add

Keskin arzonlagan oltin, prezident Bryusselda imzolaydigan o‘ta muhim bitim va Toshkentda oshgan ijara narxlari — 22 oktyabr dayjesti

22.10.2025 | 22:003063

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Keskin arzonlagan oltin, prezident Bryusselda imzolaydigan o‘ta muhim bitim va Toshkentda oshgan ijara narxlari — 22 oktyabr dayjesti

Oltin narxi keskin tushib, 6 foizga arzonlashdi

Nyu York tovar birjasi (COMEX) ma’lumotlariga ko‘ra, 21 oktyabr savdolarida oltin narxi 6 foizga pasayib, bir troy unsiyasi uchun 4100 dollarni tashkil etdi. Bu 2013 yildan buyon kuzatilgan eng katta bir kunlik pasayishdir.

Kumush narxi ham arzonlashdi, «Newmont» kabi yirik kon kompaniyalari aksiyalari keskin tushdi. Bloomberg agentligi yozishicha, bu holat asosan investorlarning foyda olish maqsadida oltin sotishi bilan bog‘liq.

O‘zbekistonda aloqa operatorlari soxta raqamlardan qo‘ng‘iroqlarni bloklay boshladi

O‘zbekistonda mobil operatorlar telefon firibgarligiga qarshi «anti-spoofing» (antispufing) tizimini joriy etdi. Bu texnologiya Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida ishlab chiqilgan bo‘lib, soxta raqamlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlarni avtomatik bloklaydi. Beeline 17 oktyabrda, Mobiuz esa 21 oktyabrda tizimni ishga tushirganini ma’lum qildi. Barcha abonentlarda u avtomatik ishlaydi va bepul hisoblanadi.

Tizim raqamning haqiqiyligini tekshirib, «998» prefiksi bilan soxtalashtirilgan yoki xorijdan kelayotgan firibgar qo‘ng‘iroqlarni bloklaydi. Shu bilan birga, robotli va rouming orqali amalga oshirilgan soxta qo‘ng‘iroqlar ham avtomatik rad etiladi. Yangi tizim mamlakatda kiberxavfsizlikni kuchaytirish va raqamli muhitda ishonchli aloqani ta’minlashga qaratilgan.

O‘zbekiston tashqi savdosi 9 oyda 23 foizga oshdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 59,8 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 11,1 milliard dollarga yoki 22,9 foizga ko‘pdir.

Shu davrda eksport hajmi 26,68 milliard dollarni tashkil etdi va 33,3 foizga o‘sdi. Import esa 33,11 milliard dollarga yetib, 15,6 foizga oshdi. Natijada tashqi savdo saldosi 6,43 milliard dollar manfiy bo‘ldi. O‘zbekiston hozirda 206 davlat bilan savdo aloqalarini amalga oshirmoqda.

Sentyabr oyida Toshkentda uy-joy ijarasi narxi oshdi — ITIM

Sentyabr oyida Toshkentda uy-joy ijarasi narxi o‘sdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara bahosi 8,5 dollarga yetdi. Eng qimmat ijaralar Mirabod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ijara baholari 1,4 foizga oshgan, ayniqsa Yunusobod, Olmazor va Mirabod tumanlarida o‘sish 4,4 foizga yetgan.

Ikkilamchi bozorda sentyabr oyida uy-joy narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshdi, yillik hisobda esa 4,6 foiz o‘sish kuzatildi. Birlamchi bozorda narxlar 3 foizga ko‘tarildi. ITIM ma’lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni ham 13,7 foizga oshgan bo‘lib, ko‘chmas mulk bozorida umumiy o‘sish tendensiyasi saqlanib qolmoqda.

Mirziyoyev Bryusselda necha kun bo‘lishi aytildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23-24 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bryussel shahrida bo‘ladi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid