi yuqori bo‘lib turgan bir paytda Yevropa komissiyasi 1-dekabrga qadar omborlarni 90 foizga to‘ldirish talabini 80 foizga tushirishga rozi bo‘ldi. Energetika bo‘yicha komissar Yorgensen esa hukumatlarni energiya iste’molini ixtiyoriy ravishda qisqartirishga chaqirdi. 29-oktabr kuni YI energetika vazirlari gaz yetkazib berishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarga tayyorgarlikni muhokama qildi. Biroq gaz iste’molini majburiy cheklash bo‘yicha qaror qabul qilinmadi. Yagona kelishuv neft mahsulotlarining strategik zaxiralarini bozorga chiqarish haqidagi bayonot bo‘ldi.

Hozircha Yevropa Ittifoqi va Kanada suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuv tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. «Eni» va «TotalEnergies» kompaniyalari esa Kiprdagi Kronos gaz konini o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiya qarorini qabul qilgan. Ammo bu loyihadan olinadigan qo‘shimcha gaz 2028-yildan oldin bozorga chiqmaydi.

Gaz narxi oshmoqda, iste’mol esa kamaymoqda

«Eurostat»ning so‘nggi to‘liq ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda tabiiy gaz Yevropa Ittifoqining umumiy energiya iste’molida 20,6 foiz ulushga ega bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha gaz neft va neft mahsulotlaridan (37,8 foiz) keyin ikkinchi o‘rinda turgan. Taqqoslash uchun, 2011-yilda gazning umumiy energiya iste’molidagi ulushi 23,5 foiz, 2020-yilda esa 23,7 foiz bo‘lgan. Ya’ni gaz iste’molining asosiy qisqarishi 2022–2023-yillardagi inqiroz davriga to‘g‘ri kelgan. O‘sha paytda sanoat korxonalari ishlab chiqarishni kamaytirgan, aholi esa uylarni isitish uchun kamroq energiya sarflashga majbur bo‘lgan.

Gaz iste’moli hajmidagi o‘zgarish yanada yaqqol ko‘rinadi. Yevropa Ittifoqida gaz iste’moli 2021-yildagi 404 mlrd kub metrdan 2023-yilda 326 mlrd kub metrgacha kamaygan. Bu qariyb 20 foizlik pasayishdir. 2025-yilda esa gaz iste’moli qayta oshib, 339 mlrd kub metrga yetgan. Bunga gidroelektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining kamayishi ham sabab bo‘lgan.

Xalqaro energetika agentligi joriy yilda Yevropada gaz iste’moli 2 foizdan ko‘proq kamayishini kutmoqda. Buning asosiy sababi — gazning qimmatlashishi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining unga nisbatan arzonlashishi. 2025-yilda qayta tiklanuvchi manbalar Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining qariyb yarmini ta’minlagan.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishda gazning ulushi umumiy energiya iste’molidagidan kamroq. 2025-yilda Yevropa Ittifoqidagi gaz elektr stansiyalari jami elektr energiyasining 16,7 foizini ishlab chiqargan. Bu ko‘rsatkich shamol elektr stansiyalarining ulushidan (16,9 foiz) ham kam. Gazdan elektr energiyasi ishlab chiqarish 2019-yilda eng yuqori nuqtaga — 569 TVt·soatga yetgan. Keyingi besh yil davomida bu ko‘rsatkich uzluksiz pasaygan. 2025-yilda esa 8 foizga oshib, 466 TVt·soatni tashkil etgan.

Shunga qaramay, elektr energiyasiga talab eng yuqori bo‘lgan soatlarda uning narxini ko‘pincha gaz elektr stansiyalari belgilaydi. Shu sababli TTF birjasida gaz narxi ko‘tarilishi elektr energiyasi uchun to‘lovlarga ham tezda ta’sir qiladi. Keyinchalik bu qimmatlashish o‘g‘it, po‘lat va kimyo mahsulotlari narxida ham aks etadi. Biroq gaz, birinchi navbatda, uylarni isitish uchun kerak. Yevropa Ittifoqida xonadonlar iste’mol qiladigan energiyaning 60 foizdan ortig‘i isitishga sarflanadi. Uy-joylarda esa gaz asosiy energiya manbalaridan biri hisoblanadi.

