
“Boy va kambag‘allar maktabi yonma-yon bo‘ladimi?” — odamlar maktab hududidagi qurilishdan norozi
Tarmoqlarda poytaxtning Yunusobod tumani 17 mavzedagi 122 sonli umumta’lim maktabining sport maydonida qo‘shimcha bino quriladi mazmunidagi xabarlar tarqalib, ko‘plab munozalarga sabab bo‘lmoqda. Vaqt.uz holatni o‘rganish maqsadida mazkur hududda bo‘lib, mahalliy aholi va mutasaddilar bilan suhbatlashdi.
Odamlarning aytishicha, qariyalar erta tongdan maktab sport maydoniga kelib, sayr qilishadi, toza havodan nafas olishadi. Maydon doim bolalar bilan gavjum bo‘lgan. Shu sababli, ular mavzening yagona ochiq maydoni bo‘lmish, hozir o‘rab qo‘yilgan bu hududdagi qurilishga qarshi bo‘lyapti.
Qadrdon mahallasidagi sport maydoni yonidagi ko‘p qavatli uyda yashovchi Maqsudjon Ashurov o‘rab olingan yer mavzedagi yagona ochiq maydonligini ta’kidlaydi.
“Chiqib dam olgani bitta shu joy bor edi. Sal tinchroq deb bolalarimni o‘zimni mana shu yerda jiyanimni ham, bolalarimni ham velik uchishga mana shu yerda o‘rgatganman. To‘g‘risini aytganda, oldin mana shu uchastkalar ham bo‘lmasdi. Bitta mana shu joy qoldi, salqin, so‘lim bo‘lib turardi, to‘g‘risi, sal yalangli bo‘lgani uchun. Endi shu joyni ham bilmayman, ko‘p ko‘rishyapti shekilli. Hech kimga hech narsa deyishmasdan, boshqa qilmasdan mana o‘rab olishdi. Endi so‘rasak, hech kim bilmaydi. Xalqqa tegishli joy. Menimcha, u o‘zidan o‘zi olib, berib, kimlargadir anavi qilib, sovg‘a qiladigan yo xohlagan qurilishini qiladigan joyga o‘xshamaydi, bo‘lishi kerak ham emas. Bu qurilish to‘xtatilishi kerak. Nimaga? Chunki qo‘shni kvartallarda ham joy yo‘q. O‘sha yerdagi odamlar ham shu yerga keladi, nafas olgani. O‘zi ko‘ryapsiz ekologiyaning ahvolini. Masalan, kimdir yuragi xastasi bor, o‘pkasida muammosi bor. Chiqib, kunduzi, kechqurunmi chiqib aylangisi keladi, yurgisi keladi, zarur ularga. Qayerda yuradi ular endi? Mashinalarni chiqayotgan tutunidan nafas oladimi?”, deydi Madsudjon Ashurov.
Maktabning 5 ming kv. metr yer maydoni o‘tgan yilning noyabr oyida tunuka to‘siq bilan o‘rab olingan. Qirq yildan beri shu yerda yashovchi Olga Stepanovaning aytishicha, hududda odamlarning sayr qiladigan joyi deyarli qolmagan.
“Qanday asosga ko‘ra xususiy kompaniya bu hududni egallab oldi? Chunki kadastr bo‘yicha bu hudud maktabga tegishli. Uni sotishlari uchun bu hududni kim davlat tasarrufidan chiqargan? Hudud davlat tasarrufidan chiqarilmasdan turib, xususiy shaxslar uni sotib ololmasdi. Bu yerda bolalarimiz ham, qariyalarimiz ham sayr qiladi. Bu o‘n yettinchi mavzeda odamlar uchun, aynan odamlar uchun mo‘ljallangan yagona joy edi. Qariyalar shu paytgacha sayr qilib yurishardi. Mana, qarang, bu yerda 28 ta ko‘p qavatli uy bor. Xo‘sh, kampir-chollar qayerda sayr qiladi? Ayting-chi, shu bitta-yu bitta joyimiz edi. O‘rindiqlar bo‘lardi, bu yerda o‘tirishning gashti boshqa edi, kechqurun ham chiqsa bo‘lardi. Nima uchun odamlar uchun hech narsa qilinmayapti? Hamma narsa xususiy bog‘chalar uchun qilinyapti. ... mana, yo‘lning narigi tarafida xususiy maktab bor. Bu davlat maktabining o‘zi yetadi, bolalar bir “smena”da o‘qiydi. Agar kerak bo‘lsa, bolalar ko‘paysa, ikki “smena” ham bo‘ladi. Bolalar qayerda sayr qiladi? Odamlar qayerda sayr qiladi, ayting-chi?”, deydi shu yerda 40 yildan beri yashovchi Olga Stepanova.
