add

Elektr energiyasi uchun yangi imtiyozlar, chegara hamkorligi va talabalarga uyini ijaraga berib baraka topganlar — 29-oktyabr dayjesti

29.10.2025 | 22:007194

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Elektr energiyasi uchun yangi imtiyozlar, chegara hamkorligi va talabalarga uyini ijaraga berib baraka topganlar — 29-oktyabr dayjesti

Gazlashmagan uylar uchun elektr energiyasi bo‘yicha imtiyozlar hali ishlab chiqish jarayonida — Energetika vaziri

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning ma’lum qilishicha, gazlashmagan uylar uchun elektr energiyasi bo‘yicha imtiyozli tarif joriy etish rejasi hali ishlab chiqish jarayonida. Loyiha infratuzilma hisob-kitoblarini talab etadi va yil oxirigacha hukumatga taqdim etilishi kutilmoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozir gazsiz hududlardagi ko‘p qavatli uylar elektr energiyasidan 50 foizlik chegirma bilan foydalanish huquqiga ega. Yangi generatsiya quvvatlarining paydo bo‘lishi bilan boshqa hududlarda ham shunday imtiyoz tizimini bosqichma-bosqich joriy etish mumkin bo‘ladi.

Mirzamahmudov tariflar yaqin oylarda oshirilmasligini ta’kidlab, 2026 yil 1 yanvardan imtiyozlar aniq joriy etiladi, degan fikrni rad etdi. Uning aytishicha, kelasi yil may oyida faqat inflyatsiya darajasiga mos indeksatsiya amalga oshiriladi.

Talabalarga uyini ijaraga bergan fuqarolar 9 oyda 44 mlrd so‘mlik soliq imtiyozi oldi

2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonda 584 mingdan ziyod ijara shartnomasi rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, ular bo‘yicha jami 828,7 milliard so‘m soliq hisoblangan. Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, jismoniy shaxslar tuzgan shartnomalar hissasi asosiy ulushni tashkil etib, ular bo‘yicha 625 milliard so‘m daromad solig‘i hisoblangan. Bu o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 9 va 44 foizlik o‘sishni ko‘rsatadi.

Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Joriy yilning 9 oyida 96,3 mingta shunday shartnoma asosida 44 milliard so‘mlik soliq imtiyozi qo‘llanilgan. Bu jarayonda 118 mingga yaqin talaba turar joy bilan ta’minlangan.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, talabalar uchun berilayotgan imtiyozlar ijara bozorida rasmiylashtirish darajasini oshirmoqda va norasmiy kelishuvlarni qisqartirishga xizmat qilmoqda. Mutasaddilar bu orqali bozorda shaffoflik va raqobat muhitini kuchaytirishni maqsad qilgan.

O‘zbek, qirg‘iz va tojik tutash chegaralariga doir qonun loyihasi qabul qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Qayd etilishicha, shartnoma uch davlat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarning jadallashuvi, chegaradosh hududlar iqtisodiy hamkorligining kuchayishi, chegaraoldi savdoning ortishi, chegara hududlarda turli infratuzilmaviy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga mustahkam huquqiy asos bo‘ladi.

“Bu borada uch mamlakat o‘rtasida chegara masalalarining hal etilishi — o‘zaro hurmat, suverenitet, tenglik tamoyillariga asoslangan aynan ushbu ko‘p yillik mashaqqatli mehnat, samimiy muloqot va hamkorlik samarasidir. Ayni damda, ushbu shartnoma butun mintaqaning yaqinlashuvida ham muhim ahamiyat kasb etadi”, deyiladi Qonunchilik palatasi xabarida.

Kuvayt kompaniyasi O‘zbekistonda islomiy bank tashkil etishi mumkin

24 oktyabr kuni vazir o‘rinbosari Shoxrux Gulamov hamda Kuvaytning Noor Financial Investment kompaniyasi delegatsiyasi muqobil investitsiyalar bo‘yicha katta vitse-prezident Abdulla Al-Xouli boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Uchrashuvda islom qoidalariga asoslangan bank tizimini rivojlantirish va Noor Financial Investment ishtirokida O‘zbekistonda yangi islom bankini tashkil etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilgan.

Muzokaralar davomida moliya, sanoat, energetika va infratuzilma sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, Kuvayt tomonining O‘zbekiston hududida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarida ishtiroki masalalari muhokama qilingan.

«Paxtakor» mojaroli o‘yinda 14-marta O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi

Toshkentning «Paxtakor» jamoasi 2025 yilgi O‘zbekiston Kubogi finalida «Buxoro»ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida 14-marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. Bellashuv Andijondagi «Bobur Arena»da bo‘lib o‘tdi va keskin bahs hamda tortishuvli qarorlar bilan yodda qoldi.

O‘yinning yagona golini 63-daqiqada Hojimat Erkinov kiritdi. Bellashuv so‘nggi daqiqalarida «Buxoro» hisobni tenglashtirganday bo‘ldi, ammo hakamlar ofsayd sababli golni bekor qilishdi. Bu qaror «Buxoro» jamoasi va murabbiylar shtabi noroziligiga sabab bo‘lib, maydonda janjal kelib chiqdi.

Shunga qaramay, natija o‘zgarmadi va «Paxtakor» musobaqa g‘olibi sifatida kelasi mavsum Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Bellashuvda bosh hakam Nayim Qosimov bo‘ldi, bosh murabbiy Kamoliddin Tojiyev shogirdlari yana bir bor o‘z kuchini isbotladi.

Teglar

Mavzuga oid