2024-yilda xonadonlarning umumiy energiya iste’molida gaz ulushi 29,4 foizni tashkil etgan. Bu elektr energiyasi ulushidan (26,9 foiz) yuqori. Shuning uchun Yevropa uchun qishda gaz ta’minoti ayniqsa muhim. Yozda elektr energiyasi ishlab chiqarishda quyosh energiyasidan foydalanish mumkin. Ammo qishda uylarni isitish uchun gazning o‘rnini bosadigan manbalarni topish ancha qiyin.
Yevropa Ittifoqida xonadonlar iste’mol qiladigan energiyaning 60 foizdan ortig‘i uylarni isitishga sarflanadi. Bu jarayonda gaz asosiy manbalardan biri hisoblanadi.
Yevropa Ittifoqining energiya samaradorligi bo‘yicha direktivasiga muvofiq, 2030-yilda umumiy energiya iste’moli 763 mln tonna neft ekvivalentidan oshmasligi kerak. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 901 mln tonnani tashkil etgan. Demak, Yevropa yana qariyb 15 foizga kamroq energiya iste’mol qilishi lozim.

Xalqaro energetika agentligi 2024–2030-yillarda Yevropada gazga bo‘lgan talab 8 foizga kamayishini kutmoqda. «Ember» tahlil markazi esa milliy rejalar asosida 2023-yilga nisbatan iste’mol 7 foizga qisqarib, 302 mlrd kub metrni tashkil etishini prognoz qilgan. Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, gaz iste’molining asosiy qisqarishi elektr energetikasi sohasida kuzatiladi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo Yevropa mamlakatlarida gaz elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan energiya hajmi 2030-yilgacha chorak qismga kamayishi kutilmoqda. Biroq Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumi boshqacha prognoz bermoqda. Uning fikricha, ma’lumotlar markazlari ko‘payishi gazga bo‘lgan talabni oshirishi mumkin. Gaz iste’moli kamaygan taqdirda ham Yevropa importga qaram bo‘lib qoladi. «Wood Mackenzie» tahlil markazi baholashicha, hozir Yevropa Ittifoqi gazga bo‘lgan ehtiyojining 85 foizini import hisobiga qoplamoqda. 2040-yilga borib esa mahalliy gaz ishlab chiqarish hajmi turli ssenariylarga ko‘ra, ehtiyojning 34 foizinigina qoplashi yoki umuman yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Gaz omborlaridagi zaxiralar juda kam

1-oktabr holatiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqidagi yerosti gaz omborlari 72 foizga to‘ldirilgan. 21-oktabrda bu ko‘rsatkich 75 foizga yetgan. 1-noyabr kuni esa yana biroz pasayib, 74,6 foizni tashkil etgan. Bu so‘nggi o‘n yilda yilning shu davri uchun qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir. 1-oktabr holatidagi zaxira esa 2011-yilda kuzatuvlar boshlanganidan beri eng kam daraja bo‘lgan. Taqqoslash uchun, 2025-yil 1-oktabrda gaz omborlari qariyb 83 foizga to‘ldirilgan edi.

Omborlarni belgilangan 90 foizlik darajaga yetkazish uchun mavsum davomida kamida 68 mlrd kub metr gaz qo‘shimcha ravishda zaxira qilinishi kerak edi. Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlardagi vaziyat bir-biridan ancha farq qiladi. AGSI+ ma’lumotlariga ko‘ra, 1-noyabr holatida Italiyadagi gaz omborlari 91 foiz, Fransiyada 87 foiz, Niderlandiyada 66 foiz va Germaniyada atigi 61 foizga to‘ldirilgan.

Eng jiddiy muammo Germaniyada kuzatilmoqda. Chunki uning gaz omborlari Yevropa Ittifoqidagi eng yirik omborlar hisoblanadi. Ularga Avstriya, Chexiya va Shveysariya ham bog‘liq. 1-noyabr holatiga ko‘ra, Germaniyadagi gaz omborlari kamida 70 foizga to‘ldirilgan bo‘lishi kerak edi. Ammo amalda bu ko‘rsatkich 61 foiz bo‘lgan.

Yevropa gaz omborlaridagi zaxiralar yetarli emas. Ayniqsa, Germaniyadagi holat xavotirli, chunki uning gaz omborlariga boshqa Yevropa mamlakatlari ham bog‘liq. Bunday vaziyat yuzaga kelishiga uchta asosiy sabab bor.

