Sud qaroridan so‘ng kreditlarga foiz va penya hisoblash to‘xtatiladi
Markaziy bank banklardan sud qarori chiqarilgan kreditlar bo‘yicha noqonuniy hisoblangan foiz va jarimalarni bekor qilish hamda undirilgan mablag‘larni qarz oluvchilarga qaytarishni talab qildi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaKredit qarzini undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilgandan so‘ng, qarorda ko‘rsatilgan summaga yangi foiz, jarima (neustoyka) yoki penya hisoblash to‘xtatiladi hamda qonunga zid ravishda undirilgan mablag‘lar qarz oluvchilarga qaytariladi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, tijorat banklarining kuzatuv kengashlari va boshqaruvlari zimmasiga ushbu talabga to‘liq rioya etilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Banklarda ichki audit tekshiruvlari o‘tkaziladi
Belgilangan talablarga asosan, banklarning ichki audit xizmatlari 2026-yil 10-dekabrgacha maxsus tekshiruv o‘tkazishi lozim. Ushbu jarayonda sud qarori chiqarilgan kreditlar bo‘yicha foiz va jarima hisoblash to‘xtatilganligi to‘liq o‘rganiladi. Aniqlangan qoidabuzarliklar esa bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi muhokamasiga kiritiladi.
Qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda, qonunga zid ravishda hisoblangan foiz va jarimalar zudlik bilan bekor qilinishi hamda undirilgan mablag‘lar qisqa muddatda qarz oluvchilarga qaytarilishi shart.
Shuningdek, banklar boshqaruvlari amalga oshirilgan ishlar va qaytarilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi batafsil hisobotni tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga 2026-yil 25-dekabrgacha Markaziy bankka taqdim etishi belgilandi.
Ma’lumot uchun, sud qarorida ko‘rsatilgan undiriladigan summa keyinchalik unga yangi foiz yoki penya qo‘shilishi hisobiga ortib bormasligi qoidasi Fuqarolik kodeksining 744-moddasi uchinchi qismida qat’iy belgilangan.
Qayerga murojaat qilish mumkin?
Agar iste’molchilarda kredit qarzdorligi bo‘yicha sud qarori chiqqandan keyin ham foiz yoki jarima hisoblash holatlari yuzaga kelgan bo‘lsa, ular Markaziy bankning 71-200-00-44 yoki 18 00 qisqa raqamli aloqa markaziga, shuningdek, Telegramdagi «Bankda nima gap?» loyihasining @tajriba_lab_bot botiga murojaat qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq banklarga kredit reklamalarida moliyaviy xavflar haqida ogohlantirish majburiyati belgilangandi.