Yana bir fuqaro atrofdagi binolar bir-biriga juda yaqin qurilayotganidan noroziligini bildirdi.
“Biz bu joyga farzandlarim bilan, o‘zimiz dam olishga, sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishga chiqib turardik. Endi eshitishimizcha, bu joyga xususiy maktab, bog‘cha qurilyapti ekan. Xususiy maktab, xususiy bog‘cha qurilgani yaxshi, lekin bu joyda 17 mingdan ortiq aholi turamiz. Biz uchun bu joyda toza havoli, tabiat qo‘ynida aylanadigan boshqa hudud yo‘q. Tobora aholi ko‘payib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, yana ham aholi ko‘paygan sari joylar qisqarib boradi. Shuning uchun biz, mahallamiz, bu joyda qurilish qilishiga qarshimiz. Maktabga yopishgan holatda qurilish qilish har tomonlama qonunga ham zid deb o‘ylaymiz.
Bu hududda o‘zi usiz ham binolar bir-biriga juda ham yaqin qilib qurilgan. Agar bu joyda xususiy maktab quriladigan bo‘lsa, yana ham binolar zich bo‘lishi oqibatida ochiq maydonlar yetishmasligi yana ham oshib ketadi. Ochiq maydonlar umuman yetishmay qoladi. Qadrdon, Beg‘ubor kabi aholi zich joylashgan mahallalarda hech qaysi birida bunaqa ochiq maydon yo‘q. Stadiondan bu maktab stadioni emas, balki mana shu yerda yashayotgan butun mahallaning ko‘ngilochar maydoni sifatida necha yildan beri foydalanib kelyapmiz”, deydi Arobjon Jo‘raboyev.
Stadionning yonidagi uyda yashovchi Yelena Yang sport maydonida erta tongdan to kechgacha keksalar nabiralari, evaralari bilan sayr qilishi, bolalar sport bilan shug‘ullanishini aytadi.
“Boshqa mavzelarda bunaqa yashil hudud ham, odamlar bemalol kelib sport bilan shug‘ullanadigan, sayr qiladigan stadioni ham yo‘q. Tushunyapsizmi? Men portalga ariza, murojaat yozganman. U yerdan mening murojaatimni tuman prokuraturasiga tushirishdi va shu bilan ish yopildi. Arxitektura va qurilish boshqarmasidan ham telefon qilishdi: “Siz falonchi-falonchimisiz, ariza berganmidingiz?” Men: “Ha”, dedim. Bo‘ldi, biz sizga 26-noyabrgacha javob beramiz, deyishdi. Shu bilan tamom. Ularning javobini kutmadim va 1-dekabr kuni Bosh prokuraturaga murojaat yo‘lladim. Va yana jimjitlik. Mana, bir oydan oshdi, hech kimdan hech qanday javob olganim yo‘q. Biz, shu mahalla ahli, bu yerda qandaydir qurilish bo‘lishiga va bu stadionning kimlargadir berilishiga yoki sotilishiga qarshimiz. Nima bo‘layotganini bilmayman. Shunchaki bizga bularning bari nima uchun kerakligini tushuntirib berishsin. Bu narsalar nima uchun va kimga kerak? Masalan, bizga bu qurilishning umuman keragi yo‘q. Derazalarimiz tagida qurilish ketsa, biz bu changdan nafas olamizmi? Nega endi biz, keksalar, bolalar, nafaqaxo‘rlar shu iflos havodan nafas olishimiz kerak? Qandaydir “Orient Penthouse” degan tashkilot. Hujjatlarga ko‘ra, ularning ushbu ob’ektni qurish bo‘yicha shartnoma muddati o‘tgan yilning 8-mayida tugagan. Ular esa bu hududni joriy yilning noyabr oyida profnastil bilan o‘rab olishdi. Bu shuni anglatadiki, ular barcha qonunlarni buzib, bu hududni noqonuniy egallab olishgan. Ular hozir foydalanayotgan muddati o‘tgan shartnomani emas, balki bugungi kunda amalda bo‘lgan haqiqiy hujjatlarni, shartnomani ko‘rsatishsin”, deydi Yelena Yang.