Birinchidan, Yevropa gaz omborlarini to‘ldirishni juda kam zaxira bilan boshlagan. Sovuq qishdan keyin yerosti omborlaridagi gaz miqdori 28 foizgacha tushib ketgan. Ikkinchidan, yoz oylarida gaz narxi qishdagi narxdan arzon bo‘lmagan. Shu sababli savdogarlar uchun gazni yozda arzonroq sotib olib, qishda qimmatroq sotish foydali bo‘lmagan. Natijada omborlarga gaz jamg‘arishga qiziqish kamaygan. Uchinchidan, urush tufayli Qatarning suyultirilgan gazi kamayib, qimmatlashgan. Yoz oxirida birjadagi gaz narxi bir yil oldingi ko‘rsatkichdan qariyb ikki baravar yuqori bo‘lgan.

«ENTSOG» tashkilotining asosiy prognoz ssenariysiga ko‘ra, kelasi yil mart oyi oxiriga borib Yevropa gaz omborlaridagi zaxira 29 foizgacha kamayishi mumkin. Agar qish sovuq kelsa, suyultirilgan gaz yetishmasa va Rossiyadan «Turk oqimi» orqali quvur gazi yetkazib berish ham to‘liq to‘xtasa, omborlardagi zaxira 11–21 foizgacha tushishi mumkin. Bu ko‘rsatkich gaz importi hajmiga bog‘liq bo‘ladi.

IEEFA tahlil markazi bunday holatda Yevropa Ittifoqi qish davomida gaz iste’molini 7 foizga yoki 14 mlrd kub metrga qisqartirishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Niderlandiya iyul oyidan boshlab gaz omborlarini to‘ldirish uchun subsidiya ajratmoqda. Shu bilan birga, mamlakat o‘z omborlarini to‘ldirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichni 64 foizga tushirgan.

Germaniya esa davlatga tegishli «SEFE» kompaniyasiga qo‘shimcha 8 TVt·soat gaz zaxira qilishni topshirgan. Bundan tashqari, «Trading Hub Europe» bozor operatori savdogarlarga kelasi yil mart oyi oxirigacha gaz yoki gaz yetkazib berish imkoniyatlarini saqlab turish uchun pul to‘lamoqda. Bu yilgi tenderlarda taklif qilingan narxlar o‘tgan yillarga nisbatan yuqori. Germaniya o‘zining alohida strategik gaz zaxirasini kelasi yildan oldin tashkil etishni rejalashtirmayapti. Rejalashtirilayotgan 24 TVt·soatlik zaxira odatiy qish sharoitida atigi 18 kunga, o‘ta sovuq qishda esa 10 kunga yetadi.

Shunga qaramay, Yevropa komissiyasi hozircha gaz yetkazib berishda uzilishlar yuz berishi bevosita xavf tug‘dirmayotganini ta’kidlamoqda. Bu qishdagi vaziyatni belgilaydigan eng muhim omillardan biri ob-havo bo‘ladi. El-Nino hodisasi Yevropada qishning iliq kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holatda uylarni isitish va gazdan elektr energiyasi ishlab chiqarishga bo‘lgan talab kamayadi. Ammo havo sovuq kelsa, Yevropa har bir suyultirilgan gaz partiyasi uchun Osiyo mamlakatlari bilan raqobatlashishga majbur bo‘ladi. Bunday vaziyatda hozirgi 100 yevrolik narx ham eng yuqori nuqta bo‘lib qolmasligi mumkin.

Rossiyaning «Yamal» gazi bilan xayrlashuv

Yevropa Ittifoqining Rossiya gazidan voz kechish rejasi 2026/261-sonli reglament bilan rasman mustahkamlangan. Ushbu hujjat 3-fevralda kuchga kirgan. 18-martdan boshlab 2025-yil 17-iyundan keyin tuzilgan yoki o‘zgartirilgan shartnomalar bo‘yicha Rossiya gazini yetkazib berish taqiqlangan. Amaldagi shartnomalar bo‘yicha taqiqlar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. 2027-yil 1-yanvardan Rossiya suyultirilgan gazini uzoq muddatli shartnomalar asosida import qilish taqiqlanadi. 2027-yil 30-sentabrdan (ayrim istisno holatlarda 1-noyabrdan kechiktirmay) Rossiyaning qolgan quvur gazi importi ham to‘xtatiladi.

