add

Dunyo milliarderlarining boyligi rekord darajaga chiqdi

Bugun 15:022 daqiqa

2025 yilda dunyo milliarderlarining jami boyligi tarixiy maksimumga yetdi, bu esa siyosiy jihatdan xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Dunyo milliarderlarining boyligi rekord darajaga chiqdi

2025 yilda dunyodagi milliarderlarning jami boyligi rekord darajaga yetdi. Bu haqda «Oxfam» xayriya tashkiloti tayyorlagan yillik hisobotga asoslanib, «France24» xabar qilmoqda. Hisobot Davosdagi iqtisodiy forum arafasida e’lon qilindi va unda o‘ta boy qatlam daromadlarining keskin o‘sishi «juda xavfli» siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlanadi.

«Oxfam» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda milliarderlar boyligi 16,2 foizga o‘sib, 18,3 trln dollarga yetgan. Bu o‘sishning asosiy omillaridan biri AQSH prezidenti Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatida olib borayotgan siyosati bilan bog‘lanmoqda. Tashkilotning fikricha, deregulyatsiya va korporativ soliqqa oid xalqaro kelishuvlarni zaiflashtirish eng boy insonlar daromadlarining jadal o‘sishiga yo‘l ochgan.

Hisobotda ilk bor dunyodagi milliarderlar soni 3 ming kishidan oshgani qayd etilgan. Shu bilan birga, dunyodagi eng boy 12 nafar inson, jumladan, «Tesla» va «SpaceX» rahbari Ilon Mask Yer yuzi aholisining eng kambag‘al yarmi — to‘rt milliarddan ortiq insonga nisbatan ko‘proq boylikka egalik qiladi.

«Oxfam» boylikning siyosiy ta’sirga aylanayotganiga ham e’tibor qaratgan. Misol sifatida Ilon Mask tomonidan «X» ijtimoiy tarmog‘ini sotib olish va «Amazon» asoschisi Jeff Bezosning «The Washington Post» gazetasini xarid qilishi keltiriladi. Tashkilot ijrochi direktori Amitab Behar bu holatni «siyosiy taqchillik» deb atab, uni xavfli va barqaror bo‘lmagan jarayon sifatida baholaydi.

Donald Tramp Davos forumiga AQSH tarixidagi eng yirik delegatsiyalardan biri bilan tashrif buyurishi kutilmoqda. Uning ishtiroki allaqachon noroziliklarga sabab bo‘ldi — Davosda taxminan 300 nafar faol forumni demokratik legitimlikdan yiroq, deb tanqid qildi.

«Oxfam»ning ta’kidlashicha, AQSH korporatsiyalarini 15 foizlik global minimal soliqdan ozod qilish qarorlari ijtimoiy tengsizlik muammosiga e’tibor berilmayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Tashkilot fikricha, boylikning haddan tashqari jamlanishi demokratiyani zaiflashtiradi va dunyo aholisining aksariyati huquqlariga tahdid soladi.

Teglar

Mavzuga oid