Qadrdon mahallasidagi 10 ko‘p qavatli uyda yashovchi Lola Sultonovaga ko‘ra, xususiy maktab qurlilishiga hojat yo‘q, chunki sport maydoni atrofida boshqa maktab va bog‘chalar ko‘p.
“Bizning atrofimizda, yonimizda maktab-bog‘cha bor. Orqamizda maktab bor, yon tarafda maktab bor, yana ikkita bog‘cha bor. Shuning atrofida o‘tadigan mashinalarning o‘zi yetib ortadi. Yurishga joy yo‘q. Mashinalarni qo‘yib tashlashadi bizning domimiz oldiga, nafas olib bo‘lmaydi. Yuradigan bittagina joyimiz mana shu maktab edi. Maktab ichida yurib, ertalab vaqtli chiqib, soat 5 da bomdoddan keyin aylanib, kechqurun chiqib, bolalarni aylantirib, qariyalar o‘tirib, yozlarda shu yerda yurar edik. Mana buni ham o‘rab olishibdi. Yonida davlat maktabi, bu tarafida “elitniy” maktab bo‘lar ekan. “Elitniy” maktabingiz bu nima, boy bilan kambag‘alning maktabimi? Bir tarafda kambag‘alning maktabi, bir tarafda boylarning maktabi bo‘ladi.
Maktabda bolalar uchun joy ko‘p. Maktab bir “smena”gina ishlaydi. Ikki “smena” qilsa ham bo‘ladi, bir yarim “smena” qilsa ham bo‘ladi. Maktabda bola yetishmaydi, kam o‘qiydiganlar. Bir “smena”da o‘qiydi maktabda bolalar”, deydi Lola Sultanova.
Yunusobod tumanining 17 mavzesida yashovchi yana bir fuqaro Valentina Kim ham sport maydoni o‘z o‘rnida qolishi kerakligini aytadi.
Aniqlanishicha, “Orient Penthouse” MCHJ tomonidan 122 sonli umumta’lim maktabining bo‘sh yer maydonida davlat-xususiy sheriklik asosida 300 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 700 o‘rinli nodavlat umumta’lim maktabini qurish bo‘yicha tashabbus kiritilgan.
«Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi Qonunning 17 moddasiga binoan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazilgan va 2024 yil 8-noyabrda bitim imzolangan bo‘lib, bugungi kunda Qadrdon mahallasi hududida maktabning bo‘sh turgan yer maydonida tegishli tashkilotlar tomonidan qurilish olib borish rejalashtirilgan.
Aholining noroziligidan so‘ng maktab hududidagi qurilish bo‘yicha mutasaddilar, quruvchi va fuqarolar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Yunusobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Suxrobbek Qirg‘izboyevning ma’lum qilishicha, hozir tumanda 43ta umumta’lim maktabi bor. 41 ming nafar bola sig‘imiga mo‘ljallangan maktablarda 65 ming nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, nodavlat ta’lim tashkiloti 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab faoliyatini yo‘lga qo‘yishi belgilangan. Uchrashuvda quruvchi firma rahbari ham tushuntirish berib o‘tdi. Tadbirkor qurilish uchun kerakli hamma hujjatlar borligini ma’lum qildi.
Shundan keyin mutasaddi, quruvchi va fuqarolar o‘rtasida bahs-munozarali savol-javoblar boshlandi. Odamlar mahallaning sport maydonini saqlab qolish uchun Ta’lim vazirligi va quruvchi firma o‘rtasidagi bitim bekor qilinishini so‘rashdi.
Tomonlarning nizoli hudud masalasidagi uchrashuvi hech qanday natijasiz yakunlandi. Tomonlar kelishuvga erisha olmadi. Davlat maktabi ichida xususiy maktab quriladimi? Yoki aholining fikri inobatga olinib, vazirlik va quruvchi o‘rtasidagi bitim bekor bo‘ladimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Quruvchi firma rahbari bilan suhbatlashish imkoni bo‘lmadi. Lekin unga ham minbar berishga tayyormiz.
Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist
Operator: Miroqil Xayrullayev
Teglar