Hozircha Yevropa taqiqlar kuchga kirishidan oldin Rossiya gazini ko‘proq sotib olmoqda. 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Yevropa Ittifoqi portlariga «Yamal SPG» loyihasidan rekord darajada — 12,18 mln tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,5 foiz ko‘p. Ushbu hajm loyihada ishlab chiqarilgan va jo‘natilgan gazning 85 foiziga teng. Yevropa bu gaz uchun 7,88 mlrd yevro to‘lagan. Shu davrda «Turk oqimi» gaz quvuri orqali 13,2 mlrd kub metr gaz yetkazib berilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 foiz ko‘p.

Xalqaro energetika agentligining baholashicha, Rossiya gazi o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan yetkazib berish hajmi yiliga qariyb 33 mlrd kub metrni tashkil etadi. Faqat Rossiya suyultirilgan gazini taqiqlashning o‘ziyoq Yevropa importini bu qishda qariyb 7 mlrd kub metrga kamaytirishi mumkin. Bu hajmning asosiy qismi AQSHdan keladigan suyultirilgan gaz hisobiga qoplanadi. Ya’ni Yevropa Moskvaga bo‘lgan gaz qaramligini Vashingtonga qaramlik bilan almashtirishi mumkin.

Shu bilan birga, AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya energetikasiga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishini yaqinda kechiktirdi. Yevropa uchun muqobil manbalar qatoriga yangi suyultirilgan gaz loyihalari va Hurmuz bo‘g‘ozi orqali gaz tashish yo‘lining tezroq tiklanishi kiradi. Ammo yangi gaz loyihalari 2027–2028-yillardagina ishga tushishi mumkin.

Bu jarayonda Vengriya va Slovakiya eng katta muammolardan biri bo‘lib turibdi. Budapesht fevral oyida Rossiya gazini taqiqlash to‘g‘risidagi qarorni Yevropa Ittifoqi sudida bahslashgan. Vengriya va Bratislava esa Brusseldan Rossiya energiya resurslaridan voz kechish qoidalarini yumshatishni so‘ramoqda. Shu orada xususiy kompaniyalar ham Rossiya gazini Yevropa bozoriga qaytarish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner va Kremlning maxsus vakili Kirill Dmitriyev «Shimoliy oqim» gaz quvurlariga amerikalik investor jalb qilish masalasini muhokama qilgan. Biroq Yevropa komissiyasi 19-oktabr kuni Rossiya gazini qayta sotib olish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqidagi har qanday taxminni rad etgan. Rossiyaning «Novatek» kompaniyasi rahbari Leonid Mixelson esa gazni «butun dunyo bo‘ylab» sotishni rejalashtirayotganini aytgan.

Qishda Shimoliy dengiz yo‘li orqali Osiyoga to‘g‘ridan to‘g‘ri gaz tashish qiyinlashadi. Shu sababli «Novatek» Vietnamda gazni qabul qilish va saqlash infratuzilmasini qurishni rejalashtirmoqda. Mixelsonning aytishicha, Fransiyaning «TotalEnergies» kompaniyasi 2027-yildan keyin «Yamal SPG» loyihasidagi o‘z ulushiga to‘g‘ri keladigan gazni Yevropa tashqarisida sotadi. Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha 21-paketi bunga ruxsat beradi. Biroq kelajakda AQSHning Grem qonuni Rossiya gaziga yana bir xavf tug‘dirishi mumkin. Ushbu qonun «Novatek» loyihasiga xizmat ko‘rsatadigan muzyorar Arc7 kemalariga nisbatan sanksiyalar joriy etish imkonini beradi. Ammo qonunning asosiy sanksiya choralari 16-oktabrdan boshlab Oq uy tomonidan vaqtincha to‘xtatilgan.

Xitoy esa Rossiyadan «Sibir kuchi» gaz quvuri orqali olayotgan gazi uchun boshqa xaridorlarga nisbatan ancha kam pul to‘lamoqda. Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Xitoyga yetkazib berilgan 1 ming kub metr gazning o‘rtacha narxi 240,3 dollarni tashkil etgan. Boshqa uzoq xorij mamlakatlariga esa shu miqdordagi gaz o‘rtacha 406,5 dollardan sotilgan. Ya’ni Xitoy gazni 41 foiz arzonroq olgan.

