
O‘zbekistonda sudlar raqamlashmoqda: Prezident farmonida qanday yangiliklar aks etgan?
22.08.2025 | 10:30475014
21 avgust kuni «Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni imzolandi.

Farmondan ko‘zlangan maqsad — aqlli texnologiyalarni qo‘llash orqali odamlarning suddagi shaxsiy ishtirokini maksimal kamaytirish, qog‘ozbozlik va inson omilini qisqartishish orqali fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish.
bugungi kunda mamlakatimiz sud amaliyotida bir qator muammolar mavjud bo‘lib, ular fuqarolarning sud tizimidan foydalanishda bir qator to‘siqlarga duch kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Birinchidan, sud jarayonlariga murojaat qilishda yuzaga keladigan byurokratik to‘siqlar. Masalan, sudga ariza topshirish uchun fuqarolar hujjatlarni to‘plash, ularni notarial tasdiqdan o‘tkazish va rasmiylashtirishga majbur bo‘ladi. Bu jarayon ayniqsa yuridik bilimga ega bo‘lmagan oddiy fuqarolar uchun juda murakkabdir.
Ikkinchidan, sud ishlarining ko‘pincha uzoqqa cho‘zilishi, qarorlarning kechikishi va ma’lumotlarning shaffof emasligi fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi.
Uchinchidan, sud jarayonlarida ishtirok etishning an’anaviy usullari saqlanib qolgan bo‘lib, bu fuqarolarning vaqti va imkoniyatlarining ortiqcha sarflanishiga olib keladi.
Masalan, sud majlislariga shaxsan kelish, uzoq navbatlarda kutish va murakkab rasmiyatchiliklardan o‘tish oddiy fuqarolar uchun katta ovoragarchilik tug‘diradi. Bu muammolar nafaqat fuqarolarning qonuniy huquqlarini amalga oshirish imkoniyatlarini cheklaydi, balki ularning davlat institutiga bo‘lgan ishonchini ham kamaytiradi.
Yuqoridagi muammolarni hal qilish va sud-huquq tizimining samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalar, xususan sun’iy intellekt va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini kengroq joriy etish zarur. Ushbu texnologiyalar sud jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va fuqarolar uchun qulayliklar yaratish imkonini beradi.
Sun’iy intellektga asoslangan aqlli tizimlar orqali arizalarni elektron tarzda qabul qilish, hujjatlarni avtomatlashtirilgan tarzda ko‘rib chiqish va sud qarorlarining shaffofligini oshiradi.
Prezident imzolagan Farmon tahlil qilinadigan bo‘lsa, mamlakatimizda «Raqamli sud» konsepsiyasi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bunda, 2025 yil yakuniga qadar tajriba tariqasida Toshkent shahrida barcha raqamli imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgan zamonaviy sud zallari tashkil etiladi. Tajriba natijalari asosida konsepsiya 2026–27 yillarda bosqichma-bosqich respublikaning barcha sudlarda tatbiq etiladi
Bundan tashqari, fuqarolar va tadbirkorlarga qulayliklar yaratish hamda sud ishlarini ko‘rishni soddalashtirish maqsadida bir qator choralar belgilanmoqda. Jumladan, endilikda murojaatlar sudga faqatgina elektron shaklda yuboriladi va sud ishlari to‘liq elektron tarzda yuritiladi.
Misol uchun, oldinlari aksariyat hollarda fuqarolar va tadbirkorlar sudga ariza yoki da’vo arizasini qog‘oz shaklda, sud devonxonasiga shaxsan borib topshirardi. Bu esa ortiqcha vaqt va xarajatlar deganidir.
Yana bir muhim qulaylik — ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi. Bungacha sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etish uchun sud ishida raislik qiluvchining ruxsati kerak bo‘lgan.
Endi sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi. Oldinlari bu jarayonda inson omili kuchli bo‘lgan. Bu yangi tartib tizimda korrupsiya holatlarini keskin qisqartirishga yordam beradi.
Boshqa bir muhim yangilik — sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantirish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Ya’ni sud jarayoni boshlanmasdan oldin uning taxminiy natijasini bilish imkoniyati yaratilmoqda.
Bundan tashqari, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi, sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi. Sud hujjatlari loyihalari ham avtomatik shakllantiriladi.
Hujjatda sud sohasini raqamlashtirishning istiqboldagi rejalari ham belgilangan. Jumladan, 2025–27 yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi tasdiqlandi va unda quyidagilar nazarda tutildi:
- 2025 yil 1 dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish;
- 2025 yil yakuniga qadar sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini yaratish;
- 2026 yil 1 yanvardan boshlab my.sud.uz interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlarini avtomatik yetkazish;
- 2026 yil 1 martdan boshlab fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyatini yaratish;
- 2026 yil yakuniga qadar fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi «Shaxsiy kabinet» platformasining foydalanuvchilar uchun sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan va yanada qulay bo‘lgan yangi versiyasini ishlab chiqish.
- sanksiyalar va majburlov choralari bo‘yicha sudlarga kiritiladigan iltimosnomalarni elektron shaklda yuritish maqsadida Oliy sud axborot tizimlari bilan tergov organlarining axborot tizimlari o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi;
- sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik uchun qo‘llanilgan barcha jarimalarni onlayn kuzatish, ularning to‘lov muddatlari haqida ogohlantirish va to‘lovlarni elektron amalga oshirish imkonini beruvchi mobil dastur ishlab chiqiladi;
- sudda ishtirok etuvchi shaxslardan ortiqcha ma’lumotlar talab etilishiga chek qo‘yish maqsadida «Raqamli hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida mavjud ma’lumotlarni sudlarning axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilish choralari ko‘riladi;
- 2025 yil 1 oktyabrga qadar ma’muriy jazo qo‘llash vakolatiga ega vazirlik va idoralar tomonidan ma’muriy ish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha hujjatlarni Ichki ishlar vazirligining E-ma’muriy ish axborot tizimi orqali sudlarga to‘liq elektron shaklda taqdim etib borish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.





