Jurnalistikani qoralash emas, uni mustahkamlash vaqti keldi
Bugun uchrab turgan ayrim salbiy holatlar butun jurnalistikani ayblash uchun asos bo‘la olmaydi. Muammo kasbning o‘zida emas, uning nomi ortida shaxsiy manfaat izlayotganlarda va so‘z erkinligini himoya qiladigan mustahkam institutlar yetishmasligidadir.
Bugun siz bilan o‘zbek jurnalistikasi, oxirgi vaqtlarda uning atrofida paydo bo‘layotgan ba’zi ko‘ngilsiz holatlar va shu holatlar sabab jurnalistika nomini qora qilishga urinayotganlarning xato mantig‘i haqida gaplashamiz.
Ha, bugun media makonda jurnalistika va so‘z erkinligini oson pul topish, boylik orttirish vositasiga aylantirganlar yo‘q emas. Rasmiy ro‘yxatdan o‘tishi bilan pulli murojaat, buyurtma material, hatto bosim va tovlamachilikka o‘tib ketayotgan “nashrlar” ham uchramoqda, afsuski. Buni inkor etib bo‘lmaydi.
Bir paytlar ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishning o‘zi juda mashaqqatli edi. Hozir esa atigi 1 BHM — 412 ming so‘m bilan rasmiy davlat ro‘yxatidan o‘tish mumkin. Albatta, bu — axborot maydoni ochiqligi nuqtai nazaridan ijobiy qadam. Ammo ayrimlar aynan shu imkoniyatni kasb mas’uliyati emas, shaxsiy manfaat vositasi sifatida ko‘ra boshlayotgani muammoning ildizidir.
Lekin baribir unutmaslik kerak, bu kabi holatlar butun jurnalistika maydoniga hukm chiqarish uchun asos bo‘la olmaydi. Aslo.
Jurnalistika — savdo emas. Jurnalistika jamiyat bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prik, insonlarni haqiqat bilan ta’minlaydigan institut. Bu sohada halollik, faktga sodiqlik va professional mas’uliyat asosiy mezon bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
Endi ikkinchi haqiqatga to‘xtalsam. Bugun deyarli barcha milliy nashrlar, u xoh yirik internet sayt bo‘ladimi, gazeta-jurnalmi, radio yoki xoh teletahririyat bo‘ladimi — iqtisodiy og‘ir ahvolda ishlayapti. Reklama bozori torligi, turli axborot kanallari ko‘payib, raqobat kuchayib borishi, mediani rag‘batlantiradigan demokratik fondlarning yetishmasligi, xalqaro grant yo‘llarining yopiqligi, shuningdek, reklama bozoriga bevosita va bilvosita ta’sir o‘tkazayotgan so‘z erkinligi bilan bog‘liq murakkabliklar bunga sabab bo‘lmoqda. Lekin ko‘plab milliy nashrlarimiz shunday qiyin vaziyatda ham jurnalistika qoidalariga og‘ishmay ishlashmoqdaki, aynan shu yondashuv jurnalistika sha’nini saqlab turibdi. Bu — fikrimcha, katta qahramonlik ham aslida.
Demak, muammo jurnalistikada emas. Muammo jurnalistika, jurnalist niqobini kiyib yurgan ba’zi manfaatparast shaxslarda, ularning yondashuvida. Shaxsiy foyda uchun kasb obro‘sini sotish bilan prinsipial, axloqiy me’yorga tayangan jurnalistni bir taroziga solish adolatdan emas, do‘stlar.
Shu bois kasb ichidagi illatni ro‘kach qilib jurnalistikani obro‘sizlantirish — aslida haqiqatni himoyasiz qoldirish bilan barobar. Chunki haqiqat himoyasiz qolgan jamiyatda na adolat mustahkam bo‘ladi, na ishonch. Shuning uchun jurnalistika va so‘z erkinligini himoya qilish bir kasbni yo uning vakilini emas, jamiyatning o‘zini himoya qilishdir.
Xulosa
Mediani qiynayotgan muammo va masalalarni aytdim. Keling, endi videoga mantiqiy xulosa bo‘lishi uchun nima qilsak, bu muammolar yechim topishi, media haqiqiy kuchga aylanib, yuqoridagi kabi holatlar takrorlanmasligi haqida ham biroz gaplashsak.
Avvalo so‘z erkinligi shaxslar bilan ham, qandaydir kuchlar bilan ham emas, qonunlar bilan himoya qilinishi shart. Bu qonunlarni amalda ta’minlash uchun esa o‘z navbatida mustahkam va mas’uliyatli institutlar bo‘lishi lozim. Hozir mamlakatda bunday institutlar qariyb yo‘q.
Jurnalistlar o‘z faoliyatida erkin va xavfsiz ishlay olishlari uchun, shuningdek, kasbiy uyushmalar prinsipial va faol bo‘lishi kerak. Jurnalistlarning bugungi uyushmasi haqida gapirmay qo‘yaveraylik, ular nima ish qilayotganini hatto o‘zlari ham bilmasa kerak.
OAVni qo‘llaydigan mahalliy va xalqaro fondlar soni ko‘paytirilishi, ularning ishi ochiq va hisobdor bo‘lishi zarur. Bizda bu borada muammolar juda katta, ishoning. Hozirgi vaziyat faqat taqiq va o‘stirmaslik qonuniyatiga asoslangandek.
Firibgarlar va manfaatparastlarga odamlar ishonib qolmasligi uchun sudlar mustaqil va odil bo‘lishi shart. Prokuratura va mahalliy hokimliklar faoliyatni qonun asosida to‘g‘ri tashkil qilishi kerak. Shular to‘g‘ri ishlasa, ishoning, jurnalist qiyofasidagi firibgarlarga ham ehtiyoj bo‘lmaydi.
Yaqinda huquqbon Abdurahmon Tashanov ta’kidlaganidek, masalan, bugungi Amerikada murojaatини yoritish evaziga uning egasidan pul oladigan bizning ba’zi блогерларга umuman ҳожат yo‘q. Chunki, AQSHda uning murojaatini eshitib, adolatli hal qilib beradigan tizimlar ishlaydi. Mantiq — shu yerda aslida.
Albatta, davlat ham har narsaga jig‘ibiyroni chiqaveradigan, sirkasi suv ko‘tarmaydigan, asabiy ota qiyofasida emas, so‘z erkinligiga toqatli, liberal va mas’uliyatli bo‘lib, jurnalistlar va jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirishi kerak.
Har bir muammo va nizo davlat tomonidan qonun doirasida, tizimli va birgalikda yechilishi lozim.
Salomat bo‘ling.
Ilyos Safarov, Vaqt.uz muxbiri
Teglar