«Sibir kuchi — 2» loyihasi esa hali ham to‘xtab qolgan. Bunga Xitoyning Rossiya ichki bozoridagi narxlar darajasida gaz sotib olishni talab qilayotgani sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun 2025-yilda Xitoyga «Sibir kuchi» orqali yetkazib berilgan rekord darajadagi 38,8 mlrd kub metr gaz ham «Gazprom»ning Yevropa bozoridan yo‘qotgan daromadini qoplay olmaydi. Bu nafaqat gaz hajmi, balki uning sotilish narxi bilan ham bog‘liq.

Yevropa bozorini yo‘qotgan Rossiya ham hali bu zarbadan tiklana olmagan. Hozircha mamlakat «Yamal» loyihasidan Yevropa bozoriga gaz sotish orqali daromad olmoqda. Ammo bu bozor ham belgilangan muddatlarda yopiladi. Xitoy esa Yevropaning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Chunki u Rossiya gazi uchun boshqa uzoq xorij xaridorlariga nisbatan 41 foiz kam haq to‘lamoqda.

Qimmat gaz uchun kim pul to‘laydi?

Gaz narxining oshishi allaqachon oddiy iste’molchilarning hamyonlariga ta’sir qilmoqda. «Eurostat» ma’lumotlariga ko‘ra, yevrohududda inflatsiya avgust oyidagi 3,2 foizdan sentabrda 3,8 foizgacha tezlashgan. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 2,2 foiz edi. Energiya resurslari — yoqilg‘i, gaz va elektr energiyasi — bir yil ichida 19 foizga qimmatlagan. Bu umumiy inflatsiya o‘sishining 1,7 foiz bandini tashkil etgan. Boshqacha aytganda, narxlar umumiy o‘sishining qariyb yarmi energiya qimmatlashishi hisobiga yuzaga kelgan. Energiya va oziq-ovqat mahsulotlari hisobga olinmaganda, boshqa tovar va xizmatlar narxi atigi 2,5 foizga oshgan.

Qishda gaz narxining aholiga ta’sirini biroz yumshatadigan omillar ham bor. Masalan, xonadonlar uchun gaz to‘lovining hammasi birja narxiga bog‘liq emas. Uning tarkibida soliqlar va boshqa majburiy yig‘imlar ham mavjud.

Yevropa Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda xonadonlar to‘laydigan gaz pulining qariyb 31 foizi soliq va yig‘imlardan iborat bo‘lgan. Masalan, agar xonadon gaz uchun 100 yevro to‘lasa, shundan 31 yevrosi soliq va yig‘imlarga, 69 yevrosi esa gazning o‘zi hamda uni yetkazib berish xarajatlariga to‘g‘ri keladi. Agar gaz va uni yetkazib berish xarajatlari ikki baravar oshsa, umumiy to‘lov 169 yevroga yetadi. Ya’ni gazning o‘zi ikki baravar qimmatlashgan bo‘lsa-da, xonadonning umumiy to‘lovi 69 foizga oshadi. Amalda esa elektr va gaz tarmoqlaridan foydalanish to‘lovlari birja narxiga unchalik bog‘liq bo‘lmagani uchun o‘sish bundan ham kamroq bo‘lishi mumkin.

Shunga qaramay, qimmatlashish aholi uchun sezilarli bo‘ladi. Masalan, gazda isitiladigan va noyabrdan martgacha taxminan 10 ming kVt·soat gaz sarflaydigan xonadonning xarajati faqat gaz narxi oshishi hisobiga qariyb 600 yevroga ko‘payishi mumkin. Qo‘shimcha 20 foizlik QQS bilan bu summa 715 yevroga yetadi.

Elektr energiyasi ham qimmatlashmoqda. Chunki talab eng yuqori bo‘lgan vaqtlarda elektr narxini hanuz gaz elektr stansiyalari belgilamoqda. Keyinchalik gaz qimmatlashishi boshqa tovarlar narxiga ham ta’sir qiladi. Chunki gaz o‘g‘it, po‘lat, shisha va kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishda muhim xomashyo hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchilar xarajatlari oshganda, buni o‘z mahsulotlari narxiga qo‘shadi.

«VoxEU» nashrida e’lon qilingan tadqiqotlar gaz narxining keskin oshishi inflatsiyani neft narxi oshishiga nisbatan kuchliroq va uzoqroq muddatga tezlashtirishini ko‘rsatgan. Ayniqsa, inflatsiya avvaldan yuqori bo‘lgan sharoitda bu ta’sir kuchliroq seziladi.

Gaz narxining oshishi xizmatlar qiymatiga ham ta’sir qilishi mumkin. Bu jarayon bir yildan ko‘proq vaqt davom etishi ehtimoldan xoli emas. Birja narxidagi o‘zgarishlar aholi to‘lovlarida qanchalik tez aks etishi esa har bir mamlakatda turlicha. Yevropa Markaziy banki sentabr oyida milliy markaziy banklar o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan. Natijalarga ko‘ra, yevrohududda energiya iste’molining yarmidan ko‘prog‘iga to‘g‘ri keladigan mamlakatlarda gazning ulgurji narxi oshishi 1–3 oy ichida aholi to‘lovlarida aks etadi. Energiya iste’molining uchdan bir qismiga to‘g‘ri keladigan boshqa mamlakatlarda esa bu jarayon yarim yildan bir yilgacha vaqt olishi mumkin.

2022-yilda mamlakatlarning qariyb 40 foizida gaz narxining oshishi aholi to‘lovlariga bir-ikki yildan keyin ta’sir qilgan. Hozir esa bunday mamlakatlar ulushi atigi 5 foizni tashkil etmoqda. Niderlandiyada aholi uchun gaz tariflari deyarli darhol o‘zgaradi. Fransiya, Italiya va Ispaniyada esa gaz narxi bir necha oy ichida oshishi kutilmoqda. Germaniya va Avstriyada 12–24 oylik qat’iy narxli shartnomalar ko‘proq tarqalgan. Shu sababli bu mamlakatlarda gaz qimmatlashishining eng yuqori ta’siri taxminan bir yildan keyin sezilishi mumkin.

Yevropa Markaziy banki ham vaziyatga allaqachon munosabat bildirgan. U iyun va sentabr oylarida 2023-yildan beri birinchi marta foiz stavkalarini oshirdi. Natijada depozitlar bo‘yicha foiz stavkasi 2,5 foizga yetdi. Bu esa aholi uchun ipoteka va boshqa kreditlar qimmatlashishini anglatadi. 29-oktabr kuni Markaziy bank foiz stavkalarini o‘zgarishsiz qoldirdi. Biroq energiya narxining oshishi inflatsiyani yanada tezlashtirishi va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Yevropa Markaziy bankining sentabr oyidagi prognoziga ko‘ra, 2026-yilning yakunida inflatsiya 3 foizni, 2027-yilda esa 2,5 foizni tashkil etishi mumkin. Shuningdek, 2026-yilning to‘rtinchi choragida energiya narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 15 foizga oshishi kutilgan. Biroq bu prognoz avgust oyi o‘rtasidagi gaz narxlari asosida tayyorlangan. O‘sha paytda dekabr oyi uchun TTF birjasidagi gaz fyucherslari 1 MVt·soat uchun 63 yevro atrofida bo‘lgan. Shundan beri gaz narxi yana qariyb 1,5 baravar oshdi.

«Wood Mackenzie» tahlil markazining baholashicha, suyultirilgan gaz bozorida talab va taklif faqat 2028-yildan boshlab muvozanatga kelishi mumkin.

Hozirgi inflatsiya darajasi 2022-yildagi kabi 10 foizdan yuqori emas. Ammo prognozlarga ko‘ra, Yevropani yana bir qimmat qish kutmoqda. Inflatsiya esa kamida 2027-yilgacha Yevropa Markaziy banki belgilagan 2 foizlik maqsadli ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lib qolishi mumkin. Bu qishda Yevropa deyarli o‘zi ta’sir ko‘rsata olmaydigan uchta omilga bog‘liq bo‘lib qolmoqda: ob-havo, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat va AQSHdan Osiyoga yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz hajmi.

«ENTSOG»ning asosiy prognoziga ko‘ra, gaz zaxiralari odatiy qishni o‘tkazish uchun arang yetishi mumkin. Ammo qish qattiq kelsa, IEEFA baholashicha, Yevropa Ittifoqi gaz iste’molini qariyb 7 foizga qisqartirishga majbur bo‘ladi. AQSH va Kiprdan keladigan yangi gaz hajmlari faqat 2027–2028-yillarda paydo bo‘ladi. Qatardagi zarar ko‘rgan gaz ishlab chiqarish liniyalarini ta’mirlash esa bundan ham ko‘proq vaqt talab qiladi.

Теглар

Мавзуга оид